So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Prezident Toshkentdagi zamonaviy savdo majmuasini borib koʻrdi
Shuningdek, 20-mart kuni amalga oshirilayotgan qurilish va obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda investorlarga yaratilgan qulayliklar tufayli iqtisodiyotda xususiy sektorning ulushi oshib bormoqda. Toʻgʻridan-toʻgʻri sarmoyalar kiritilib, sanoat, qurilish, savdo, xizmat koʻrsatish sohalarida istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Poytaxtning Yunusobod tumanida barpo etilgan “High Town City” majmuasi shulardan biridir. U keng qamrovli boʻlib, savdo va koʻngilochar markazi, biznes markazi, mehmonxona va zamonaviy turar joylarni oʻz ichiga olgan. Bunga 510 million dollar toʻliq xorijiy investitsiya yoʻnaltirilgan.
Davlat rahbari savdo markazidagi zamonaviy tijorat va xizmat turlarini koʻzdan kechirdi. 4 qavatli binoda savdo doʻkonlari, jumladan, mashhur brendlarning shoxobchalari ochilgan. Restoran va kafelar, koʻngilochar oʻyingohlar, sport maydonlari, kinoteatrlar el xizmatida boʻlib, yer ostida avtoturargoh mavjud.
Bir soʻz bilan aytganda, bu yerda odamlar savdo qilishi, dam olishi, sport bilan shugʻullanib, vaqtini chogʻ oʻtkazishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Majmua bir kunda 5 ming kishiga xizmat koʻrsatish quvvatiga ega. Unda 1 ming 500 kishi ish bilan taʼminlandi.
Prezidentimiz majmuaning iqtisodiy ahamiyati va aholi uchun qulayligini eʼtirof etib, investor va tadbirkorlarga koʻmak berish bundan keyin ham davlatimiz siyosatining strategik yoʻnalishi boʻlib qolishini taʼkidladi. Milliy mahsulotlarimizni brendga aylantirish, ularni tashqi bozorlarda tanishtirish boʻyicha mutasaddilarga koʻrsatmalar berdi.
Savdo markazida shinam kitob doʻkoni ham ochilgan. Shavkat Mirziyoyev bu tashabbusni olqishlab, metro bekatlari, kutish joylarida ham moʻjaz kitob doʻkonlari tashkil etish maqsadga muvofiqligini aytdi.
Prezident oʻyin maydonchasidagi bolajonlarni koʻrib, samimiy mehr-eʼtiborini izhor etdi. Bugungi barcha saʼy-harakatlar mamlakatimiz kelajagi uchun qilinayotgani, buning uchun bolalar yaxshi oʻqib, aqliy va ijodiy salohiyatini rivojlantirib borishi kerakligini taʼkidladi.
Yaqinda 24 qavatli, besh yulduzli mehmonxona ham barpo etilishi rejalashtirilgan. Unda 250 ta xona boʻlib, bir vaqtning oʻzida 430 kishiga xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Katta va kichik konferensiya zallari, suzish havzalari, restoran va doʻkonlarda zamonaviy qulayliklar yoʻlga qoʻyiladi.
Shuningdek davlat rahbariga shu yerda quriladigan zamonaviy uy-joylar loyihasi taqdimot qilindi. Unga koʻra, 1 ming 500 ta xonadondan iborat 28 ta koʻp qavatli uy bunyod etiladi. Majmua hovlisi avtomobillar uchun yopiq va yashil hudud boʻladi. Bolalar bogʻchasi, oʻyin maydonchasi, tennis korti, yerosti avtoturargoh tashkil etiladi. Majmua hududi toʻliq Wi-Fi bilan qamrab olinadi hamda binolarda shovqinsiz liftlar oʻrnatiladi.
Toshkent shahrida jamoat transportini rivojlantirish loyihalari ham koʻrib chiqildi. Maʼlumki, Toshkent metropolitenini Toshkent traktor zavodi dahasigacha olib borish rejalashtirilgan. Prezidentimiz avval taqdim qilingan loyihalarni qayta koʻrib chiqish, boshqa muqobil takliflar kiritish boʻyicha topshiriq bergan edi. Shunga muvofiq tayyorlangan yangi loyihaga koʻra, Buyuk ipak yoʻli metrosidan Toshkent traktor zavodi dahasigacha 10 ta bekat quriladi. Bu tarmoq 30 ta mahalla, 148 ming aholini qamrab oladi.
Yana bir loyihaga koʻra, Bektemir tumanida Chirchiq daryosi yaqinida koʻp qavatli uylar, savdo va xizmat binolari qurish koʻzda tutilgan. Buning natijasida tumanda urbanizatsiya jadallashib, yangi markaz paydo boʻladi.



