Qidirish

11:37 / 2024-03-29 7905 0 Siyosat

Oʻzbekiston qonunchiligida 1-apreldan nimalar oʻzgaradi?

world-news

1. Bola tugʻilganda suyunchi puli barchaga birdek berilmaydi

Endilikda ikkinchi va undan keyingi farzandlar uchun suyunchi puli barchaga birdek berilmaydi. 1-apreldan boshlab farzand tugʻilganda beriladigan bir martalik nafaqa puli birinchi farzandi uchun — barcha ayollarga, ikkinchi farzandi uchun — farzand tugʻilgan paytda “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimiga kiritilgan oilaning aʼzosi boʻlgan ayollarga rasmiylashtiriladi. Qolgan barcha holatlarda nafaqa toʻlanmaydi.

2. Ai-80 benzin narxi oshadi

Aksiz soligʻi stavkalarining oʻzgarishi munosabati bilan neft mahsulotlari narxlari oʻzgaradi. Xususan, neft mahsulotlarini ishlab chiqarishdagi aksiz soligʻi Ai-80 benzini mahsulotining 1 tonnasi uchun 303 000 soʻmdan 340 000 soʻmga (37 000 soʻmga), neft mahsulotlarini va suyultirilgan gazni yakuniy isteʼmolchiga realizatsiya qilishda aksiz soligʻi Ai-80 benzin uchun mahsulotining 1 tonnasi uchun 565 000 soʻmdan 633 000 soʻmga (68 000 soʻmga) oshishi belgilangan.

3. QQS boʻyicha ayrim imtiyozlar bekor qilinadi

Tibbiy xizmatlar, veterinariya xizmatlari, dori vositalari, veterinariya dori vositalari, tibbiyot va veterinariya uchun moʻljallangan buyumlar uchun 1-apreldan QQS toʻlanadi.

4. Chiqindi xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi

Chiqindilarni toʻplash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka boʻyicha soliq solinishi bekor qilinadi. Xizmat koʻrsatuvchi korxona tomonidan koʻrsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qoʻshilgan qiymat soligʻi hisoblanadi. Mazkur oʻzgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.

5. Chiqindi pulini toʻlamaganlarning elektr uchun toʻlovlarini qabul qilish vaqtincha toʻxtatiladi

Shuningdek, koʻchmas mulk hamda avtotransportlar bilan bogʻliq bitimlarni notarial tasdiqlashda qarzdorlik mavjudligi Yagona elektron tizim orqali onlayn tekshirilib, qarzdorlik bartaraf etilgach notarial harakat amalga oshiriladi.

6. Bank ustav kapitali eng kam miqdori oshiriladi

Bank ustav kapitalining eng kam miqdori 350 milliard soʻmni tashkil etishi kerak boʻladi. Ilgari bank ustav kapitalining eng kam miqdori 200 milliard soʻmni tashkil etishi lozim edi.

7.Tadbirkorlarga subsidiyalar ajratishning yangi tartibi kuchga kiradi

Subsidiyalar, imtiyozlar va preferensiyalar tadbirkorlik subyektlariga barqarorlik reytingidagi oʻrnidan kelib chiqqan holda ajratiladi va qoʻllaniladi.

8. Tuman (shahar) viloyat arxitektorlari sertifikatlanadi

Shaharsozlik sohasidagi quyidagi toifa mutaxassislarni ularning faoliyat yoʻnalishlari boʻyicha har 3-yilda bir marta sertifikatlash tizimi joriy etiladi:

  • tuman (shahar) va viloyat arxitektorlari;
  • qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasida nazorat qilish hududiy inspeksiyalari inspektorlari.

Bunda, mutaxassislarni sertifikatlash ishlarini tashkil etish boʻyicha ishchi organ funksiyasi Kompetensiyani rivojlantirish institutiga yuklanadi.

9. Nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda ragʻbatlantiriladi

Qonunchilikka koʻra, noyob va yoʻqolib ketish xavfi ostida boʻlgan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi 20 nafar shaxs aniqlanib, ularga koʻmaklashiladi hamda faoliyatini baholash koʻrsatkichlari belgilab beriladi.

Ushbu koʻrsatkichlarni bajargan nomoddiy madaniy meros namunalarini saqlovchi shaxslar har oyda 5 million soʻm miqdorida ragʻbatlantirib boriladi. Shuningdek, alohida ahamiyatga ega nomoddiy madaniy meros namunalarini yozib olish va keng tarqatish uchun har yili 50 ta audiovizual asar yaratishga davlat buyurtmasi beriladi.

10. Ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida ayrim xizmatlar koʻrsatiladi

Samarqand va Fargʻona viloyatlari hamda Toshkent shahrida joylashgan ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlarida eksperiment tariqasida:

  • ularda joylashtirilgan shaxslarga ularning ehtiyoji hamda xohishiga koʻra qisqa va uzoq muddat qolish hamda internat uyidan butunlay chiqish imkoniyati yaratiladi;
  • ular tomonidan mobil, kunduzgi qatnov shaklidagi, qisqa va uzoq muddatli ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari koʻrsatiladi.

Bunda, mazkur xizmatlardan:

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” ATga kiritilgan oilalarning oʻzgalar parvarishiga muhtoj keksalari va nogironligi boʻlgan shaxslari bir yilda bir marta bepul ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash markazlari joylashgan hududdagi keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslar shartnoma asosida foydalanadi.

11. Ayrim yolgʻiz keksalarga poyezdga bepul chiptalar ajratiladi

Reyestrga kiritilgan yolgʻiz keksalar va nogironligi boʻlgan shaxslarga va ularga bevosita hamrohlik qiluvchi 1 nafar shaxsga bir yilda bir marta temiryoʻl yoki shaharlararo avtobus uchun bepul chiptalar (borish va qaytish uchun) ajratiladi. Reyestr “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi tomonidan yuritiladi.

12. Gazlangan yoki energetik ichimliklarga aksiz soligʻi joriy etiladi

Tarkibida shakar yoki boshqa shirinlashtiruvchi yoki xushboʻylashtiruvchi moddalar boʻlgan, gazlangan hamda isteʼmol qadogʻiga qadoqlangan ichimliklarning (energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklar bundan mustasno) 1 litri uchun 500 soʻm, energetik va tetiklashtiruvchi ichimliklarning 1 litri uchun 2 000 soʻm miqdorida aksiz soligʻi belgilanadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish