Qidirish

13:20 / 2022-12-29 119 0 Jamiyat

Oʻzbekistonda yangi avlod darsliklari boʻyicha 14 ta tajriba maktablari tanlab olindi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Xalqaro kongress markaziga kelib, boshlangʻich sinflar uchun ishlab chiqilgan yangi avlod darsliklari taqdimoti bilan tanishdi.

world-news

Taʼkidlanishicha, yangi avlod darsliklari boʻyicha respublikada  14 ta tajriba maktablari tanlab olindi. Yangi oʻquv yilidan boshlab ushbu maktablarda  yangi darsliklar boʻyicha  taʼlimni olib borish rejalashtirilgan. Ularning oʻqituvchilari seminar-treninglarda qatnashib, oʻqitishning yangi metodikalarini oʻzlashtirdilar.

 

Mazkur maktablar misolida mamlakatimizdagi barcha oʻrta umumtaʼlim oʻquv muassasalar uchun texnik va infratuzilma standartlari  ishlab chiqiladi.

Taqdimot davomida  quyidagi mavzular boʻyicha  koʻrgazma zonasi tashkil etildi:

- ishlab chiqilgan darsliklar bilan tanishish zonasi;

- asosiy darsliklarga qoʻshimcha ravishda ishlab chiqilgan raqamli  manbalar taqdim etilgan texnozona;

- namunali sinf.

Prezident yangi avlod darsliklari bilan tanishuv jarayonida xalqaro tajriba sinovi darslari bilan tanishdi.

Oʻquvchilar zamonaviy gadjetlar orqali qanday bilim olayotgani namoyish etildi. Chunki bugungi jamiyatimiz texnologiyalar va gadjetlar bilan bevosita bogʻliq. Shu bois oʻquvchilarga taʼlim berishda zamonaviy kommunikatsiya vositalari imkoniyatidan samarali foydalanish, oʻquvchilarning ham oʻynab, ham oʻrganishi uchun sharoit yaratishga harakat qilinyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoyev bu yerda bolalar bilan suhbatlashdi. Oʻquvchilar, xususan, alohida taʼlimga muhtoj bolalar dars jarayonlarini qanday oʻzlashtirayotgani bilan qiziqdi.

Yangi avlod darsliklari taqdimotida tanishtiriladigan oʻquv-metodik komplekslar (OʻMK)  asosini  Tanqidiy fikrlash, Jamoaviy ishlash,  Ijodkorlik (Kreativlik) va Muloqot qilish koʻnikmalarini rivojlantirish (4K) tamoyili tashkil etadi.

Ularni ishlab chiqishda xalqaro dasturlar tomonidan oʻquvchilarning muvaffaqiyatlarini baholashda   qoʻllaniladigan  namunaviy  topshiriqlar oʻrganib chiqildi va asos qilib olindi (PISA, PIRLS, TIMSS, EGMA, EGRA).

Oʻquv metodik komplekslar faol oʻquv jarayoni uchun toʻliq materiallar toʻplami: darsliklar, mashq daftarlari, oʻqituvchilar uchun uslubiy qoʻllanmalarni oʻz ichiga oladi.

Shuningdek, Estudy elektron taʼlim platformasi ham  ushbu tizimga uygʻun tarzda qiritilgan. U matematika, tabiatshunoslik, informatika kabi fanlar boʻyicha oʻquv kurslarni hamda egallangan bilimlarni  mustahkamlash uchun  300 dan ziyod  ongni oshiradigan oʻyinli vazifalarni oʻz ichiga oladi.

Platformadan dars davomida ham,  boʻsh vaqtda ham foydalanish mumkin. Oʻquvchilar uning yordamida oʻzlashtirgan materialni mustahkamlash bilan birga, mustaqil ravishda dasturdan ilgarilab ketishlari ham mumkin. Platforma TAS-IX tarmogʻida joylashtirilgan, bu esa undan bepul foydalanish imkonini beradi.

Oʻquv-metodik komplekslar Android, IOS platformalari va “Matematika” va  “Alifbo” mobil ilovalari uchun oʻzbek va rus tillarida ongni oʻstiradigan oʻyinlar toʻplamiga ega interfaol  oʻquv dasturini  ham oʻz ichiga oladi.

Eʼtiborlisi, 1-3 sinflar uchun taqdim etilgan darsliklarning bir qismi, xususan, tasviriy sanʼat, oʻzbek tili va musiqiy savodxonlik boʻyicha kitoblar kengaytirilgan reallik texnologiyalaridan  foydalanilgan holda ishlab chiqilgan.

Bu oʻquvchilarni  fanga yanada koʻproq qiziqtirish hamda bugungi oʻsmirlar hayotida muhim boʻlgan gadjetlarni  foydali vositaga aylantirish maqsadida ishlab chiqildi. Kengaytirilgan reallik ilovasi  1-marta yuklab olinadi va oflayn rejimida ishlaydi.

Izohlar 0

Fikr bildirish