Qidirish

23:14 / 2022-12-29 193 0 Jamiyat

“Ayol kishiga ogʻir holatda, uning oilasi koʻpincha ijtimoiy bosimda qoladi” – Milliy mass-media direktori Qoraqalpoq voqealarida sudlanayotgan jurnalist Lolagul Kallixanova bilan uchrashdi

Mass-media direktori Qoraqalpogʻiston voqealari boʻyicha qamoqqa olingan jurnalist Lolagul Kallixanova bilan uchrashib, uni qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidladi. Bu haqda Mass-media axborot xizmati xabar bergan.

world-news

Maʼlum qilinishicha, bugun, 29-dekabr kuni Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondining Vasiylik Kengashi raisi Nozima Davletova Buxoro shahridagi tergov izolyatorida joriy yilning 1-2-iyul kunlari Qoraqalpogʻistonda sodir boʻlgan voqealar yuzasidan ochilgan jinoyat ishi boʻyicha sudlangan jurnalist Lolagul Kallixanova bilan uchrashgan. Uchrashuv Qoraqalpogʻiston voqealarini oʻrganish boʻyicha tuzilgan Mustaqil Komissiya koʻmagida tashkil etilgan.

Umumiy muhitga qaramay, suhbat ochiq va samimiy boʻldi. Jurnalist qanday sharoitda ekanligi, sud majlislari qanday oʻtayotgani haqida, oila va shaxsiy masalalarda gaplashildi, deyiladi Mass-media axborotida.

Jurnalist sogʻligʻi yuzasidan va hibsdagi sharoitdan shikoyati yoʻqligini, unga nisbatan hech qanday noqonuniy xatti-harakat boʻlmayotganini, barcha tergov harakatlari qonunga muvofiq va himoya huquqi taʼminlangan holda amalga oshirilganini aytgan.

Suhbatda Lolagul Oʻzbekistonda butun jurnalistlar hamjamiyatining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish zarurligini, ular oʻz huquq va majburiyatlarini aniq anglashi muhimligini, bu esa, oʻz navbatida, jurnalistlarning himoyalanganlik darajasini oshirish haqida gapirgan.

Nozima Davletova vaziyatning murakkabligini inobatga olib, Mass-media fondi Kallixanovaning oilasiga yordam berishga, qoʻllab-quvvatlashga tayyor ekanini taʼkidlagan.

“Ayol kishi uchun bunday holatda boʻlish ogʻir, oila aʼzolari ham koʻpincha ijtimoiy bosim ostida qoladi. Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi mamlakatda soʻz erkinligini mustahkamlash prinsiplariga tayanadi hamda Oʻzbekistonda media vakillarining huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish boʻyicha, jumladan, xalqaro tashkilotlar va xorijiy hamkorlar bilan birgalikda, ishni davom ettirishni rejalashtirgan”, deyiladi Milliy mass-media bayonotida.

Izohlar 0

Fikr bildirish