Qidirish

20:57 / 2023-01-14 569 0 Hodisalar

“Prezidentdan kechirim soʻrashga yuzim chidamaydi” – Qoraqalpoq voqealarida sudlanayotgan jurnalist Lolagul Kallixanova tinch xalqni buzgʻunchilikka boshlaganini tan oldi

Joriy yilning 1−2-iyul kunlari Nukusda sodir boʻlgan voqealar yuzasidan 28-noyabrda boshlangan sudda tergov jarayoni yakunlandi. “Gazeta.uz” muxbiri xabar berishicha, shundan soʻng muzokaralar boshlanib, davlat ayblovchisi suddan gumondorlarga maʼlum jazolarni, shu jumladan, jurnalist Lolagul Kallixanovaga 11 yil qamoq jazosini berishni soʻragan.

Advokatlar chiqishidan keyin sudlanuvchilarga ham himoya uchun soʻz berildi. Makan.uz internet-nashri maʼmuri Lolagul Kallixanova qilgan qilmishimdan chin koʻngildan pushaymon ekanligi, soʻnggi “oʻylamay qilgan” videomurojaati, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar sabab tinch xalqni buzgʻunchilikka boshlaganini tushunib yetganini qayd etdi.

«Hurmatli sud qatnashuvchilari, qilgan qilmishimdan chin koʻngildan pushaymon ekanligimni bildiraman. Men oʻzimning soʻnggi oʻylamay qilgan videomurojaatim, Makan.uz sayti orqali chiqarilgan materiallar orqali tinch xalqni buzgʻunchilikka boshlaganimni, shuncha odamning umriga zomin boʻlganimni, qanchadan-qancha odam qamalganini yana tergovga olib kelinganini anglab yetdim.

Men Oʻzbekistondan shu kungacha ozodlikda ham, hatto qamoqda yotganimda ham faqatgina gʻamxoʻrlik koʻrdim. Hech qachon yomonlik koʻrmadim. Tergov jarayonida ham men bilan insoniy munosabatda boʻlishdi. Biroq, qamalayotganimda juda koʻp yomon narsalarni kutgandim.

Oʻzimning fikrim yomon boʻlgani ortidan davlatdan yomonlik kutganimdan, xalqimga zarar yetkazganimdan juda uyatliman. Tergovda xolimdan xabar olinishi bu faqat odamgarchilikning belgisidir. Shu oʻrinda bunday ishlarning amalga oshirilishiga (tergov jarayonidagi insoniy munosabatlar nazarda tutilmoqda — tahr.) boshchilik qilayotgan rahbarlarga, hurmatli prezidentimizga mingdan ming rahmat aytaman», — dedi sudlanuvchi.

Lolagul Kallixanova shuningdek, “bu holatlar uchun davlat rahbaridan kechirim soʻray olmayman, bunga yuzim chidamaydi” deya taʼkidladi.

«Kecha Joʻqorgʻi Kenges raisi kelganda ham aytgandim, sudlanuvchilar orasida 1998-yilda tugʻilgan bola ham bor. U 25 yoshga chiqqani bilan baribir men uchun yosh boladay. Bizlarga oʻxshagan odamlarga ergashib ketgani oʻzining qatʼiy bir fikri boʻlmaganini anglatadi. U bola Toshkentda ishlab yurgan joyidan tungi soat 02:00 da qaytib kelib, hatto uyiga bormay, toʻgʻri namoyishlarga qoʻshilib ketgan. Bu faqat bitta misol. Bunga oʻxshagan qancha misollar bor yana? Unga oʻxshagan qancha bola ketdi yana? Qanchadan-qancha oila barbod boʻldi. Ertalab uyidan bozorga, ishga, oʻqishga ketdim deb ketib qaytib kelmagan 19 nafar odamning oʻlimi, shu voqealar sabab bir necha yuzlab odamlarning 6 oylab qamoqda oʻtirishiga men sababchi boʻlgan boʻlsam, men jazoga loyiqman, rosti», — dedi jurnalist.

“Misol uchun oʻsha 1998-yilda tugʻilgan yigit ortimda oʻtiribdi. Seydabulla Medetov degan yigit Makan.uzʻdan olib, nusxalab bosgan soʻzlari boshiga balo boʻlib turibdi. 8−5 yil qamoq soʻralyapti. Shularning barchasiga men sababchiman. Xalqning oldiga chiqib gapiradigan odam aytadigan soʻzini 7-marta emas, 70-marta oʻylanib gapirishi kerak ekanligini endi tushinib yetyapman. Bu juda oʻkinchli holat”, — deya qayd etdi ayblanuvchi.

“Sudning birinchi kunida ham bu soʻzlarimni aytgandim. Men allaqachon vijdonim oldidagi bir umrlik sudda javob berishga mahkumman. Men oʻzim himoya qilmoqchi boʻlgan Vatanimga, xalqim boshiga shu kunlarni solganim uchun oʻzimni aybdor deb bilaman. Shuning uchun hurmatli raislik qiluvchi, siz men qilgan jinoyatga qanday jazo bersangiz ham, Jinoyat kodeksida qanday javobgarlik boʻlsa ham roziman. Men bilan sudlanayotganlarga qamoq bilan bogʻliq boʻlmagan jazo bersangiz. Ular uchun ham [oʻzim] qamoqda oʻtirib berishga roziman”, — dedi Lolagul Kallixanova.

Uning soʻzlariga koʻra, boshqa sudlanuvchilar dastlabki tergovda Lolagul ayol kishi boʻlgani bois tanimasligini aytishgan.

“Menimcha, ular mening ayol kishi boʻlganim uchun meni sotmagan. Menga qarshi koʻrsatma bermagan. Bunga yigitlik or-nomusi yoʻl qoʻymagan. Aslida esa ularning koʻpchiligi Makan.uzʻdagi videomurojaatim sabab voqealarga aralashib qolgan”, — dedi u.

Gumondor “bular sud oldida emas, balki vijdoni oldida aytmoqchi boʻlgan soʻzlari” ekanini taʼkidladi.

“Hurmatli yoshlar har doim ota-onangizni, yaqin qarindoshlaringizni maslahatini oling. Faqat tinchlik tarafdori boʻling. Xalqning ishonchiga kirib yurgan boʻlsa ham begona odamning gaplariga ishonmang. Hech qachon menga oʻxshagan odamlarning, qiz bolaning gapiga ergashmang!” — deya qayd etdi sudlanuvchi.

Uning fikricha, qamoqda oʻtirib, kimga ergashib boshimga bu savdolar tushdi, deb oʻylaganda allaqachon kech boʻlgan boʻladi.

«Sizga ota-onangizdan, tugʻishganlaringizdan ham yaqinroq qaygʻuradigan odam yoʻq. Siz qamoqda oʻtirib ota-onangiz haqida ming qaygʻurganingiz bilan ularga hech qanday yordam berolmaysiz. Hurmatli ota-onalar farzandlaringizni Telegram, Whatsapp, Youtubeʻdagi akkauntlarini nazorat qilib boring. Hozir bizlar xavfli axborot kurashi asrida yashayapmiz. Birgina video farzandlaringizning, oʻzingizning umringizni ostun-ustun qilib yuborishi mumkin. Bunga misol men! Bu yerda oʻtirganlar men qilgan ishlarni qilmang. Ham soʻrarim qoʻlingizdan kelsa, meni kechiring.

Men hozir 244−1-modda bilan ayblanayapman, lekin mening oʻzimda separatizm boʻlmagandi. Farzandlaringiz bizlarga oʻxshab odamlarni, qiz bolani soʻziga ergashib koʻchaga chiqib ketishlariga yoʻl qoʻymang. Ular ham hayoliga keltirmagan moddalar bilan ayblanib ketishlari mumkin. Shuning uchun iltimos farzandlaringizni nazorat qilib boring doim, telefonlarini tekshirib turing, qanday video koʻryapti. Kecha koʻrdim 2001-yil yo 2002-yilda [tugʻilgan], Moskvada oʻqiydigan bola hatto “Algʻa Qaraqalpaqstan”ga qoʻshilib, [ularning] ichida oʻtiribdi. Agar shu videoni koʻrib turgan boʻlsangiz, yana bir marotaba kechirim soʻrayman.

Hudo haqqi, men 5-iyulda boʻladigan boʻlsa, [Dauletmurat Tajimuratov Konstitutsiyani oʻzgartirishga qarshi] imzo yigʻsa kerak, deb oʻylab, shu gaplarni aytgandim. Lekin tosh koʻtarib koʻchaga chiqib ketadi, deb oʻylamagandim. Qoʻlingizdan kelsa kechiringlar, aslida odam oʻlimiga olib keladigan holatlar boʻlishini bilmagandim. Bilganimda hech qachon unday narsani oqlab chiqmas edim. Soʻnggi soʻzim shundan iboratki, qilgan jinoyatim DXXda oʻtirganimda boʻynimga qoʻyib berildi, shuning uchun men qanday jazoga munosib boʻlsam men shu jazoni olishga tayyorman», — deya soʻziga yakun yasagan Kallixanova.

Eslatib oʻtamiz, Lolagul Kallixanovaga Jinoyat kodeksining 28, 104-moddasi 3-qismi “a” bandi (ishtirokchilikda qasddan badanga ogʻir shikast yetkazish), 159-moddasi 4-qismi (Oʻzbekistonning konstitutsiyaviy tuzumiga tajovuz qilish), 244-moddasi 3-qismi (ommaviy tartibsizliklar) va 244−1-moddasi 3-qismi “a”, “b”, “g” bandlari (jamoat xavfsizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash, saqlash, tarqatish yoki namoyish etish) boʻyicha ayblov eʼlon qilingan; prokuratura maʼlumotlariga koʻra, u Qoraqalpogʻistonning amaldagi hukumatini agʻdarib tashlab, hududda hokimiyatni egallash maqsadida uyushgan guruh tashkil etishda ayblanayotgan Dauletmurat Tajimuratovning “guruhi bilan birlashib, ijtimoiy tarmoqlar orqali separatizm gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan, aholini ommaviy tartibsizlikka daʼvat qiluvchi materiallarni tarqatib kelgan”.

Kallixanova 1-iyul kuni Toshkentda faoliyat yuritib, Makan.uz Telegram-kanali orqali soʻnggi videomurojaatini eʼlon qilgach, yoʻqolib qolgandi. Dastlab xorijiy manbalarda uning vafot etgan haqida ham xabarlar tarqaldi, ammo bu gap-soʻzlar tezda rad etildi. 8-iyul kuni Bosh prokuratura uning “harakatlarida jamoat xavfsizligiga tajovuz qilish jinoyati alomatlari” aniqlangani, u shu bois “gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, protsessual tartibda ushlangani”ni maʼlum qildi.

Jurnalist oʻsha videomurojaatida qoraqalpogʻistonliklarni, jumladan, Oʻzbekiston tarkibidan ajralib chiqishga chaqirgan edi.

“Bor bilim va tajribangizni ishga solib, Oʻzbekiston tarkibidan ajralib chiqishga harakat qiling. Mening sizlardan soʻraydiganim, sizlardan oʻtinchim shu”, — degandi u.

Sudda bergan koʻrsatmasida Lolagul Kallixanova nima uchun bunday videomurojaat qoldirganini tushuntirib bergan.

Izohlar 0

Fikr bildirish