Qidirish

15:38 / 2022-12-12 142 0 Jamiyat

Xalqaro reytinglarga kirgan OTM bitiruvchilariga qanchagacha ustama berilishi aytildi

Xalqaro reytinglarga kirgan OTMni tugatgan yosh kadrlarga 12 mln. soʻmgacha, ilmiy daraja olganlarga esa 22,5 mln soʻmgacha ustama beriladi.

Xabaringiz bor, Prezidentning “Yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash va ularning ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoniga koʻra, davlat organlari, tashkilot va muassasalarida faoliyat koʻrsatayotgan nufuzli xalqaro reyting tashkilotlarining yuqori 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini tamomlagan yoki ularda ilmiy daraja olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga qoʻshimcha ustamalar toʻlab borish tartibi joriy etilgan.

Qayd etilgan qoʻshimcha ustamalar Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, yosh mutaxassis va uning ish beruvchisi oʻrtasida imzolangan shartnoma asosida har oy toʻlab boriladi. Shartnoma 3 yilgacha boʻlgan muddatga tuziladi va toʻlovlar ish beruvchi tomonidan amalga oshiriladi.

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan shakllantirilgan oylik ustamalar tatbiq etiladigan taʼlim yoʻnalishlari, tor mutaxassisliklar roʻyxati, davlat organlari, tashkilot va muassasalari roʻyxati Agentlikning rasmiy veb-sayti — www.argos.uz da joylashtirilgan.

Maʼlumot uchun: xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar – Quacquarelli Symonds World University Rankings, Times Nigher Education, Academic Ranking of World University hisoblanadi.

Xalqaro eʼtirof etilgan reyting beruvchi tashkilotlar reytinglarida eʼlon qilingan universitetlar roʻyxati bilan Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasining rasmiy veb-sayti — www.tdi.uz da tanishish mumkin.

Xalqaro reytingda 1-dan 100-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln. soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 40 barobari miqdorida (12 mln. soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 75 barobari miqdorida (22,5 mln. soʻm), ustamalar belgilangan.

Xalqaro reytingda 101 dan 300-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln. soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 30 barobari miqdorida (9 mln. soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 60 barobari miqdorida ( 18 mln.soʻm) ustamalar belgilangan.

Shuningdek, xalqaro reytingda 301 dan 500-oʻringacha boʻlgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini bakalavriat bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 15 barobari miqdorida (4,5 mln. soʻm), magistratura bosqichini tamomlagan yosh mutaxassislarning lavozim maoshlariga BHMning 20 barobari miqdorida (6 mln.soʻm), xorijiy oliy taʼlim muassasalarida ilmiy daraja (PhD va unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy daraja) olgan yosh mutaxassislarning lavozim maoshiga BHMning 50 barobari miqdorida (15 mln. soʻm) ustamalar belgilangan.

Farmonda qoʻshimcha ustamalar 500 talik roʻyxatiga kiritilgan xorijiy oliy taʼlim muassasalarini 2021-yil va kelgusi yillarda tamomlagan yosh mutaxassisga, yaʼni Oʻzbekiston Respublikasining “Yoshlarga oid davlat siyosati toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, yosh mutaxassis — oliy yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasasini bitirgan, taʼlim muassasasini bitirganidan soʻng olgan ixtisosligi boʻyicha uch yil ichida ishga kirgan va maʼlumoti toʻgʻrisidagi hujjatda koʻrsatilgan ixtisosligi boʻyicha ishlayotganiga uch yildan koʻp boʻlmagan oʻttiz yoshdan oshmagan xodimga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan.

Maʼlumot oʻrnida, Agentlik tomonidan bugungi kunda 66 nafar yosh mutaxassislar bilan ustamalar toʻlash yuzasidan shartnomalar tuzilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish