So`ngi yangiliklar
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
Tojikistonning Konibodomida yana to‘rt kishining jasadlari topildi. Mahalliy aholi vahimada
Tahlil qilingan davlat xaridlarida «Davlat xaridlari to‘g‘risida»gi qonunning tegishli modda talablari buzilganlik holatlari aniqlandi
Ichki audit xizmati xodimlarining faoliyati samaradorligini baholash tartibi belgilandi
Bugun havo yanada sovishi kutilmoqda
Media mahsulotlarini “ma’naviy ekspertiza”dan o‘tkazishni joriy etish to‘g‘risidagi qaror bekor qilindi
Xorijiy yetakchilardan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar
Bayram munosabati bilan koʻplab mamlakatlardan qutlovlar kelmoqda.
Koʻp millatli xalqimizning ona yurt va tabiatga mehr-muhabbat va gʻamxoʻrlik, ezgulik va bagʻrikenglik, bunyodkorlikka intilib, doʻstlik va totuvlikda yashash, tinchlik va farovonlikning qadriga yetish kabi oliyjanob qadriyatlarini oʻzida mujassam etgan qadimiy bayram – Navroʻzi olam munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga xorijiy davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar rahbarlari, taniqli jamoat arboblaridan samimiy tabriklar kelmoqda.
Xorijiy yetakchilar va hamkorlar mamlakatimizdagi aholi hayot darajasi va sifatini oshirishga qaratilgan ortga qaytmas siyosiy yangilanishlar va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni yuksak baholab, ularni toʻliq qoʻllab-quvvatlashini, davlatimizning xalqaro maydondagi nufuzi sezilarli darajada mustahkamlanganini qayd etmoqda hamda Oʻzbekiston xalqiga bardavom ravnaq tilaklarini izhor etmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Sizga Xitoy taqvimi boʻyicha Yangi yil munosabati bilan yoʻllagan tabrik maktubingiz uchun samimiy minnatdorlik bildirishga hamda Xitoy hukumati va xalqi nomidan, shaxsan oʻz nomimdan Sizni va Oʻzbekiston xalqini anʼanaviy bayramingiz – Navroʻz bilan chin dildan qutlashga ijozat bergaysiz.
Yaqinda Xitoyga amalga oshirgan davlat tashrifingiz davomida biz sermazmun va samarali muzokaralar oʻtkazib, Xitoy bilan Oʻzbekiston oʻrtasida barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirishimiz va Xitoy-Oʻzbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini yuksak ishonch bilan barpo etishimizni eʼlon qildik, bu esa ikki davlatning turli sohalardagi hamkorligi uchun yangi tarixiy imkoniyatlarni ochadi.
Men Xitoy-Oʻzbekiston munosabatlarini rivojlantirishga alohida eʼtibor qarataman va xalqlarimiz anʼanaviy doʻstligini mustahkamlash, Xitoy-Oʻzbekiston umumiy taqdir hamjamiyatini barpo etishni katta amaliy mazmun bilan boyitish sari davlatlarimiz modernizatsiyasiga koʻmaklashish maqsadida koʻp qirrali va oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish borasida Siz bilan birgalikda ishlashga tayyorman.
Sizga mustahkam sogʻlik va faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, doʻst Oʻzbekiston xalqiga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Si Szinpin,
Xitoy Xalq Respublikasi Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Prezident janoblari!
Qoʻshma Shtatlar xalqi nomidan Sizga va Oʻzbekiston xalqiga uygʻonish va yangilanish elchisi – Navroʻz ayyomi munosabati bilan eng ezgu tilaklarimizni yoʻllamoqdaman.
Oʻtgan yil davomida biz Markaziy Osiyo va undan tashqarida tinchlik va farovonlikni taʼminlash uchun xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik va mamlakatlarimiz oʻrtasidagi strategik sheriklikni mustahkamlash borasida hamkorlik qildik. Qoʻshma Shtatlar ushbu yangi imkoniyatlar davrida Oʻzbekistonning islohotlar va taraqqiyot yoʻlini qoʻllab-quvvatlaydi. Men xalqlarimiz va dunyodagi barcha insonlar uchun yanada yaxshi kelajak qurish yoʻlida mamlakatlarimiz birgalikda ishlashi uchun yangi imkoniyatlarni intizorlik bilan kutaman.
Navroʻz muborak!
Hurmat bilan,
Jozef Bayden,
Amerika Qoʻshma Shtatlari Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabrik va ezgu tilaklarimizni yoʻllashdan behad mamnunmiz.
Fursatdan foydalanib, Alloh taolodan Siz, Janobi Oliylariga sihat-salomatlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston xalqiga taraqqiyot va farovonlik tilab qolamiz.
Janobi Oliylari, Sizga boʻlgan yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Podshohi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylariga samimiy tabriklar va ezgu tilaklarni yoʻllashdan mamnunman.
Siz, Janobi Oliylariga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va xalqiga esa yuksak taraqqiyot va farovonlik tilab qolaman.
Siz, Janobi Oliylariga boʻlgan samimiy tilaklarim va yuksak ehtiromimni qabul qilgaysiz.
Muhammad bin Salmon bin Abdulaziz Ol Saud,
Saudiya Arabistoni Valiahdi, Vazirlar Mahkamasi Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Prezident Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylari, aziz qardoshim,
Har yili tabiatning jonlanishi va tuproqning uygʻonishi timsoli boʻlmish Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz, Janobi Oliylari hamda doʻst va qardosh Oʻzbekiston xalqiga eng samimiy tabriklarimni yoʻllashdan bagʻoyat baxtiyorman.
Asrlar avvaliga tayanuvchi qadim anʼana boʻlmish Navroʻz bizlarga umid va barakaga toʻla kunlar haqida suyunchi keltirmoqda. Umumiy madaniyatimizning muhim parchasi boʻlgan ushbu shukuhli kunlarda doʻstlik va qardoshlik rishtalarimizning yanada kuchayishiga aminman.
2024-yil biz uchun yangi imkoniyatlar va muvaffaqiyatlar olib keladigan yil boʻlishiga umid qilaman.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi aloqalar tobora mustahkamlanib, taraqqiy etishi hamda umumiy maqsadlarimizga birgalikda erishish yoʻlida yanada koʻproq hamkorlik qila olishimizni niyat qilib, Siz, Janobi Oliylariga hamda doʻst va qardosh Oʻzbekiston xalqiga sihat-salomatlik, baxt-saodat va omonlik tilab qolaman.
Kamoli ehtirom ila,
Rejep Tayyip Erdogʻan,
Turkiya Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Barchamiz uchun mushtarak boʻlgan bahor ayyomi Navroʻz munosabati bilan samimiy tabriklarimni qabul qilgaysiz.
Navroʻz bayrami tinchlik-xotirjamlik va ahillikning boshlanishi, ezgulik va bunyodkorlik darakchisi sifatida qardosh xalqlarimiz tomonidan alohida eʼzozlanadi, xayrli niyatlar va katta umidlar bilan kutib olinadi. Ushbu fayzli ayyom umumiy taqdir bilan bogʻlangan xalqlarimiz hayotini nurga toʻldirsin, qut-baraka va shodlik olib kelsin.
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi mustahkam doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilikka asoslangan strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari yaqin xalqlarimiz manfaatlari yoʻlida jadal rivojlanishda davom etishiga ishonchim qatʼiy.
Ushbu qutlugʻ kunda Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, masʼuliyatli davlatchilik faoliyatingizda yangi muvaffaqiyatlar, Oʻzbekistonning har bir xonadoniga baxt-saodat va farovonlik tilayman.
Hurmat bilan,
Qasim-Jomart Toqayev,
Qozogʻiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich,
Sizni bahorning qutlugʻ bayrami – Navroʻz bilan tabriklayman.
Asrlar osha davom etayotgan umumiy anʼanamiz, bahor va yangi hayot elchisi, qardoshlik va birodarlik ramzi boʻlmish ushbu ayyom mamlakatlarimizni nurafshon etib, shodlik va ravnaq olib kelsin.
Ushbu fayzli bayram munosabati bilan Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik va ulkan baxt, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barcha yaxshiliklarni tilab qolaman.
Eng ezgu tilaklar ila,
Nursulton Nazarboyev,
Qozogʻiston Respublikasining birinchi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Navroʻz bayrami bilan Sizni va butun Oʻzbekiston xalqini chin dildan qutlayman.
Qadimiy Navroʻz yangilanish va yaratuvchilik, tinchlik va ahillikka intilib yashashni ifoda etib, qardosh xalqlarimizning umumiy kelib chiqishini va eng namunali qadriyatlarini aks ettiradi, yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro hurmat mustahkamlanishiga poydevor yasaydi.
Ishonchim komil, boʻlajak ikki tomonlama tadbirlar natijalari davlatlarimiz oʻrtasidagi siyosiy muloqotning yuksak darajasini yana bir bor tasdiqlaydi hamda koʻp qirrali Qirgʻiziston-Oʻzbekiston hamkorligining muvaffaqiyatli rivojlanishi va mustahkamlanishiga xizmat qiladi.
Hurmatli Shavkat Miromonovich, Sizga mustahkam sogʻlik, davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar, qardosh Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va taraqqiyot tilayman.
Hurmat bilan,
Sadir Japarov,
Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Sizni va Siz orqali doʻst Oʻzbekiston xalqini xalqaro Navroʻz – bahorgi tengkunlik bayrami bilan tabriklash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi. Ajdodlarimizning ushbu qadimiy ayyomi munosabati bilan eng ezgu va samimiy tilaklarimni qabul qiling.
Ming yillar davomida insoniyat yoʻlini yoritib kelayotgan eng ulugʻ bayramlardan biri boʻlmish Navroʻzning azaliy urf-odatlari va boy falsafasi bugun odamzod hayotiga oʻzgacha koʻrk bagʻishlamoqda.
Ushbu bahor bayrami zamirida yotgan umuminsoniy qadriyatlar va boqiy gʻoyalar yangi hayot boshlanishi, tabiat uygʻonishi ramzi, ezgulik, bagʻrikenglik va oʻzaro anglashuv tantanasi sifatida bundan buyon ham bizga tiklanish va bunyodkorlik, tinchlik va xotirjamlik, oʻzaro hurmat va ishonch sari yoʻl koʻrsatib turadi.
Fayzli Navroʻzning ezgu anʼanalariga muvofiq, bizning saʼy-harakatlarimiz bilan strategik sherikligimiz va ittifoqchiligimiz doirasida mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari va oʻzaro manfaatli koʻp qirrali hamkorlik rivojlanishda va kengayishda davom etishiga ishonaman.
Sizga, hurmatli Shavkat Miromonovich, mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va katta muvaffaqiyatlar, birodar Oʻzbekiston xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va barqarorlik, farovonlik, taraqqiyot va ravnaq tilayman.
Navroʻz muborak!
Hurmat bilan,
Emomali Rahmon,
Tojikiston Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Sizni va Oʻzbekiston Respublikasining qardosh xalqini xalqaro Navroʻz bayrami bilan samimiy qutlayman!
Dunyoning koʻplab mamlakatlarida nishonlanadigan ushbu ayyom bahor boshlanishi va tabiat uygʻonishi ramzidir. Navroʻzning ezgu anʼanalari va urf-odatlari bugun juda dolzarb ahamiyatga ega birdamlik va oʻzaro anglashuvni ilgari surishga, xalqlar oʻrtasida tinchlik va doʻstlikni mustahkamlashga xizmat qilmoqda.
Ushbu ayyom kunlarida Sizga va mamlakatingiz xalqiga baxt-saodat, farovonlik va ravnaq tilayman.
Chuqur hurmat ila,
Serdar Berdimuhamedov,
Turkmaniston Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Hurmatli Shavkat Miromonovich!
Xalqaro Navroʻz ayyomi kirib kelishi munosabati bilan samimiy tabriklarim va eng ezgu tilaklarimni qabul qiling!
Navroʻz bayrami insoniyatning tinchlik, totuvlik va doʻstlik kabi boqiy qadriyatlarini ifoda etadi. Ming yillar davomida shakllangan oliyjanob anʼanalarni oʻzida mujassam etgan Navroʻz yuksak insonparvarlik va mehnatsevarlik tamoyillari tantanasini namoyish etib, ahillik, mehr-oqibat va tinchlik-totuvlikka intilib yashashga daʼvat etadi.
Ushbu fayzli bayram Sizga va mamlakatingiz xalqiga tinchlik-osoyishtalik, shodlik va yangi muvaffaqiyatlar olib kelsin!
Chuqur hurmat bilan,
Gurbanguli Berdimuhamedov,
Turkman xalqining milliy yetakchisi, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Muhtaram Shavkat Miromonovich!
Aziz qardoshim!
Sizga va qardosh Oʻzbekiston xalqiga boy tarixiy va madaniy merosimizni asrab-avaylab kelayotgan Navroʻz bayrami munosabati bilan samimiy tabriklarimni yoʻllash menga katta mamnuniyat bagʻishlaydi.
Ona-tabiatga cheksiz mehr-muhabbatning yorqin ifodasi boʻlgan Navroʻz yuksak qadriyatlarni oʻzida mujassam etadi va odamlarni bir-biriga yaqinlashtiradi. Bahorgi kayfiyat ulashuvchi Navroʻzning qadim anʼanalariga sadoqat boy madaniy merosimizga hurmatimiz ifodasi hamdir.
Boy maʼnaviy meros vorislari boʻlgan qardosh xalqlarimiz farovonligi yoʻlida hamda sherikligimiz va ahilligimizni asrash va muttasil mustahkamlash maqsadida birgalikdagi saʼy-harakatlarimizni muvaffaqiyatli davom ettirishimizga ishonaman.
Fursatdan foydalanib, mening Ozarbayjon Respublikasi prezidentligiga qayta saylanganim bilan yoʻllagan samimiy tabriklaringiz va ezgu tilaklaringiz uchun Sizga minnatdorlik bildiraman. Qardosh mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlarni rivojlantirish va barcha sohalarda hamkorligimizni chuqurlashtirish boʻyicha doimiy va qatʼiy saʼy-harakatlaringizni yuksak qadrlayman, oʻrtamizdagi shaxsiy munosabatlarni va doʻstligimizni doimo ardoqlayman.
Ushbu fayzli kunlarda Sizga va oilangiz aʼzolariga mustahkam sogʻlik va baxt-saodat, qardosh Oʻzbekiston Respublikasi ravnaqi yoʻlidagi oliy davlatchilik faoliyatingizda muvaffaqiyatlar tilayman.
Hurmat bilan,
Ilhom Aliyev,
Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti
Shavkat Mirziyoyev Janobi Oliylariga
Assalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu,
Navroʻz bayrami munosabati bilan Siz Janobi Oliylariga samimiy tabrik va tilaklarimni izhor etib, Sizga yil davomida farovonlik va xayru-baraka tilashdan mamnunman.
Doʻst mamlakatingiz va xalqingizning osoyishtaligi va ravnaqi yoʻlidagi barcha orzu-umidlaringiz va intilishlaringiz roʻyobga chiqishini soʻrayman.
Fursatdan foydalanib, Siz Janobi Oliylariga va oilangizga mustahkam sogʻlik, baxt-saodat va Alloh Taolo Sizni oʻz panohida asrashini tilab qolaman.
Shayx Muhammad bin Roshid Ol Maktum,
Birlashgan Arab Amirliklari Vitse-prezidenti, Bosh vaziri, Dubay amirligi hokimi
Shuningdek,
Eron Islom Respublikasi Prezidenti Ibrohim Raisiy,
Pokiston Islom Respublikasi Prezidenti Asif Ali Zardoriy,
Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev,
Shanxay hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Chjan Min,
Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husrav Noziriy.