Qidirish

22:33 / 2024-08-15 1193 0 Jamiyat

Insoniyat suvni koʻz qorachigʻidek asrashga majbur…

Olimlar sayyoramizdagi ilk tirik mavjudotlar suvda paydo boʻlganini taʼkidlashadi. Million yillardan buyon suv tiriklik evolyutsiyasiga ham, yer sayyorasining geografik shakliyu, iqlim oʻzgarishlariga ham beqiyos taʼsir koʻrsatib kelmoqda.

Suvsiz hayot yoʻq. Oʻzbekistonda suvga nisbatan odamlarning isteʼmol madaniyatini oshirishga xizmat qiluvchi asosiy tashkilotlardan biri “Oʻzsuvtaʼminot” AJ hisoblanadi.

Bugun, 15-avgust kuni shu sabab mazkur tashkilot tomonidan ichimlik suvi, shuningdek, oqova suv tarmoqlariga noqonuniy ulanishlarni oldini olish hamda bu boradagi muammo va yechimlar mavzusida matbuot anjumani oʻtkazildi.

Unda “Oʻzsuvtaʼminot” AJ masʼullari mavzuga doir yangiliklar boʻyicha taklif etilgan OAV vakillariga maʼlumot berdi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda aholi orasida toʻlov intizomini shakllantirish, markazlashgan toza ichimlik suvi taʼminoti tarmoqlari va oqova suv xizmatlaridan noqonuniy foydalanish holatlarini oldini olish hamda xizmat koʻrsatish tizimini yanada yaxshilash maqsadida mutasaddi tashkilotlar tomonidan salmoqli ishlar bajarilmoqda.

“Buning natijasida joylarda isteʼmolchilar tomonidan qonun buzilishi holatlari bartaraf etilib, yetkazilgan zarar tegishli tartibda undirilmoqda” — deydi Oʻzsuvtaʼminot AJ Axborot xizmati rahbari Akmal Murodov.

Maʼlumotlarga koʻra joriy yilda “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan suv taʼminoti va oqova suv tizimlariga 7,7 mingta noqonuniy ulanish holatlari aniqlangan.

Eng yuqori koʻrsatkichlar:

1. Toshkent shahri–1,4 mingta;

2. Fargʻona viloyati – 1,3 mingta;

3. Sirdaryo – viloyati 1,2 mingta.

Mazkur qonunbuzarliklar tufayli aksiyadorlik jamiyati manfaatlariga jami 68 mlrd soʻmdan ortiq zarar yetkazilgan. Bundan tashqari, ushbu davr mobaynida aksiyadorlik jamiyati va uning hududiy aksiyadorlik jamiyatlari tomonidan respublika boʻyicha 22,4 ming nafar jismoniy va yuridik isteʼmolchi qarzdorligi uchun suv taʼminoti tarmogʻidan uzilgan. Ushbu holatlarning 12,4 mingtasi, yaʼni eng yuqori koʻrsatkich Toshkent shahrida qayd etilgan.

Taʼkidlash joiz, oʻtgan davr davomida suv taʼminoti tarmoqlariga noqonuniy ulanish hamda suv taʼminoti va kanalizatsiya xizmatlari boʻyicha 117,6 ming nafar isteʼmolchidan jami 343 milliard soʻmlik mablagʻni undirish maqsadida fuqarolik va iqtisodiy sudlarga tegishli hujjatlar taqdim etilgan.

Shu jumladan, shartnoma asosida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi orqali sud organlariga kiritish uchun 301,6 milliard soʻmlik 70,2 mingta qarzdor isteʼmolchi hujjatlari taqdim etilgan boʻlib, bugungi kunda Savdo-sanoat palatasida 19,9 milliard soʻmlik 11,9 mingta ish hujjatlari koʻrib chiqish jarayonida turibdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish