Qidirish

01:03 / 2023-01-19 370 0 Siyosat

Prezident sudlar faoliyatiga doir yangi farmonni imzoladi

Oʻzbekistona odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida Prezident farmoni imzolandi.

world-news

Soʻnggi yillarda amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari sud hokimiyati mustaqilligini hamda sudlar faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni taʼminlash bilan bir qatorda fuqaro va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish imkonini berdi.

Shu bilan birga “Yangi Oʻzbekiston – yangi sud” tamoyili doirasida aholining odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish sud-huquq tizimini isloh qilishni jadallashtirishni, sohaga ilgʻor xalqaro standartlarni joriy etishni talab etmoqda.

2022 – 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida belgilangan vazifalarga muvofiq, shuningdek, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini taʼminlash, sudlar faoliyati samaradorligi va odil sudlov sifatini oshirish maqsadida:

1. 2023 – 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasi (keyingi oʻrinlarda – Strategiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Strategiya doirasida quyidagilar odil sudlovni taʼminlashning ustuvor vazifalari etib belgilansin:

“Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida chinakam adolatli sud tizimini shakllantirish hamda uning faoliyatini xalq manfaati va inson qadr-qimmatini samarali himoya qilishga yoʻnaltirish;

adolatli sud qarorlari qabul qilinishiga erishish orqali xalqning, shu jumladan, tadbirkorlarning sud tizimiga boʻlgan ishonchini mustahkamlash, har bir shaxs sud va sudyalar siymosida oʻzining ishonchli himoyachisini koʻrishiga erishish;

fuqarolar hamda tadbirkorlarga oʻz huquq va qonuniy manfaatlarini sudlarda himoya qila olishi uchun barcha imkoniyatlarni yaratish, sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda taʼminlashga qaratilgan qonunchilikni takomillashtirish;

sudlar faoliyatini toʻliq raqamlashtirish, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, idoralararo elektron maʼlumot almashinuvini yaxshilash, sud majlislarida masofadan turib ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish;

sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish boʻyicha samarali mexanizmlarni ishlab chiqish;

sud qarorlarining qatʼiy ijrosini taʼminlash, bu borada davlat organlari va mahalliy hokimliklarning masʼuliyatini oshirish;

sudyalar va sud xodimlarida yuksak muomala madaniyatini shakllantirish orqali sudga murojaat qilgan har bir fuqaro va tadbirkorda suddan, pirovardida esa davlatdan rozilik hissini uygʻotish.

2. 2023 – 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishning qisqa muddatli strategiyasini amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturi (keyingi oʻrinlarda – Harakatlar dasturi) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Oliy sud (B.Islamov), Sudyalar oliy kengashi (X.Yodgorov), Bosh prokuror (N.Yoʻldoshev), shuningdek, masʼul vazirlik va idoralar rahbarlari Harakatlar dasturida nazarda tutilgan tadbirlarning oʻz vaqtida va toʻliq bajarilishi uchun shaxsan masʼul etib belgilansin.

3. Oliy sud tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi bilan birgalikda jinoyat ishlari boʻyicha sud qarorlari qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinganligini tekshirishning fuqarolarga qulay va soddalashtirilgan tartibini yaratish maqsadida quyidagilarni joriy etishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin:

tumanlararo, tuman, shahar sudlari tomonidan birinchi instansiyada koʻrilgan ishlarni viloyat va unga tenglashtirilgan sudlarda apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida qayta koʻrib chiqish;

viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan apellyatsiya yoki kassatsiya tartibida koʻrilgan ishlarni mazkur sudlarda taftish tartibida qayta koʻrib chiqish;

viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar tomonidan taftish tartibida koʻrilgan ishlarni Oliy sudning sudlov hayʼatlarida taftish tartibida qayta koʻrib chiqish;

yuqori instansiya sudlari tomonidan ishni yangidan koʻrish uchun quyi sudlarga yuborish tartibini bekor qilish va ularga ish boʻyicha yakuniy qaror qabul qilish masʼuliyatini yuklash.

Oliy sud (B.Islamov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda taklif etilayotgan yangi tartibni amaliyotga oʻz vaqtida va samarali joriy etish hamda uning mazmun-mohiyatini aholiga batafsil tushuntirish boʻyicha zarur tashkiliy choralarni koʻrsin.

4. Sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlash maqsadida ularning ishiga har qanday aralashuv qatʼiy jazolanishi, sudyalarning xavotirsiz ishlashi uchun davlat tomonidan barcha sharoitlar yaratilishi qayd etilsin.

Sudning mustaqilligi va sudyalar daxlsizligini taʼminlashni kuchaytirish boʻyicha quyidagi choralar belgilansin:

sudga hurmatsizlik qilish holatlarini oldini olishning samarali mexanizmlarini ishlab chiqish, buning uchun maʼmuriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash;

sud ishlarini hal etishga aralashganlik va sud hujjatini ijro etmaganlik uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish, shuningdek, sud hujjatlarining ijro etilishini taʼminlashga qaratilgan taʼsirchan mexanizmlarni joriy etish;

odil sudlovni amalga oshirish faoliyatiga aralashganlikka oid har bir jinoyat ishi yakuni boʻyicha jamoatchilikni ommaviy axborot vositalari orqali majburiy ravishda xabardor qilish tartibini joriy etish;

sudyaga nisbatan turar joy daxlsizligiga, yozishmalar, telefon orqali soʻzlashuvlar va boshqa soʻzlashuvlar, aloqa tarmoqlari orqali uzatiladigan pochta, kuryerlik joʻnatmalari va telegraf xabarlarining sir saqlanishiga boʻlgan huquqlarni cheklovchi, shuningdek, abonentlar yoki abonent qurilmalari oʻrtasidagi bogʻlanishlar toʻgʻrisidagi axborotni olishdan iborat tezkor-qidiruv tadbirlarining oʻtkazilishiga faqat Bosh prokurorning sanksiyasi asosida yoʻl qoʻyilishini belgilash;

jismoniy va yuridik shaxslarning protsessual xarakterga ega boʻlmagan, huquqiy tushuntirish berish borasidagi masalalar boʻyicha murojaatlarini adliya organlari tomonidan koʻrib chiqish amaliyotini yoʻlga qoʻyish.

Oliy sud (B.Islamov), Sudyalar oliy kengashi (X.Yodgorov) manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda mazkur bandda nazarda tutilgan choralarni amalga oshirish boʻyicha qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

5. Bosh prokuratura hamda Oliy sudning barcha bosqichlardagi sud ishlarini yuritishda tortishuv va taraflarning tengligi tamoyillarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarish, sudlarning xolisligini amalda taʼminlashga qaratilgan yangi mexanizmni joriy etish boʻyicha takliflari maʼqullansin, unga koʻra:

a) quyidagilar Odil sudlovni amalga oshirishga koʻmaklashish boʻyicha ixtisoslashgan prokurorlar korpusi (keyingi oʻrinlarda – Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi) etib belgilansin:

Bosh prokuraturaning jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boshqarmalari;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar prokuraturalarining jinoiy, fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlarini yuritishda prokuror vakolatini taʼminlash boʻyicha tegishli boʻlim va tarmoqlari;

tuman (shahar) prokurorlarining mazkur yoʻnalishlar boʻyicha tegishli oʻrinbosari va yordamchilari;

b) Bosh prokurorning sohaviy oʻrinbosariga – Bosh prokuratura, shuningdek, quyi turuvchi prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining, viloyat prokurorining va unga tenglashtirilgan prokurorlarning oʻrinbosarlariga – Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar va ularga tenglashtirilgan prokuraturalar, shuningdek, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining faoliyatini nazorat qilib, muvofiqlashtirib borish masʼuliyati yuklatilsin.

6. Quyidagilar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusining asosiy vazifalari etib belgilansin:

“Prokuratura toʻgʻrisida”gi Qonun hamda protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda sudlarda ishlarni koʻrishda prokuror vakolatini taʼminlash;

sud protsessining boshqa ishtirokchilari bilan teng huquqlardan foydalangan holda odil sudlov faoliyatining samarali amalga oshirilishiga koʻmaklashish, jinoyat ishlari boʻyicha sudlarda davlat ayblovini faqat qonunga asoslanib, xolislikni saqlagan holda sifatli qoʻllab-quvvatlash;

fuqarolar va yuridik shaxslarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari sud yoʻli bilan samarali himoya qilinishiga erishish;

sud amaliyotidan kelib chiqqan holda surishtiruv va tergov organlari xodimlarining amaliy koʻnikmalari hamda malakasini oshirish ishlariga koʻmaklashish.

7. Belgilab qoʻyilsinki:

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari oʻz vakolatlarini har qanday organ va mansabdor shaxsdan mustaqil ravishda, faqat qonunga boʻysunib amalga oshiradi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollardan tashqari ularning sudda ishtiroki bilan bogʻliq faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yoʻl qoʻyilmaydi;

viloyat va unga tenglashtirilgan prokuraturalar Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga tuman (shahar) prokuraturalarining tegishli yoʻnalishlarida, qoida tariqasida, kamida uch yil, Bosh prokuratura Ixtisoslashgan prokurorlar korpusiga esa, qoida tariqasida, kamida besh yil faoliyat yuritgan xodimlar jalb qilinadi;

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari, qoida tariqasida, sudlarda prokuror vakolatini taʼminlash sohasida uzluksiz uch yil xizmat oʻtaganidan soʻng boshqa yoʻnalishlarga oʻtkazilishi mumkin;

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini boshqa yoʻnalishlarga oʻtkazish Bosh prokuror sohaviy oʻrinbosarining roziligi asosida amalga oshiriladi.

8. Belgilansinki, Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatining natijadorligini taʼminlash maqsadida:

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimi sudlarda koʻrilayotgan ishlar boʻyicha ayblovni (fuqaroviy daʼvoni) qoʻllab-quvvatlash, oʻzgartirish yoki undan voz kechish, shu jumladan, Jinoyat kodeksi normalarini qoʻllash, jazo turi va meʼyorini belgilash masalalari yuzasidan fikrini sudga bayon qilishda mustaqil boʻlib, qonun talablariga va ishning barcha holatlaridan kelib chiqqan holda oʻz ishonchiga asoslanadi;

har bir hududda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokuraturalari hamda tegishli tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari va boshqa yoʻnalishlarda uzoq yillar faoliyat koʻrsatgan tajribali xodimlardan iborat Maslahat kengashlari tashkil etiladi;

Maslahat kengashlari oʻzaro muhokama asosida oʻta murakkab toifadagi ishlarning yechimini topish, yosh kadrlarni toʻgʻri yoʻnaltirish va ularning amaliy koʻnikmalarini rivojlantirish ishlariga koʻmaklashadi;

Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyati uchun masʼul oʻrinbosarlariga tegishincha viloyat, tuman (shahar) prokuraturalari Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlarini hududdagi viloyat, tumanlararo, tuman (shahar) sudlaridagi ish hajmini inobatga olgan holda ixtisosligi boʻyicha jalb qilishga ruxsat beriladi.

9. Bosh prokuror (N.Yoʻldoshev) bir oy muddatda:

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusini tajribali, belgilangan vazifalarni samarali amalga oshirishga qodir, prokuratura organlarida benuqson obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan professional kadrlar orasidan shakllantirish choralarini koʻrsin;

Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishni, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlarining boshqa yoʻnalishlar boʻyicha oʻrinbosarlari va xodimlari, tuman (shahar) prokurorlari hamda ularning boshqa yoʻnalishlarga masʼul oʻrinbosarlari va xodimlari tomonidan Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi faoliyatida noxolislikni keltirib chiqarishi mumkin boʻlgan har qanday taʼsir va aralashuvlarning oldini olishga qaratilgan taʼsirchan mexanizmlarni nazarda tutuvchi ichki tartibni ishlab chiqsin va tasdiqlasin;

Oliy sud va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda Ixtisoslashgan prokurorlar korpusi xodimlari vakolatlarini belgilash va faoliyatini tashkil etish choralarini nazarda tutuvchi qonunchilik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin.

10. Sud tizimi oldida turgan dolzarb vazifalarning samarali amalga oshirilishini taʼminlash maqsadida Oliy sud tuzilmasi mavjud shtat birliklari doirasida quyidagilarni inobatga olgan holda takomillashtirilsin:

a) Sud-huquq sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish boshqarmasi negizida Odil sudlov sohasidagi qonunchilikni tahlil qilish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

odil sudlov sohasida huquq ijodkorligi faoliyatini amalga oshirish;

sud faoliyati sohasidagi qonunchilikni hamda odil sudlov muammolarini tizimli tahlil qilish, sud-huquq sohasidagi qonunchilikni, sud amaliyoti va sud ish yurituvi tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

odil sudlov samaradorligini ilgʻor xorijiy tajriba va zamonaviy rivojlanish tendensiyalari asosida tahlil qilish;

odil sudlov sohasiga oid xalqaro reyting va indekslarda Oʻzbekiston Respublikasining oʻrnini yaxshilash boʻyicha tizimli va izchil choralar koʻrish;

fuqarolik, jinoyat, iqtisodiy va maʼmuriy qonunchilik, sudlarning mustaqilligini taʼminlash sohasida xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalarini oʻrganish, ularni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;

b) Axborot-kommunikatsiya monitoringi – Vaziyatlar markazi tashkil etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:

respublika boʻyicha barcha sudlarda ishlarni koʻrish bilan bogʻliq vaziyatni onlayn tahlil qilish, sudlarda aholining murojaatlari bilan ishlash hamda ishlarni koʻrishda protsessual tartib va muddatlarga rioya etilishini monitoring qilib borish;

ishlarni viloyat, tuman (shahar), mahalla kesimida toifalarga ajratgan holda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni tahlil qilish, aholining huquqiy madaniyatini oshirish, nizolarni bartaraf etishga qaratilgan maʼlumotlarni tayyorlash;

sud majlislari oʻz vaqtida oʻtkazilishini, server uskunalari va dasturlarning ishlash holatini doimiy nazorat qilish;

v) Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan hamkorlik boshqarmasi negizida Jamoatchilik bilan hamkorlik markazi (keyingi oʻrinlarda – PR Markaz) tashkil etilsin va uning, shuningdek, viloyat va unga tenglashtirilgan sudlar matbuot xizmatlarining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirish va ilgari surish;

sud faoliyati haqida ommaviy axborot vositalari, ijtimoiy tarmoqlar, shuningdek, boshqa axborot resurslari orqali, shu jumladan, matbuot anjumanlari, brifinglar, mediaturlar tashkil etish yoʻli bilan aholiga muntazam, toʻliq va tezkor ravishda axborot taqdim etib borish;

axborot makonining doimiy monitoringini olib borish, sudlar faoliyatiga doir axborotlar boʻyicha jamoatchilik fikrini tahlil va prognoz qilish, tanqidiy va keng muhokama qilinayotgan materiallarga, axborot xurujlariga tezkor munosabat bildirish;

sudning rasmiy veb-saytlarida uning faoliyatiga aloqador matnli, foto-, audio- va videomateriallardan iborat maʼlumotlar bazasini shakllantirish va yangilab borish.

11. Oliy sud Konstitutsiyaviy sud, Sudyalar oliy kengashi va Oʻzbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasi bilan birgalikda ikki oy muddatda 2023 – 2026-yillarga moʻljallangan sud tizimining axborot siyosati konsepsiyasini ishlab chiqsin va tasdiqlasin.

12. Oʻzbekiston Sudyalari Assotsiatsiyasiga aholi orasida sud hokimiyatining ijobiy timsolini shakllantirishda faol ishtirok etishini taʼminlash maqsadida quyidagilar tavsiya etilsin:

ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda sudyalar faoliyati boʻyicha qonunga xilof va asossiz eʼlon qilingan har bir holatga sud hokimiyatining faxriylari tomonidan obyektiv ravishda
va tezkorlik bilan munosabat bildirib borish;

sudyalar va sud hokimiyatining huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalari yuzasidan sudlarga murojaat qilish.

13. Oliy sud uch oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida takliflar kiritsin.

14. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga masʼul va shaxsiy javobgar etib Oliy sud raisi B.Islamov hamda Bosh prokuror N.Yoʻldoshev belgilansin.

Farmon ijrosini nazorat qilish va ijro uchun masʼul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari S.U. Umurzakov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.MIRZIYOYEV

Toshkent shahri, 2023-yil 16-yanvar

Izohlar 0

Fikr bildirish