Qidirish

13:39 / 2025-03-21 677 0 Dunyo

Turkiyada Navroʻz qanday nishonlanadi?

Dunyoning eng qadimiy bayramlaridan biri va “bahor darakchisi” boʻlmish Navroʻz “yangi kun” demakdir.

world-news

5 ming yil davomida yuzlab jamoalarda turli nomlar ostida nishonlangan Navroʻz madaniy meros orqali bugungi kungacha saqlanib qolgan va turkiy dunyoning milliy rishtalarini mustahkamlagan eng muhim bayramlardan biri sanaladi. Navroʻz tabiatning jonlanishi, toʻkinlik, unumdorlik, mehr-oqibat, birodarlik va doʻstlik ramzi boʻlib, milliy bayram sifatida Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Oʻzbekiston, Turkmaniston, Afgʻoniston va Tojikistonda keng nishonlanadi.

Navroʻz haqida afsonalar va diniy eʼtiqodlar

Navroʻz quyosh, iliqlik va moʻl-koʻllikni ifodalaydi. Afsonalar va eʼtiqodlarda olovning paydo boʻlishi muzlik davrida odamlar tomonidan olov ixtiro qilinishini, dalalarni haydash va hayvonlarni xonakilashtirilgan neolit davriga kirishni anglatadi. Navroʻz rivoyatlarida tilga olingan olov, suv, tuproq, gʻor kabi unsurlar hozirgi kunda ham butun insoniyat hayotining ajralmas parchasidir.

Biroq, din va eʼtiqodidan qatʼi nazar, turklar uchun olov ayniqsa muhimdir. Oltoy xalqlaridan tortib tatarlargacha, ozarbayjonlardan tortib karaylargacha, gagauzlargacha boʻlgan koʻplab turkiy xalqlar uchun olov va suv maʼnaviy va jismoniy poklanish vositasi hisoblanadi. Shu boisdan ham turk xalqlarida Navroʻz bayramida gulxan yoqish va ezgu tilaklar tilab olov ustidan sakrab oʻtish anʼana sanaladi.

Butun Turk olami tomonidan hayajon bilan nishonlanadigan, qalblar shodlik, baxt va kelajakka umid bilan toʻlgan bu alohida kunda xafa boʻlish eng katta uyat va ayb hisoblanadi. Bayramlarda mintaqaga qarab turli xil oʻyinlar oʻynaladi, bu kun uchun maxsus taomlar pishiriladi va koʻngilochar tadbirlar tashkil etiladi. Navroʻz taomlari tanovulidan soʻng odamlar bir-birlarini bayram bilan qutlaydilar va qabristonlarni ziyorat qiladilar. Shu kuni oʻzaro hafagarchiliklar tugatiladi, ajralish arafasida turgan oilalar mahalla oqsoqollari tomonidan yarashtiriladi. Kambagʻallarga, yolgʻizlarga, keksalarga moddiy va maʼnaviy yordam koʻrsatiladi. Yoshlar Navroʻz gulxanidan sakrab oʻtishadi.

Hududlarda Navroʻz

Turkiyada va turk madaniyati tarqalgan mintaqalarda Navroʻz qiziqarli odatlar bilan nishonlanadi. Ushbu odatlardan baʼzilari quyidagilardir:

- Mersin-Silifke mintaqasidagi Toros turkmanlari orasida Navroʻz “Mart ipi” nomi bilan mashhur boʻlib, odamlar Navroʻz kuni daraxtlarga mato bogʻlab, togʻ yonbagʻirlariga saylga chiqadilar. Togʻli uylarda yashaganlar mehmonlarni oʻz uylarida kutib olishadi, mehmon kelganini miltiqdan oʻq uzib bildiradi, togʻlilarning boshligʻi ham oʻq uzib javob qaytaradi. Soʻngra oʻzaro miltiqdan oʻqlar uzilib, “Navroʻz ayyomingiz muborak boʻlsin, naslingiz barakali boʻlsin” deb tilakdosh boʻlishadi. Oʻsha yili 20 qoʻzi yoki ulogʻi boʻlgan suruv egasi bir hayvonni qurbonlik qiladi va u yerda pishirib yeyiladi.

-Taxtachi turkmanlari orasida Navroʻz “Sulton Navroʻz« nomi bilan mashhur. Eski mart oyining 9 kuni nishonlanadi va odamlar togʻ yonbagʻirlariga chiqadilar. Shu munosabat bilan xalq orasida «togʻlar toʻqqizinchi martdan keyin mehmon qabul qiladi”, degan gap bor.

-Gaziantep va uning atrofidagi tumanlarda 22-mart kuni “Sulton Navroʻz” deb nomlanadi. Xalq eʼtiqodiga koʻra, Sulton Navroʻz goʻzal qiz boʻlib, 21-martdan 22-martga oʻtar kechasi gʻarbdan sharqqa hijrat qiladi, boshqa bir eʼtiqodga koʻra, qush qiyofasida uchuvchi darveshdir. Navroʻz kechasida Sulton Navroʻz oʻtishida bedor boʻlganlarning barcha tilaklari amalga oshishiga ishoniladi.

-Malatyaning baʼzi qishloqlarida Navroʻz “Qish tugadi” bayrami sifatida nishonlanadi.

- Agʻri va uning atrofidagi hududlarda yoshlar oʻsha kechasi niyat qilib, eshikka quloq tutadilar, ichkaridagi suhbatdan niyatlari roʻyobga chiqadimi yoki yoʻqligini talqin qilishga harakat qiladi.

-Giresunda Navroʻz “Mart Bozumu” sifatida nishonlanadi va atrofdagi soylardan suv olib kelinadi va hayvonlarga sepiladi.

-Edirnada eski somonlar yoqilib, “Mart kir, burga chiqib ket” deb uning ustida sakrashadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish