So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
IIV Akademiyasi faoliyatida mutlaqo yangi davr boshlandi – Rustam Hatamov
Bugun, 4-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV Akademiyasining 30-yilligi munosabati bilan Toshkent shahrida “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida yetuk professional kadrlarni tayyorlash: tendensiyalar va istiqbollar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya oʻz ishini boshladi. IIV akademiyasi boshligʻi polkovnik Rustam Hatamov konferensiyada nutq soʻzladi.
Sizlar bilan anjumanda uchrashib turganimdan xursandman. Taʼkidlab oʻtganimizdek, konferensiyamiz Akademiyaning 30-yilligiga bagʻishlangan. Oʻquv dargohimizning shonli tarixi oʻtgan asrning 30-yillaridan boshlanadi. Oʻsha davrlarda Oʻzbekistonning yirik shaharlari boʻlgan Samarqand va Qoʻqonda militsiya maktablari faoliyat yuritgan.
1932-yil ushbu muassasalar birlashtirilib, Toshkent oʻrta maxsus militsiya maktabi tashkil qilingan. 1967-yilda Toshkentda oliy militsiya maktabi ham tashkil qilinib, ofitser kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyilgan. Maktabda Oʻzbekiston bilan bir qatorda, Turkmaniston, Tojikiston, Qozogʻiston va Qirgʻiziston Respublikalari ichki ishlar tuzilmalari uchun ham kadrlar tayyorlangan.
Mazkur oʻquv maskanlari Oʻzbekiston mustaqillikka erishgan davrgacha faoliyat koʻrsatdi. 1994-yil 2-sentyabrda Toshkent oʻrta maxsus va oliy militsiya maktablari negizida Ichki ishlar vazirligi akademiyasi tashkil qilindi.
Oʻtgan yillar mobaynida oʻquv dargohida taʼlimning samarali yondashuvlari joriy qilindi. Maskanda huquqni muhofaza qiluvchi organlari uchun kadrlar tayyorlash, ularni qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yaxlit tizimi yoʻlga qoʻyildi.
2016-yildan boshlab Oʻzbekiston oʻz taraqqiyotining yangi davriga qadam qoʻydi. Muhtaram Prezidentimiz, Qurolli Kuchlar oliy bosh qoʻmondoni Shavkat Mirziyoyev rahbarligida barcha sohalar, shu jumladan, ichki ishlar organlari tizimi ham tubdan isloh qilindi.
Sohaning faoliyat mazmunini butunlay oʻzgartirish, ichki ishlar organlarini aholi bilan bevosita yaqindan ishlaydigan, xalq manfaatlariga xizmat qiladigan xalqchil tuzilmaga aylantirish, soha uchun malakali kadrlar tayyorlash ustuvor maqsad etib belgilandi.
Bu borada davlat rahbari Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 29-iyun kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasiga tashrifi, tom maʼnoda, tarixiy ahamiyat kasb etdi. Mazkur tashrifdan soʻng oʻquv dargohining nufuzi va maqomini oshirish, moddiy-texnika bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratildi.
Natijada, akademiya mamlakatimiz huquqni muhofaza qiluvchi organlarini yetuk va malakali kadrlar bilan taʼminlab kelayotgan yetakchi oliy taʼlim muassasalaridan biriga aylandi.
Keyingi yillarda Akademiya faoliyatida mutlaqo yangi davr boshlandi. Bu borada muhtaram Prezidentimizning 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori dolzarb ahamiyat kasb etdi.
Mazkur qaror bilan akademiyada bakalavriat va magistraturani oʻz ichiga oluvchi ikki bosqichli oliy taʼlim tizimi joriy qilindi. Kunduzgi taʼlim bakalavriatida modulli oʻqitish tizimi yoʻlga qoʻyilib, mashgʻulotlarning 60 foizi nazariya, qolgan 40 foizi amaliyotga yoʻnaltirildi.
Kursantlarning ixtisoslik yoʻnalishlari boʻyicha amaliy koʻnikmalarini boyitish maqsadida bazaviy amaliyot mashgʻulotlari joriy qilinib, mashgʻulotlarni poytaxtning Yunusobod, Yashnobod va Mirzo Ulugʻbek tumanlari ichki ishlar organlari hamda mahalla huquq-tartibot maskanlarida oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi.
Joylardagi kriminogen vaziyatni chuqur oʻrganish orqali kursantlarda zarur kasbiy koʻnikmalarni hosil qilish maqsadida hududiy ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan onlayn master-klass mashgʻulotlarini oʻtkazish tatbiq qilindi.
Oʻquv tezkor-tergov guruhlari tashkil qilinib, kursantlarning Toshkent shahrida sodir etilgan jinoyatlar boʻyicha hodisa joyiga chiqib, tergovga qadar tekshiruv harakatlarini oʻrganishi yoʻlga qoʻyildi.
Taʼlim mazmunini boyitish maqsadida ixtisoslik kafedralari boshliqlarining Ichki ishlar vazirligi sohaviy xizmatlari hisobot yigʻilishlarida bevosita ishtirok etishi joriy qilindi.
Bugungi kunda maʼruza mashgʻulotlariga tajribali amaliyotchi xodimlarning jalb qilinayotgani, sud organlari bilan tashkil qilinayotgan sayyor sud majlislari, ichki ishlar organlari faxriylari va koʻp yillik amaliy tajribaga ega xodimlar ishtirokida oʻtkazilayotgan muloqot uchrashuvlari, “Kichik final”, “Final” kompleks oʻquv mashgʻulotlari, bitiruvchi kurs aʼlochi kursantlarining hududiy ichki ishlar organlarida stajyor xodim sifatida kunlik amaliyotga chiqayotgani kursantlarning nazariy bilimlarini amaliy koʻnikmalar yordamida boyitishga xizmat qilmoqda.
Akademiya magistraturasi ichki ishlar organlarining asosiy faoliyat yoʻnalishlarini samarali boshqarishga qodir universal rahbar kadrlarni tayyorlashga yoʻnaltirilgan.
Magistraturada dastlab “tashkiliy-taktik boshqaruv” va “tashkiliy-strategik boshqaruv” mutaxassisliklari, joriy yildan boshlab esa “ilmiy-pedagogik faoliyat” ixtisosligi boʻyicha kadrlarni tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.
Taʼlimni zamon talablari darajasida tashkil etish maqsadida mashgʻulotlarga eng tajribali professor-oʻqituvchilar bilan bir qatorda, ichki ishlar vaziri oʻrinbosarlari, vazirlik sohaviy xizmatlari rahbarlari, shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, davlat hokimiyati va boshqaruv organlari vakillari, mahalliy va xorijiy yetakchi taʼlim muassasalarining olim hamda ekspertlari keng jalb qilib kelinmoqda.
Bundan tashqari, tinglovchilarning Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruv akademiyasida rahbarlik mahoratini oshirishi, xorijiy davlatlarga borib ilgʻor tajribalarni oʻrganishi keng tatbiq qilingan.
Oʻquv dargohimizda ilmiy salohiyat koʻrsatkichlarini oshirishning strategik yoʻnalishlari belgilab olingan boʻlib, 2022–2026-yillarga moʻljallangan ilmiy-tadqiqot dasturi qabul qilingan.
Oliy taʼlimdan keyingi taʼlim fakultetida tayanch doktorantura, doktorantura va mustaqil izlanuvchilik yoʻnalishlari faoliyat yuritmoqda. Dissertatsiya mavzularini shakllantirishda hududiy ichki ishlar organlari faoliyatidagi muammolarni tadqiq qilish va ularning natijalarini amaliyotga keng joriy qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Huquqbuzarliklarning sabab va shart-sharoitlarini oʻrganish akademiya faoliyatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi.
Keyingi yillarda Ichki ishlar organlari faoliyatini uslubiy taʼminlash markazi tashkil qilinib, joylardagi ichki ishlar organlari bilan hamkorlik yanada mustahkamlandi. Markaz zimmasiga nafaqat jinoyatchilikni jilovlash boʻyicha hududlar tajribasini yaratish, balki ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy bilim va malakasini oshirish, joylarda mahalla tizimi vakillari uchun dolzarb yoʻnalishlarda sayyor mashgʻulotlar tashkil etish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan targʻibotlar oʻtkazish vazifalari yuklandi.
Mazkur yoʻnalishdagi ishlarni takomillashtirish maqsadida yangi tizim joriy qilindi. Ixtisoslik va yuridik kafedralar Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan iborat 14 ta maʼmuriy hududga biriktirildi. Kafedralar tomonidan hududlarning kriminogen vaziyatini oʻrganish, mavjud muammolar yuzasidan ichki ishlar organlariga metodik yordam koʻrsatish, akademiyani tamomlagan yosh xodimlar faoliyatini muntazam ravishda monitoring qilib borish yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻtgan qisqa vaqt ichida tajribali professor-oʻqituvchilar tomonidan har bir hududning oʻziga xos xususiyatlarini inobatga olgan holda 70 dan ortiq metodik qoʻllanmalar yaratilib, amaliyotga joriy qilindi. Ayni paytda kriminogen vaziyati murakkab hududlarni “ilmiy diagnoz” asosida oʻrganish natijasida ishlab chiqilayotgan taklif va tavsiyalar jinoyatchilikni jilovlashga xizmat qilmoqda.
Hozirgi globallashuv davrida rivojlangan davlatlarning ilgʻor yondashuv va tajribalarini oʻrganish tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Oʻquv dargohida ayni yoʻnalishda ham salmoqli ishlar amalga oshirilmoqda.
Soʻnggi uch yilda Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston, Belarus, Tojikiston va boshqa davlatlarning 15 dan ortiq turdosh oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi. Natijada, oʻquv dargohi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan xalqaro tashkilotlar 9 taga yetgan boʻlsa, turdosh xorijiy taʼlim muassasalari 30 tadan oshdi.
Istiqbolda xalqaro aloqalarni yanada kengaytirish, AQSH, Fransiya, Yaponiya, Qatar, Singapur, Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va boshqa davlatlarning eng ilgʻor taʼlim muassasalari bilan manfaatli hamkorlikni yoʻlga qoʻyish rejalashtirilgan.
Mazkur yoʻnalishdagi islohotlar haqida toʻxtalganda, akademiya huzuridagi Oʻquv-metodik kengash faoliyatini ham aytib oʻtish joiz. Yetakchi xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarining yuqori malakali mutaxassislaridan iborat mazkur kengashdan maqsad taʼlim jarayoniga ilgʻor xorijiy tajribalar va innovatsion pedagogik texnologiyalarni keng tatbiq etishdan iborat.
Islohotlar davrida taʼlim sifati va samaradorligini oshirish maqsadida yangicha mezonlar tatbiq qilindi. Professor-oʻqituvchilar faoliyatini baholashning “Smart reyting” elektron tizimi joriy etildi.
Soha vakillarining pedagogik mahorati va malakasini muntazam ravishda oshirib borishga qaratilgan uzluksiz tizim yoʻlga qoʻyildi. Ixtisoslashgan kafedralar professor-oʻqituvchilarining sohaviy xizmatlarda amaliyot oʻtashi belgilandi. Taʼlim sifatini nazorat va monitoring qilish markazini tashkil etish orqali oʻquv jarayoni samaradorligi oshirildi.
Keyingi yillarda akademiyaning moddiy-texnika bazasi tubdan takomillashtirildi. Oʻquv binolari kapital taʼmirdan chiqarilib, zamonaviy jihozlar bilan taʼminlandi. Kriminalistik laboratoriyalar tashkil qilingani munosabati bilan xatshunoslik va hujjatlarning texnik-kriminalistik ekspertizasini oʻtkazishga moʻljallangan maxsus vositalar olib kelindi. Shu bilan birga, oʻquv dargohi hududida yana bir yirik loyiha – Xitoy Xalq Respublikasi hukumatining begʻaraz koʻmagi asosida Innovatsion taʼlim fondining qurilish ishlari boshlab yuborildi.
Bugungi kunda Ichki ishlar vazirligi akademiyasi ilgʻor tajribalarni oʻzida mujassam etgan, mamlakatimiz va jahonda oʻz oʻrniga ega boʻlgan, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun yangi avlod kadrlarini yetishtirib beradigan nufuzli taʼlim maskaniga aylanib bormoqda.
Taʼlim jarayoniga tatbiq qilinayotgan yangilanishlar soha uchun intellektual salohiyati va professional bilim darajasi yuqori, maʼnaviy-axloqiy jihatdan yetuk, ona Vatanimiz va xalqimiz taqdiriga yuksak daxldor kadrlarni tayyorlashga xizmat qilmoqda.
Bugungi konferensiya oʻquv dargohimizning 30-yillik faoliyatini sarhisob qilish bilan birga, taʼlim sohasini rivojlantirishda manfaatli aloqalarni kengaytirish hamda global hamkorlik muhitini yaratishda muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz.
Rustam Hatamov