Qidirish

22:12 / 2025-08-24 509 0 Hodisalar

Qonun chetga surilgan saylov

Oʻzbekistonda mahalla instituti demokratik boshqaruvning eng muhim pogʻonalaridan biri hisoblanadi...

world-news

Mahalla raisi saylovlari esa xalqning toʻgʻridan-toʻgʻri oʻz hokimiyatini shakllantirishiga xizmat qilishi kerak. Ammo ayrim hollarda bu jarayon qonun talablaridan chetga chiqib, mahalliy manfaatlar qurboniga aylanib qolmoqda.

Pastdargʻom tumani “Joul Qosim” mahallasida yuz bergan voqea buning yaqqol isbotidir. 2022-yil 8-avgustda Said Omonov fuqarolar yigʻini raisi etib uch yil muddatga saylangan. Qonunga koʻra, uning vakolati 2025-yil avgust oyida tugashi kerak edi. Biroq 2025-yil 22-may kuni — yaʼni vakolat muddati tugamasdan turib — mahallada yangi saylov oʻtkazildi. Bu holatning oʻziyoq qonun buzilishini koʻrsatsa-da, eng qizigʻi, saylov jarayonining oʻzida ham qator qonunbuzarliklar kuzatildi.
Said Omonov saylovdan keyin sudga murojaat qilib, arizasida 10 dan ziyod jiddiy qonunbuzarlik holatlarini koʻrsatdi.

Jumladan:

– uning vakolati tugamasdan turib saylov oʻtkazilgani;
– ishchi guruh qarorlari haqiqiy yigʻilishsiz tayyorlangani va soxta imzolar qoʻyilgani;
– nomzodlar roʻyxati oʻzgartirilib, ayrim qonuniy nomzodlar chiqarib tashlangani;
– mahallada besh yil yashamagan shaxs (U.Abdugʻaniyev) nomzod qilib koʻrsatilgani;
– qatnashganlar soni sunʼiy koʻrsatilib, aslida 60–65 kishi qatnashgani holda
bayonnomada 160 kishi deb yozilgani;
– ovozlar hisobida ziddiyatlar borligi va Petgʻayevning haqiqiy natijasi sunʼiy
ravishda oshirilgani;
– ishchi guruh ish rejasi qonunga xilof ravishda saylov kuniyoq tayyorlangani.

Birinchi bosqichda Samarqand tumanlararo maʼmuriy sudi (sudya A.Shavazi) arizani bir yoqlama koʻrib chiqib, Omonovning daʼvolarini rad etdi. Arizachi bu qarorni asossiz deb topib, apellyatsiya shikoyati bilan viloyat maʼmuriy sudiga murojaat qildi.Apellyatsiya jarayonida shikoyatda koʻrsatilgan barcha dalillar atroflicha oʻrganildi. Sud tomonidan “Fuqarolar yigʻini raisi saylovi toʻgʻrisida”gi 2018-yil 15-oktyabrda qabul qilingan qonunning bir qator moddalari buzilgani aniqlandi.

Xususan, vakolat muddati tugamasdan saylov tayinlanishi, nomzodlar hujjatlari oʻz vaqtida koʻrilmasdan eʼlon qilingani, qatnashganlar soni sunʼiy koʻrsatilgani va ayrim hujjatlar qalbakilashtirilgani sud tomonidan jiddiy qonunbuzarlik sifatida baholandi.Shu asosda Samarqand viloyati maʼmuriy sudi apellyatsiya hayʼati 2025-yil 4-iyun kuni chiqarilgan tumanlararo sud qarorini bekor qildi va Omonovning arizasini toʻliq qanoatlantirdi. 2025-yil 22-may kuni oʻtgan saylov haqiqiy emas deb topildi.

Bu qaror nafaqat bitta mahallada, balki butun mamlakatda jamoatchilik nazorati va qonuniylikka ishonch uchun muhim ahamiyatga ega. Chunki mahalla — xalq davlatga emas, balki davlat xalqqa xizmat qilishi kerak degan shiorning hayotiy maydonidagi eng katta koʻzgusi. Agar mahallada adolat va qonuniylik taʼminlanmasa, yuqori darajadagi islohotlar ham xalq ongida samara bermaydi. Jurnalistik tahlil shuni koʻrsatadiki, bu kabi holatlar ikki muhim masalani ochib berdi.

Birinchisi — mahalliy saylovlarni tashkil etishda qonun talablariga qatʼiy amal qilish zarurligi. Ikkinchisi — fuqarolarning huquqiy ongi va faolligi qanchalik muhim ekanligi. Agar Said Omonov oʻz huquqini talab qilmaganida, ehtimol, mahalladagi noqonuniy saylov “qonuniy” sifatida qolib ketar edi.
Shu bilan birga, bu voqea prokuratura va davlat idoralari uchun ham sinov boʻldi. Qalbaki hujjatlar va noqonuniy harakatlar ortida turgan shaxslar aniqlanib,
javobgarlikka tortilishi zarur. Faqat shundagina kelgusidagi saylovlarda adolatli raqobat va shaffoflik taʼminlanishi mumkin.

“Joul Qosim” mahallasidagi voqea — bu oddiy bir mahallaning ichki ishi emas. Bu, avvalo, qonun ustuvorligi, xalqning davlatga ishonchi va demokratik jarayonlarning amalda qanday ishlayotgani haqidagi savollarga javobdir. Agar qonun ustuvor boʻlsa, hatto kichik bir mahalladagi saylov ham adolatli oʻtadi. Agar qonun chetga surilsa, eng qimmatli institut — xalqning ishonchi yoʻqoladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish