Qidirish

22:22 / 2022-12-25 98 0 Dunyo

Tailandda harbiy kema choʻkib ketdi. 23 kishi bedarak yoʻqolgan, 6 kishi vafot etgan

Seshanba kuni tailandlik qutqaruvchilar choʻkib ketgan “Sukxotay” korvetining ekipaj aʼzolarini qidirish davomida bir nafar tirik qolgan va olti nafar halok boʻlgan dengizchining jasadini topishdi.

world-news

Tailand Qirollik dengiz flotining “Sukxotay” (HTMS Sukhothai) korveti bortida 106 nafar harbiy xizmatchilar boʻlgan kema yakshanba kuni Tailand koʻrfazida boʻron paytida choʻkib ketdi. 75 kishi qutqarildi, 23 nafar dengizchi hozirda bedarak yoʻqolgan. Qolgan dengizchilarni qidirishda Qirollik dengiz flotining vertolyotlari, ikkita samolyoti va toʻrtta kemasi qatnashmoqda.

“Biz dengizchini kema choʻkib ketganidan 41 soat oʻtib topdik va u tirik edi. Shuning uchun biz u yerda hali ham tiriklar borligiga ishonamiz va har daqiqada, kechayu kunduz qidiruvni davom ettiramiz”, - dedi Qirollik kemasi rahbari Chotlantis Navanugraxa.

Tailand Qirollik dengiz floti bosh qoʻmondoni Chongchai Chomchengpaet seshanba kuni boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida korvet bortida qutqaruv jiletlari yetarli boʻlmaganini tan oldi.

“Sukxotay” kemasi Tailand qirollik flotining asoschisi Apakon Kyantivonga tugʻilgan kunini nishonlash uchun qoʻshimcha xodimlarni olib ketayotgan boʻlgan.

Harbiy-dengiz kuchlari vakili admiral Pogkrong Montradpalin seshanba kuni qidiruv hududi kengayib, qutqaruvchilar diqqatini qirgʻoq yaqinidagi hududlarga qaratganini aytdi.

Shuningdek, u koʻrfazda toʻfon hamon davom etayotganini taʼkidladi. Tailand harbiylarining taʼkidlashicha, sharoitlar yaxshilangach, vodolazlar guruhi voqeani batafsil tekshiradi.

Nima boʻldi?

Yakshanba kuni sodir boʻlgan boʻron paytida, “Sukxotay” (HTMS Sukhothai) korvetiga keragidan ortiq miqdorda suv toʻplangan. Natijada asosiy bloklarning elektr taʼminotida qisqa tutashuv yuzaga kelib, dvigatellar oʻchib qolgan.

Elektr uzilishidan keyin ekipaj kemani qutqarishga harakat qilgan, biroq u yon tomoniga agʻdarilgan va yakshanba kuni mahalliy vaqt bilan 23:30 (GMT 16:30) atrofida qirgʻoqdan 22 milya (taxminan 40 km) uzoqlikda choʻkib ketgan.

Harbiy-dengiz kuchlarining uchta kemasi va vertolyotlari yordamga joʻnatildi, biroq faqat bitta kema vaqtida yetib bora oldi. Shuningdek, halokat joyiga borgan fregat ham ekipajning koʻp qismini qutqarib qolgan.

Dushanba kuni bosh vazir Prayut Chan-o-Cha halokat yuzasidan tergov oʻtkazishni buyurdi. Admiral Chonlatis Navanugraxa voqeani mamlakat dengiz floti tarixidagi eng dahshatli fojialardan biri deb atadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish