Qidirish

19:12 / 2025-02-17 368 0 Dunyo

Turkiyaning muhtasham saroylari

Shunday inshootlar borki, insonlarni nafaqat oʻzining ulugʻvorligi bilan hayratga soladi, balki tarixning chang-toʻzonli sahifalariga uzoq va chuqur sayohatga olib chiqadi.

world-news

Turkiyaning mashhur saroylari aynan shunday! Qudrat, gʻalaba va nafosatning oʻziga xos birligini aks ettirgan qadimiy saroylar Turkiyaning chuqur ildiz otgan oʻtmishiga nur sochadi. Bugungi kunda saroylarning aksariyati Istanbulda joylashgan.

Dolmabahche saroyi

Dolmabahche saroyi oʻzining ulugʻvorligi bilan Turkiyadagi mashhur saroylar roʻyxatida birinchi oʻrinda turadi va 1843-yilda qurilishi boshlanib, 1856-yilda foydalanishga ochilgan. Sulton Abdulmajid tomonidan fransuz barokko uslubida qurilgan ushbu saroy Usmoniylar davrining eng shonli yillarini aks ettiradi.
Turkiya Respublikasining asoschisi Mustafo Kamol Otaturk Istanbulga qilgan safarlari davomida Dolmabahche saroyida istiqomat qilgan. U 1938-yil 10-noyabrda saroyning 71 xonasida vafot etgan. Dolmabahche saroyi Turkiyadagi monoblokli eng katta saroy sifatida ham ajralib turadi.

Isʼhoq posho saroyi

Agʻrining Dogʻubayazit tumanida joylashgan Isʼhoq posho saroyi bugungi kunda shaharning eng mashhur binolaridan biridir. Qurilishi 99-yil davom etgani uchun shuhrati butun dunyoga taralgan Isʼhoq posho saroyi tarix va meʼmorchilikning eng bebaho namunasini taqdim etadi. Saroy Usmoniylar tarixidagi Lola davrining hayotini ochib berish bilan bir qatorda dunyoning birinchi markaziy isitish binosi sifatida mahalliy va xorijlik sayyohlarning eʼtiborida.

Topkapi saroyi

Turkiya deganda birinchi boʻlib koʻz oʻngimizda gavdalanadigan saroylardan biri albatta Topkapidir. Usmoniylar davrining kuch-qudrati va hashamatini aks ettirish bilan birga betakror Istanbul manzarasining toʻliq koʻrinishini taqdim etadi. Maʼlumki, saroyni Fotih Mahmud Sulton Istanbulni zabt etgandan keyin qurdirgan. Topkapi saroyi qurilishida Mimar Sinan, Ajem Ali, Sarkis Balyan, Dovud ogʻa kabi buyuk meʼmorlarning mehnati singgan. Bugungi kunda bino 80 ming kvadrat metr maydonni egallaydi va toʻrtta hovlisi, harami va ikkita asosiy qismi bilan dunyodagi eng katta saroylardan biridir.

Beylerbeyi saroyi

Istanbuldagi saroylar orasida oʻzining maftunkor goʻzalligi bilan ajralib turadigan Beylerbeyi saroyi Usmoniylar imperiyasining soʻnggi davridagi qudrati va nafisligini aks ettiradi. Usmonli sultoni Abdulazizning iltimosi bilan davrning mashhur meʼmori Sarkis Balyan tomonidan qurilgan saroy oʻtmishda koʻplab uchrashuv va kelishuvlarga mezbonlik qilgan. Oʻsha davrlarda mehmonxona sifatida foydalanilgan Beylerbeyi saroyi tez-tez chet eldan kelgan diplomatlarni qabul qilardi. Barokko, uygʻonish va Sharq-Gʻarb meʼmorchiligi izlarini oʻzida mujassam etgan saroy barchani maftun qilmoqda.

Chiragʻan saroyi

Istanbulga hech qachon tashrif buyurmaganlarga ham nomi tanish boʻlgan Chiragʻan saroyi oʻz obroʻsiga loyiq noyob arxitekturaga ega. Bosfor sohilida joylashgan saroy Lola davrining eng muhim inshooti sifatida ajralib turadi. Ismini forscha “nurga toʻla” maʼnosini anglatuvchi “cherağ” soʻzidan olgan. Saroy Sharq meʼmorchiligi va Shimoliy Afrika islom arxitekturasining noyob namunalaridan biri boʻlib, bugungi kunda mehmonxona va tadbirlar maydoni vazifasini oʻtamoqda.

Kuchuksu qasri

Avliyo Chalabiy oʻz sayohatnomasida yuqori baholagan Goʻksudagi Kuchuksu qasri Turkiyadagi milliy saroylar orasida juda mashhur. Bosfor boʻgʻozida joylashgan va betakror manzaraga ega Kuchuksu qasri 1983-yildan beri muzey-saroy sifatida xizmat qilmoqda. Saroy uch qavatdan iborat. Kuchuksu qasri Turkiyaning eng nodir saroylaridan biri boʻlib, gʻarb uslubidagi naqshlari va nozik ishlangan bezaklari bilan ziyoratchilarni lol qoldirmoqda.

Ihlamur qasri

Ihlamur qasri bogʻidagi magnoliya daraxtlari bilan Istanbulda bahorni eng chiroyli kutib oladigan saroy boʻlib, u 1985-yildan beri muzey-saroy sifatida ziyoratchilarni qabul qilmoqda. Ihlamur qasri sulton Abdulmajidning buyrugʻi bilan davrning mashhur meʼmori Nikogos Balyan tomonidan qurilgan. Saroy oʻzining ajoyib ichki va tashqi dizayni bilan koʻrganlarni hayratga soladi. Saroyning ichki bezaklarida gʻarbga xos mebel va qoplamalar eʼtiborni tortsa, binoning asosan Usmonli meʼmorchiligi uslubida qurilgani koʻrinib turadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish