Qidirish

16:44 / 2025-03-31 347 0 Dunyo

Focha: tarix, moviy goʻzallik va unutilmas tajriba

Rang-barang gullar osilgan tosh uylar, tarix, moviy dengiz, mazali Egey taomlari... Bu goʻzalliklarning barchasi Fochada mujassam.

world-news

Izmirning mashhur shaharlaridan biri boʻlgan Focha tarixiy va tabiiy goʻzalliklarning uchrashish nuqtasidir. Ushbu hudud ikki qismga boʻlingan: Eski va Yangi Focha. Eski Focha tarixi antik davrlarga, Yangi Focha tarixi esa XIV asrga borib taqaladi.

Qadimgi Focha: uning tarixiy tuzilishi va jozibasi

Fochaning eski nomi “Phokaia” (baʼzi manbalarga koʻra Phocaea) boʻlib, u qadimgi yunoncha “phoke” soʻzidan olingan va “tyulen” degan maʼnoni anglatadi. Hududda tyulenlar yashagani uchun tumanga shunday nom berilgan. Bugungi kunda ham Fochaning koʻplab hududlarida, ayniqsa Siren qoyalarida tyulenlarni koʻrish mumkin.

“Tarix otasi” sifatida tanilgan Gerodotga koʻra, Eski Focha nafaqat dengizchilikda, balki muhandislik sohasida ham katta muvaffaqiyatlarga erishgan. Ular oʻsha paytda 500 yoʻlovchi va 50 eshkak sigʻimiga ega tezkor qayiqlardan foydalangan holda uzoq dengiz sayohatlariga chiqishga muvaffaq boʻlishgan. Hatto Italiya va Fransiya qirgʻoqlariga ham yetib borishgan.

Bugun kunda Eski Fochaning eng diqqatni tortadigan birinchi jihati uning portidir. Bu joy Fochaning markazi hisoblanadi. Eski Fochaning qaysi koʻchasidan chiqsangiz ham, sizni betakror moviy suvlar va ohista tebranayotgan kichik qayiqlar kutib oladi. Fochaning moviy dengizlarini kashf qilish uchun qayiq va yaxta sayohatlariga qoʻshilish mumkin. Shuningdek, XVI asrga oid shamol tegirmonlari tumanning ajoyib manzarasini taqdim etadi. Bu yerda hali toʻliq ochilmagan qadimiy teatr ham bor.

Yangi Focha: maftunkor qirgʻoq shaharchasi

Yangi Focha tarixi XIV asrga, yaʼni genuyaliklarga borib taqaladi. Vizantiyaliklar bu joyni genuyaliklarga hadya qilib berishgan va vaqt oʻtishi bilan u muhim markazga aylangan, chunki u boy alunit zahirasiga ega edi.

Fochaning tarixiy joylari: oʻtmishga sayohat

Besh darvoza qalʼasi Eski Fochada joylashgan. XI-XII asrda qurilgan ushbu qalʼa Focha qalʼasi deb ham atalgan va XIII asrda genuyaliklar tomonidan qayta tiklangan. Usmoniylar 1538-1539-yillarda qalʼani qayta taʼmirlab, minoralar qoʻshgan. “Phokaia shahar devorlari” deb nomlanuvchi qalʼa devorlarining tarixi ancha oldingi davrga, miloddan avvalgi 590-580-yillarga toʻgʻri keladi. Qalʼaning ichida ioniyaliklarning eng qadimgi ibodatxonalaridan biri boʻlgan Afina ibodatxonasi joylashgan. Ushbu ibodatxonada olib borilgan qazishmalar natijasida mintaqada birinchi marta tyulen ramzidan boshqa ramzlarning mavjudligi aniqlandi.

Phokaia qadimiy shahri

Fochaning chegaralari ilgari Qadimgi Phokaia shahri sifatida tanilgan. Arxaik davrning muhim markazlaridan biri boʻlgan Qadimgi Phokaia shahri ham dengizchilik nuqtayi nazaridan koʻzga koʻringan joylardan edi. Bu yerdan topilgan asarlar orasida Gerodot devori, Afina ibodatxonasi, Fors qabri yodgorligi va Kibele ibodatxonasi kabi inshootlarni sanash mumkin.

Fotih masjidi

Focha nafaqat yunonlarning, balki Usmoniylarning ham izlarini topish mumkin boʻlgan joydir. Focha Usmoniylar hududiga kiritilganidan keyin Fotih Sulton Mehmet tomonidan 1455-yilda qurilgan Fotih masjidi mintaqadagi turklar tomonidan qurilgan birinchi muhim inshootdir. Ismini Fotih Sulton Mehmet nomidan olgan ushbu masjid Usmoniylar tomonidan Fochada qolgan eng qadimgi inshoot boʻlgani uchun ham ahamiyatlidir.

Agʻalar saroyi

Besh darvoza qalʼasi ortida joylashgan Agʻalar saroyi Otaturk Fochaga tashrif buyurganida qolgan saroydir. 300-yillik inshootning faqat bir qismi hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Saroy meʼmorchiligi Safranbolu, Gʻarbiy Onadoʻli va Kayseri uylarida koʻp uchraydigan uslubga asoslangan.

Fochaning tabiiy goʻzalliklari: Plyajlar va koʻrfazlar

Tabiiy goʻzalligi bilan koʻzni qamashtiradigan Focha, ayniqsa yoz oylarida muhtasham koʻrnishi bilan barchani lol qoldirmoqda. Shahardagi Qadimgi Focha Qoraqum plyaji, Sazlija plyaji, Kosovo plyaji, Kaleburnu plyaji, moviy bayroqli Yangi Focha jamoat plyajlari sayohat ixlosmandlarining eng sevimli manzillaridan hisoblanadi.

Fochaning kashf etilishini kutayotgan koʻrfazlarining jilosi beixtiyor insonni oʻziga maftun qiladi. Chanak koʻrfazi tabiatdan bahra olishni istaganlar uchun ajoyib joy. Chanak koʻrfazi sayoz va tiniq dengizi bilan endigina suzishni oʻrganayotganlar uchun yaxshi manzil sifatida ajralib turadi. Koʻrfazning “chanak” (kosa) deb atalishining sababi shuki, u ikki tomondan toshlar bilan oʻralganligi bois kosaga oʻxshash shaklga ega.

Eski Fochadan 4 km uzoqlikda joylashgan Mersinaki koʻrfazida Guverjin orolining ajoyib manzarasini koʻrish mumkin. Mersinaki koʻrfazining goʻzal jihatlaridan biri shundaki, uning atrofida boshqa koʻplab plyajlar mavjud.

Eski Fochadan Yangi Fochagacha choʻzilgan qismida 6 ta orol bor. Orollarda tabiatning benazir goʻzalligiga guvoh boʻlish mumkin. Orak orolining sohillari uzoq hududga tarqalib, toshloq tuzilishga ega. Anjir oroli Fochaning ikkinchi yirik oroli boʻlib, avvallari Aya Yorgi oroli deb atalgan. Turkiyaning Oʻrta yer dengizidagi yagona tyulen koloniyasi mavjud orol hisoblanadi. Uchinchi yirik orol Fener oroli boʻlib, Ogʻlak oroli sifatida ham tanilgan va tabiat qoʻynida tinch dam olishni xohlovchilarni oʻziga tortadigan yana bir manzil.

Metelik oroli Egey dengizining tabiati va hayvonot olami bilan yaqindan tanishishni istaganlar uchun ayni muddaodir. Bu yerda turli xil qushlar va dengiz toshbaqalarini koʻrish mumkin. Guverjin orolida esa koʻk rangning barcha turlarini uchratish mumkin. Plyaj toshli boʻlgani uchun dengiz poyabzalidan foydalanish tavsiya qilinadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish