Qidirish

17:46 / 2023-01-19 196 0 Hodisalar

Navoiyda Tojikistondan keltirilgan qariyb 5 kg narkotik modda musodara qilindi – DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish doirasida Navoiy viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda koʻp bosqichli tezkor tadbir oʻtkazildi.

world-news

Dastlab Karmana tumanida joylashgan “Samarqand muntazam” YPX maskanida “Spark” rusumli avtomashina toʻxtatilib tekshirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Urganch tumanida yashovchi, 1999-y.t., muqaddam sudlangan A.B.ning yonida 992 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Tezkor surishtiruv harakatlari davomida u narkotik moddani Urgut tumanida istiqomat qiluvchi, 1996-y.t., muqaddam sudlangan T.M.dan sotib olganligi maʼlum boʻlib, u ham qoʻlga olingan.

Oʻz navbatida ushbu narkosavdogar ajal ogʻusini Samarqand shahrida yashovchi fuqarolardan xarid qilganligi aniqlandi va uning ishtirokida nazorat ostida olish tezkor-qidiruv tadbiri oʻtkazildi.

Jumladan, Samarqand shahrida yashovchi, 1991-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan ayol X.X. va uning turmush oʻrtogʻi, 1982-y.t. X.F. 2 kg 966 gr. “gashish” moddasini 21 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtlarida ushlandi.

Bundan tashqari, tezkor tadbir davomida Bulungʻur tumanida yashovchi, 1985-y.t. X.M. ham 954 gr. “opiy” moddasini Samarqand shahrida sotayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Taʼkidlash lozimki, ushbu giyohvandlik vositalari Tojikiston Respublikasidan kontrabanda yoʻli bilan keltirilgan. Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish