So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Musulmonlar idorasi umra safari toʻlovi borasidagi xabarlarga izoh berdi
Ikki yillik tanaffusdan soʻng umra ziyorati boshlanmoqda, deya xabar bermoqda Oʻzbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati. 15-yanvar kuni umra mavsumi narxlari, navbatlari, uchish vaqtlari va vaksinalar haqida xabar berildi.
“Shu kunlarda ayrim ijtimoiy tarmoq yurituvchilari pandemiyadan avval, yaʼni 2020-yil fevral oyiga qadar qilingan umra toʻlovi miqdoriga qoʻshilgan qiymat borasida turli mulohazalar bildirmoqda.
Shu bois, Musulmonlar idorasi qoʻshimcha toʻlov tafsilotini quyidagi jihatlar orqali bayon qildi:
Birinchi, koronavirus pandemiyasi umra xizmatlari koʻrsatishga ham salbiy taʼsir koʻrsatdi. Avval qayd etilganidek, mehmonxonada 4 kishilik xonaga 2 nafar ziyoratchi, 50 oʻrindiqli avtobusga 25 kishi joylashtirish kabi talablar oʻrnatildi.
Har bir fuqaroning safarga chiqqandan to Oʻzbekistonga qaytib kelgunga qadar epidemiologik meʼyorlarga javob beradigan tashkiliy va tibbiy xizmatlar yoʻlga qoʻyildi. Masalan, oziq-ovqat mahsulotlari maxsus qadoqlangan holda tarqatiladi, tibbiy xizmat koʻrsatishda qoʻshimcha shifokorlar va maxsus dori-darmonlar bilan taʼminlanadi.
Shuningdek, ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatishda ikki yil avvalgi holatga nisbatan narx-navo koʻtarildi. Buning ustiga qirollikda 15 foiz qoʻshimcha qiymat soligʻi ham joriy etildi.
Ikkinchi, tabarruk zaminda ziyoratchi har bir daqiqasini gʻanimat bilib, faqat toatu ibodatga sarflashi uchun Makka va Madina shaharlarida Ikki Haramga yaqin boʻlgan mehmonxonalar buyurtma qilindi. Masjidi Nabaviyga yaqin boʻlgan 5 yulduzli “Pulman zam-zam” va Baytulloh atrofidagi “Jabal Umar” hududida joylashgan 5 yulduzli mehmonxona olindi. Oldingi yillarda ziyoratchilar Makka shahrida Haram masjididan chamasi 1,2 km. boʻlgan mehmonxonada istiqomat qilishgan.
Bular ziyoratchilarga besh mahal namozni Harami shariflarda ado etish, duo-yu iltijolar bilan band boʻlishda yengillik beradi. Yoʻl, taomlanish va boshqalar uchun ketadigan vaqtni tejaydi. Shuningdek, mehmonxonalarda tibbiyot va ishchi guruhlari xizmat koʻrsatadi.
Oʻzbekiston Saudiyada umra safarini tashkil qilish boʻyicha bir necha shirkat imkoniyatlarini oʻrganganini avval ham xabar qilgan edik. Bunda Saudiya haj va umra vazirligi talabiga asosan umrani tashkil etish boʻyicha litsenziyaga ega boʻlgan shirkatlar boʻlishiga eʼtibor qaratildi. Shu kunlarda, ijtimoiy tarmoqlarda muqobil taklif bilan chiqayotgan baʼzi shirkatlar umra xizmatini koʻrsatish uchun yangilangan ruxsatnomaga ega emasligini bildirish bilan kifoyalanamiz.
Oldingi uzoq yillik hamkor shirkat ham pandemiyadan keyin litsenziya ololmagani uchun boshqa, imkoniyati kengroq “Abu Sarhad” shirkati bilan shartnoma imzolanganini alohida taʼkidlash oʻrinlidir.
Qoʻshimcha toʻlovlar yuzasidan yana bir jihat. Har bir Haj yoki umra mavsumi toʻlovlari uchun alohida hisob raqam ochiladi va sarf-xarajatlar amalga oshiriladi. Mablagʻlar bankdagi maxsus hisob raqamda saqlanadi. Mablagʻlardan muborak safarga tegishli yoʻnalishlardan boshqa maqsadda foydalanishga imkoniyat mavjud emas.
2020-yil fevral oyiga qadar umra uchun toʻlov amalga oshirgan, pandemiya sabab borish istagidan qaytgan fuqarolarning murojaatiga asosan toʻlovlari qaytarib berildi. Qolgan fuqarolarning mablagʻlari oʻz ixtiyorlariga koʻra, umra hisob raqamida saqlanmoqda.
Moʻmin-musulmonlarni umra ibodatiga boshchilik qilishda koʻp yillik tajribaga ega, diniy mutaxassislar bilan taʼminlaydigan va bu borada vakolatli, rasmiy tashkilot hisoblangan Oʻzbekiston musulmonlari idorasi orqali muborak safarni xavfsiz ado etishga chaqiramiz.
Oʻzbekiston musulmonlari idorasi muntazam ravishda xalqimizning talab-istaklarini inobatga olgan holda umra safari narxlarini maqbullashtirishni davom ettiradi, bu borada yangiliklar boʻlsa, rasmiy matbuotda eʼlon qiladi.
Soʻz yakunida, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari hamda axborot tarqatuvchilardan toʻliq oʻrganilmagan axborot tarqatish sharʼiy jihatdan toʻgʻri emasligi va qonuniy javobgarlikka sabab boʻlishini hisobga olib, biror xabar eʼlon qilishdan oldin ikkinchi tomonning ham fikrini olishlari uchun doimiy hamkorlikka tayyorligimizni bildiramiz”, - deyiladi xabarda.