Qidirish

12:27 / 2023-06-22 1353 0 Siyosat

“150 ming qarzni toʻlamaganlik uchun 300 ming soʻm jarima solish – bu adolatdan emas” – Tanzila Narbayeva

Senatning 42-yalpi majlisida Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga tegishli oʻzgartishlar maʼqullandi. Bosh prokuratura tomonidan ishlab chiqilgan hujjatga koʻra, qoʻllaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori boʻlishi mumkin emas.

world-news

Senatda koʻrib chiqilayotgan yangi Qonunga koʻra MJtK 198-1-moddasi, yaʼni qarzdorning ijro hujjatini ijro etmasligi boʻyicha maʼmuriy jazo yengillashtirilmoqda. Jarima summasi amalda bir baravardan 5 baravargacha, mansabdorlarga beshdan oʻn baravar BHMgacha.

Yangi oʻzgarishga koʻra, besh baravargacha, mansabdorlarga oʻn baravargacha deb oʻzgartirilmoqda. Oldin bir baravar BHMdan kam qoʻllash mumkin emas edi.

“Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksga kiritilayotgan ushbu yangilik haqiqatdan ham juda muhim. 150 ming soʻm qarzni toʻlamaganlik uchun 300 ming soʻm jarima solish – bu adolatdan emas, albatta. Qolaversa, bunday amaliyot yangi konstitutsiyaviy qoidaga, yaʼni fuqaroga qoʻllaniladigan huquqiy taʼsir chorasi mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va yetarli boʻlishi kerakligi qoidasiga mutlaqo zid”, deydi Tanzila Narbayeva.

Xususan, ijro hujjati bo‘yicha qarzdor undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlikni o‘z vaqtida to‘lamasa, Majburiy ijro byurosi tomonidan qarzdorga nisbatan maʼmuriy jarima qo‘llanilishi, ushbu jarimaning miqdori esa Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra fuqarolarga nisbatan 300 ming so‘mdan 1,5 mln so‘mgacha, mansabdor shaxslarga nisbatan 1,5 mln so‘mdan 3 mln so‘mgacha belgilanishi mumkinligi qonunchilik bilan mustahkamlab qo‘yilgan.

Senatorlar, agar qarzdor tomonidan to‘lanishi lozim bo‘lgan qarzdorlik summasi jarimaning eng kam miqdoridan ham kam bo‘lgan bo‘lsa-da, qarzdorlikka nisbatan yuqori miqdordagi jarima tayinlanishi ijtimoiy adolat prinsiplarining buzilishiga, bu esa qarzdorlarning haqli eʼtirozlariga sabab bo‘layotganligiga hamda mazkur holat tabiiy ravishda fuqarolarning to‘lov qobiliyatiga salbiy taʼsir ko‘rsatayotganligiga alohida eʼtibor qaratdilar.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartishlar kiritilib, bu bartaraf etilmoqda. Xususan, qo‘llaniladigan jarimaning miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi haqida norma kiritilmoqda.

Shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 1981-moddasida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda maʼmuriy jazo qo‘llashga endilikda O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinishiga, ijro hujjatini ijro etmaganligi uchun qarzdorga nisbatan adolatli jarima tayinlanishiga, Majburiy ijro byurosi tizimida suiisteʼmolchiliklarning hamda korrupsion holatlarning oldi olinishiga, shuningdek, nazorat kuchaytirilishiga xizmat qilishi taʼkidlandi. Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

 

Izohlar 0

Fikr bildirish