Qidirish

11:26 / 2024-11-26 93 0 Jamiyat

Oʻzbekiston va Xitoy turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum tashkil etildi

23-noyabr kuni kuni Toshkent shahrida joylashgan “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Xitoy Xalq Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum boʻlib oʻtdi. Mazkur forum Oʻzbekistonning sayyohlik salohiyatini Xitoyda targʻib qilish va Oʻzbekiston-Xitoy turizm sanoati vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bagʻishlandi.

world-news

Biznes-forum Oʻzbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Xitoyning Haynan provensiyasi turizm kompaniyalari oʻrtasida Turizm qoʻmitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda Oʻzbekiston va Xitoyning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi. 

Joriy yilning 18-dekabr sanasidan boshlab, Toshkent va Haynan shaharlari oʻrtasida muntazam aviareyslar qatnovi yoʻlga qoʻyilmoqda. Bu haqda tadbir tashkilotchisi “Prestige Travel” kompaniyasi rahbari Oybek Ahmedov maʼlum qildi.

“Mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish hamda Xitoydan Oʻzbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin koʻpaytirish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. Yoʻlga qoʻyilayotgan yangi aviaqatnovlar Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida turistlar oqimini bir necha karra oshiradi. Oʻtgan yili «Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin oʻzbekistonliklarning Xitoyga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab xitoyliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor taʼkidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir», deb taʼkidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

Forum davomida Oʻzbekiston va Xitoy tomonlari vakillari oʻrtasida B2B formatidagi uchrashuvlar boʻlib oʻtdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini oʻrgandilar. Forum Oʻzbekiston va Xitoy sayyohlik kompaniyalari oʻrtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

“Joriy yilning 10 oyligida Xitoy Xalq Respublikasidan Oʻzbekistonga 60 mingga yaqin turistlar kirib keldi. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich yanada ortishi ortishi kutilmoqda. Bunda Oʻzbekiston va Xitoy oʻrtasida turizm sohasida yoʻlga qoʻyilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida oʻrin tutadi. Xitoy davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va goʻzal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida boʻlganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir”, deb aytib oʻtdi Haynan turizm yoʻnalishi rahbari Liu Fangxu.

Oʻzbekiston-Xitoy sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari oʻrtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam boʻldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni oʻrganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir Oʻzbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oʻzbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va sharqiy Osiyo davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning oʻsish surʼatlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 6 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat koʻrsatmoqda, respublika boʻyicha sayyohlarni qabul qiluvchi oʻrinlar soni 156 mingdan ortdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish