Qidirish

18:19 / 2024-11-07 121 0 Siyosat

Kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yoʻqotilayapti. Kelasi yilda betonlashga 800 milliard soʻm ajratiladi

Bugun, 7-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi oʻtkazilmoqda.

world-news

Noyabr mart oylari kanallarni betonlash uchun eng qulay vaqtligi taʼkidlandi. Hali 18 ming kilometr magistral va 94 ming kilometr ichki kanallarni betonlash zarur. 

Kanallarda yiliga 13 milliard kub metr suv yoʻqotilayapti. Bu – Andijon, Navoiy, Namangan, Samarqand va Sirdaryoning bir yil ishlatadigan suviga teng.

Shu sababli kelgusi yilda betonlashga 800 milliard soʻm ajratilishi belgilandi.

Masʼul idoralarga 66 ta magistral kanal loyihasi va ekspertizasini yakunlab, qurilish ishlarini tez fursatda boshlash, bunga arzon sement yetkazib berishni tashkil qilish topshirildi.

Umuman, hokimlar oldiga fermer va klasterlar bilan birgalikda 1-aprelgacha 15 ming kilometr ichki ariqlarni beton qoplamaga oʻtkazish vazifasi qoʻyildi.

Mutasaddilar har bir kanalga ajratilayotgan har bir soʻmni maqsadli, tejamkorlik bilan toʻgʻri ishlatish zarurligi haqida ogohlantirildi.

Har bir kanalga Irrigatsiya universiteti, Suv muammolari ilmiy instituti, 9 ta texnikumni “dual taʼlim” asosida biriktirish muhimligi taʼkidladi.

Ular loyihadan betonlash tugaguncha boʻlgan barcha jarayonlarni ilmiy yondashuv asosida kuzatib, tavsiya va xulosasini beradi.

Kanallarni betonlash hisobiga suv oqimi tezlashadi. Bu – kichik GESlar qurib, elektr olish uchun katta imkoniyat.

Masalan, Navoiy viloyati kanallarida 11 megavattli 148 ta mikro GES qurish boshlandi. Bunda mahalliy komponent yuqori boʻlgan, Navoiyni oʻzida ishlab chiqarilayotgan uskunalardan foydalanilmoqda.

Umuman, respublikada 2 mingta mana shunday mikro GES qurib, yiliga qoʻshimcha 600 million kilovatt elektr olish mumkinligi taʼkidlandi.

Viloyat hokimlari oldiga Navoiy misolida oʻz hududlarining sanoat salohiyatini ishga solib, mahalliy komponenti yuqori boʻlgan shunday mikro GESlarni loyihalashtirish va barpo etish vazifasi qoʻyildi.

Prezidentimiz 2025-yil suv xoʻjaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” boʻlishini taʼkidladi.

Hozir respublikadagi 2,5 million gektar yerni sugʻorishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiya yiliga 6,8 milliard kilovatt elektr sarflayapti. 2017-yilda 2 million gektarga 8,3 milliard kilovatt ishlatilar edi.

Xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatib, 20 foiz elektrni tejash mumkinligi koʻrsatib oʻtildi.

Mutasaddilarga Jizzax va Namangan bosh nasos stansiyalarini shaffof va jozibador shartda xalqaro tenderga chiqarish topshirildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish