Qidirish

10:39 / 2025-02-28 387 0 Dunyo

Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi Opera binosida Madaniyat va turizm vaziri Mehmet Nuri Ersoy hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

world-news

Uchrashuv yakunida “Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻrtasida turizm sohasidagi Kelishuv bayonnonmasi va Harakatlar rejasi”ni imzolash marosimi boʻlib oʻtdi va unga koʻra ikki davlat oʻrtasidagi avia reyslar sonini oshirish va sayyohlar sonini 1 million kishiga yetkazish koʻzda tutilgan.

“Oʻzbekiston tarixiy va madaniy boyliklari bilan dunyoning eng muhim turizm yoʻnalishlaridan biridir. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi betakror shaharlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo madaniy merosida muhim oʻrin tutadi. Bundan tashqari, oʻzbek taomlari, anʼanaviy hunarmandchilik va sayyohlik sohasidagi noyob tajribalari Oʻzbekistonning turizm sohasidagi oʻrnini yanada mustahkamlamoqda”, dedi Mehmet Nuri Ersoy.
Mehmet Nuri Ersoy oʻtgan yilning iyun oyida boʻlib oʻtgan Oliy darajadagi strategik hamkorlik kengashi munosabati bilan turizm sohasidagi mushtarak maqsadlarni ilgari surgan “Kelishuv bayonnomasi”ni imzolaganliklarini taʼkidlab, ikki davlat oʻrtasida turizm sohasida hamkorlikni oshirish va qoʻshma loyihalar ishlab chiqishga ustuvor ahamiyat berganliklarini qayd etdi.

“Ikki davlat oʻrtasidagi aviaqatnovlar sezilarli darajada oshganini kuzatmoqdamiz”

Mehmet Nuri Ersoyga koʻra, ikki davlatda ham turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun koʻplab imkoniyatlar mavjud va ikki davlat oʻrtasida turizm hamda madaniyat sohalaridagi hamkorlik hozirda eng yuqori darajada davom etmoqda.

“Fidoyilik va xayrixohlik doirasida hamkorligimizni davom ettirish va yanada rivojlantirish mamlakatlarimizning maqsadlari qatoriga kiradi. Biz ham shu maqsadga xizmat qiladigan har qanday loyihaga oʻz hissamizni qoʻshishga tayyormiz. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida havo qatnovida jiddiy oʻsish kuzatdik. Kelajakda ikkala davlat hissasi bilan bu oʻsishning davom etishini taʼminlaymiz. Kelishib olganimizdek, turli shaharlardan maqsadli yoʻnalishlarga parvozlar sonini oshiramiz va parvoz rejalariga yangi yoʻnalishlarni kiritamiz. Nafaqat bayroq tashuvchilarni, balki oʻzaro charter samolyotlarini ham koʻpaytiramiz. Umid qilamanki, ushbu chora-tadbirlar rejasi ikki mamlakat oʻrtasida turizm sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga turtki boʻladi. Bu jarayonda sizlar bilan birga ishlash va hamkorlik qilishdan mamnunman. Ikki mamlakat uchun ham foydali boʻladi, degan umiddaman”, deya qoʻshimcha qildi Mehmet Nuri Ersoy.

“Turkiyaning turizm sohasidagi rivojini diqqat bilan kuzatib boramiz”

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qardoshlik aloqalari azaldan boʻlganini, turizm ikki davlatning mushtarak jihatlaridan biri ekanini taʼkidladi.

Aziz Abduhakimov oʻz nutqida Turkiyaning turizm nuqtayi nazaridan nodir va goʻzal oʻlka ekanligini, uning turizm sohasidagi rivojini yaqindan kuzatib borayotganliklarini tilga oldi va bu holatning Oʻzbekiston turizmiga ham hissa qoʻshishiga umid bildirdi.

“Ushbu Kelishuv bayonnomasi va Harakat rejasi biz qoʻyadigan qadamlar nuqtayi nazaridan nihoyatda muhim. Shu maʼnoda oʻz maqsadlarimizni belgilab oldik va quyidagi takliflar ilgari surildi:

— Turizm maskanlarini bogʻlaydigan aviaqatnovlarni koʻpaytirish;
— Oʻzbekistonda Turkiyaning va Turkiyada Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish;
— Moturidiy, Naqshbandiy va Buxoriy tariqatlari izdoshlarining Turkiya markaziy va sharqiy provinsiyalarida istiqomat qiladigan yirik jamoalarini (umumiy 3 mln atrofida) Oʻzbekistonga kengroq jalb etish, muzeylar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, madaniy tadbirlarni koʻpaytirish;
— “Turk qardoshlar” dasturini amalga oshirish, davlatlarimiz tarixini oʻzaro chuqurroq oʻrganish, hamkorlikda kino asarlari yaratish;

— Oʻzbekistonda jadal rivojlanib borayotgan turizm yoʻnalishlari – ekoturizm, ekstremal turizm, ziyorat turizmiga bagʻishlangan tematik koʻrgazmalar, foto-koʻrgazmalar tashkil qilish;
— Turkiyalik sayyohlarning Buxorodagi 7 ta Pir ziyoratgohlariga sayohatlarini yoʻlga qoʻyish;
— Turkiya muzeylarida Oʻzbekiston muzey eksponatlari burchaklarini yaratish;
— Turkiyaning yirik sanʼat dargohlari, park va bogʻlarida Oʻzbekiston tomonidan YUNESKO nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan baxshichilik, maqom sanʼati va lazgi raqsi namoyishlari, madaniy festivallar va “open-air” tadbirlarini oʻtkazish;
— turkiyaliklar uchun, ularning talab va istaklariga mos turistik mahsulotlar yaratish maqsadida turoperatorlar, restoratorlar, turizm infrastrukturasiga sarmoya kiritadigan kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish;
— aeroportlarda, mehmonxona, kafe va restoranlarda turk tilida koʻrsatkich belgilarini oʻrnatish, menyular yaratish, turk turistlariga moslashtirilgan (tailor-made) marshrut, ekskursiya va turlar hamda davlatlar kulinariyasini birlashtirgan restoranlar tashkil qilish;
— Turizmning turli sohalari boʻyicha oʻzaro tajriba almashish. Biz bu masalalarda hamkorlik qilishga kelishib oldik. Ayni paytda Oʻzbekistondan Turkiyaga 250 mingdan ortiq, Turkiyadan Oʻzbekistonga 150 mingdan ortiq sayyoh kelmoqda. Bu bizning imkoniyatimiz qanchalik yuqori ekanligini va uni qanday oshirish mumkinligini koʻrsatadi. Bundan kelib chiqib, Turkiyadan Oʻzbekistonga 1 million kishi, Oʻzbekistondan esa 1 million kishi Turkiyaga tashrif buyurishini maqsad qilgan holda ish olib borishga ham kelishib oldik. Bu raqamlarga erishsak, madaniy birligimizni ham mustahkamlagan boʻlamiz”, deya oʻz nutqini yakunladi A.Abduhakimov.

Oʻz navbatida Mehmet Nuri Ersoy Oʻzbekiston tomonidan bildirilgan barcha tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi. Maʼruzalardan soʻng ikki vazir Kelishuv bayonnomasi va Harakat rejasini imzoladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish