Qidirish

11:15 / 2025-03-31 385 0 Dunyo

Tarixda ilk bor insonga choʻchqa jigari koʻchirib oʻtkazildi

Xitoyning Sian shahridagi 4-harbiy tibbiyot universiteti olimlari birinchi marta genetik jihatdan oʻzgartirilgan choʻchqa jigarini komadan chiqmaydigan bemorga koʻchirib oʻtkazish boʻyicha eksperimental jarrohlik amaliyotini oʻtkazishdi.

world-news

Organ oltita gen tahrirlangan choʻchqadan olingan. Qabul qiluvchi miya funksiyasini qaytarib boʻlmaydigan darajada yoʻqotish tashxisi qoʻyilgan katta yoshli inson edi, uning hayoti tibbiy asbob-uskunalar bilan taʼminlab turilgandi.

Tajriba 10 kun davom etdi va bemorning oilasi iltimosiga binoan tugatildi. Kuzatish davrida transplantatsiya qilingan jigar normal ishladi, safro va protein albumin ishlab chiqargan.

Choʻchqalar ksenotransplantatsiya (turlar orasidagi organ transplantatsiyasi) uchun optimal donorlar hisoblanadi. Ularning anatomiyasi va fiziologiyasi insonnikiga yaqin, genetik modifikatsiya esa rad etish xavfini kamaytiradi.

Tadqiqot mualliflarining qoʻshimcha qilishicha, choʻchqa jigari inson jigariga qaraganda ancha kam safro va albumin ishlab chiqargan. Texnologiyani yaxshilash uchun 10 kundan ortiq davom etadigan yangi tajribalar talab qilinadi.

Bungacha AQSHda choʻchqa buyragini odamlarga koʻchirib oʻtkazishga ruxsat berilgandi. Manbaga koʻra, tartibga soluvchi idora “United Therapeutics” va “eGenesis” kompaniyalariga klinik sinovlarni tasdiqlagan. Tadqiqotda buyrak yetishmovchiligining soʻnggi bosqichida olti nafar bemor ishtirok etadi. Kelgusida ishtirokchilar sonini 50 nafarga yetkazish reja qilingan. “United Therapeutics” kompaniyasining birinchi operatsiyasi 2025-yilning oʻrtalarida boʻlib oʻtishi kutilmoqda. “eGenesis” kompaniyasi tomonidan esa uchta buyrak transplantatsiya qilinadi.

Avvalroq, choʻchqa buyragi koʻchirib oʻtkazilgan AQSH fuqarosi Tovana Luni u bilan 61 kun yashab, oʻzini yaxshi his qilgani, bunday operatsiyadan keyin umr koʻrish boʻyicha yangi rekord oʻrnatganini maʼlum boʻlgandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish