Qidirish

05:23 / 2022-12-01 382 0 Jamiyat

“TITF – 2022”: “Ipak yo‘lida turizm” xalqaro yarmarkasining birinchi kunidagi muhim voqealar

Xalqaro yarmarka doirasida turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari orasida ko‘plab B2B uchrashuvlari ham o‘tkazildi.

world-news

30-noyabrda Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida “Ipak yo‘lida turizm” 27-Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi boshlandi.

Tadbirni ochib bergan Bosh vazir o‘rinbosari — Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Oʻzbekiston bugun butun dunyo diqqat markazida ekanligini faxr bilan tilga oldi. U dastlab 2023-yilning kuz faslida UNWTO tarixida birinchi marta BMT Butunjahon turizm tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi boʻlib oʻtishi, bu tadbirning qadimiy va navqiron Samarqandda oʻtkazilishi esa mingdan ziyod xorijiy mehmonlarni jalb qilishini ta’kidladi.

Vazir, shuningdek, “Ipak yo‘lida turizm” Toshkent xalqaro turizm yarmarkasining ahamiyatiga ham to‘xtalib o‘tdi.

“Ipak yoʻlida turizm” 2022-yilgi Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi dunyoning 30 mamlakatidan 300 nafardan ortiq soha vakillarini oʻzida toʻplagan.

Uch kun davomida soha mutaxassislari ishtirokida forum va sessiyalar, mahorat darslari, koʻrgazmalar, shuningdek, yarmarka tarixida birinchi marta mahalliy hamda xalqaro maydondagi dizaynerlar ishtirokida modalar namoyishi boʻlib oʻtadi. Shu bilan birga, turizm sohasi rivojida muhim ahamiyat kasb etuvchi B2B uchrashuvlari oʻtkaziladi. Qolaversa, tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar bir pavilyonning oʻzida Oʻzbekistonning barcha hududlari turizm salohiyati bilan tanishish imkoniga ega boʻlishadi”, – dedi Aziz Abduhakimov.

Ma'lumot uchun, yarmarka doirasida tashkil etilgan xalqaro ko‘rgazmada Yaponiya, Malayziya, Tailand, Koreya, Rossiya, Qozog‘iston, Belarus, Ozarbayjon va boshqa davlatlarning turizm ma’muriyatlari o‘z milliy stendlari bilan qatnashmoqda.

Ta’kidlash kerakki, Qo'qon 2022-yilda Turkiy Kengash davlatlarining turizm poytaxti deb e'lon qilingandi. 2023-yilda esa Ozarbayjonning Shemaxi shahri bu e'tirofga munosib ko'rildi. Shu munosabat bilan Turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov Ozarbayjon Davlat turizm agentligi raisi maslahatchisi Kenan Guluzadega ramziy kalitni topshirdi.

Yarmarka davomida vazir Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev hamrohligida pavilyonlarni ko‘zdan kechirdi.

Shuningdek, Turizm va madaniy meros vazirligi hamda “Facetime Management Service” (“FMS”) kompaniyasi oʻrtasida Shveytsariya mehmondoʻstlik akademiyasi standartlarini Oʻzbekistondagi turizm infratuzilma obyektlarida joriy qilish boʻyicha anglashuv memorandumi imzolandi.

Bundan tashqari, xalqaro yarmarka doirasida gastrobozor tashkil etildi. Unda nufuzli xalqaro va milliy mutaxassislar ishtirokida forum va sessiyalar, xalqaro oshpazlarning mahorat darslari oʻtkazildi.

E’tiborlisi, yarmarka tarixida ilk bor Oʻzbekiston hunarmandlarining koʻrgazmasi tashkil qilindi va unda mamlakatimiz madaniy merosini namoyish etuvchi xalqaro va milliy dizaynerlar ishtirokida nafaqat kiyim-kechak, balki zargarlik buyumlari ham namoyish etilishi maqsad qilingan.

TXTY-2022 maydonchasida mahalliy aholidan, shuningdek, MDH va Yevropadan 20 ming nafargacha tashrif buyuruvchi ham qatnashmoqda. 

Yarmarkaga tashrif buyuruvchilar va ishtirokchilar yangi sayyohlik yo‘nalishlari bilan tanishish, xorijiy mamlakatlarning rang-barang muhiti, madaniyati va an’analari bilan tanishish uchun katta imkoniyatga ega bo‘lmoqdalar.

TXTY-2022 forumiga turizm sohasidagi taniqli mutaxassislar, xususan, O‘zbekiston sayyohlik brendi elchilari, “BBC World News”, “Lonely Planet”, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya turizm tashkilotlari uyushmalari vakillari, PR mutaxassislari va boshqalar tashrif buyurdi. 

Qayd etish joizki, xalqaro yarmarka doirasida turli mamlakatlarning xususiy kompaniyalari vakillari orasida ko‘plab B2B uchrashuvlari ham o‘tkazildi.

Shuningdek, yarmarka doirasida “Mamlakatning turizm salohiyatini rivojlantirishda Hukumatning o‘rni”, “Media-loyihalar – mamlakatning turistik tashrif qog‘ozi” hamda “Xususiy kompaniyalar taqdimoti” panel sessiyalari bo‘lib o‘tdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish