So`ngi yangiliklar
Istanbul 18–21 sentyabrda Bosfor Kubogi 2025 qayiqlar poygasiga mezbonlik qiladi
Hamyurtimiz “Yuksak ehtirom” xalqaro esdalik ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi
Farg‘ona dehqon bozoridagi narx-navo xalq uchunmi yoki…
Sentyabrdan boshlab migrantlar ilova orqali kuzatiladi
Kasb va xorijiy tillarga oʻqitish uchun vaucher berish tartibi belgilandi
Kasb va xorijiy tillarga oʻqitish uchun vaucher berish tartibi belgilandi
Fargʻonada uy bogʻchasida 43 nafar bolaga noqonuniy diniy saboq berib kelingani aniqlandi
Oʻzbekiston va Iordaniya oʻrtasida 15 ta hujjat imzolandi
Prezidentga yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev 27 noyabr kuni xorijiy investitsiyalarni jalb qilish holati va kelgusi yilgi rejalar muhokamasi bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

O‘tgan 10 oyda mamlakatimizga 26 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya kiritilgan. Bu – o‘tgan yilga nisbatan 1,7 barobar ko‘p. Shundan qariyb 24 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri sarmoyalardir.
Kiritilgan investitsiyalar hisobiga 6 ming 300 ta korxona ishga tushgan, ular 30 trillion so‘mlik qo‘shilgan qiymat yaratgan, eksport 305 million dollarga oshgan. Eng muhimi, bularning natijasida 163 mingta yuqori daromadli ish o‘rni ochilgan.
Noyabr-dekabr oylarida yana 8,6 milliard dollar investitsiya kelishi kutilmoqda.
Tanqidiy ruhda o‘tgan yig‘ilishda investitsiyalarning jalb etilishi hamda loyihalarning bajarilishi har bir hudud va tarmoq kesimida atroflicha tahlil qilindi.
Sakkizta tuman va shaharda investitsiya ko‘rsatkichlari past bo‘lgan. Ayrim tarmoqlarda o‘tgan yilga nisbatan kamaygan. Xalqaro moliya institutlari bilan amalga oshirilayotgan ba’zi loyihalar sust bormoqda. Xususan, 17 ta loyihada loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va tender jarayonlari kechikkan.
Yig‘ilishda mutasaddilar yil yakunigacha kutilayotgan natijalar va 2025 yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan axborot berdi.
Prezident hududlarning investitsiyaviy faolligini yanada oshirish, bu boradagi yondashuvlarni tubdan o‘zgartirish shartligini ko‘rsatib o‘tdi. Masalan, Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki mamlakatimiz biznes muhitidagi ijobiy o‘zgarishlarni, iqtisodiyotimizning o‘sish sur’atlarini hisobga olib, xususiy sektor ishtirokidagi loyihalarni ham moliyalashtirishga tayyorligini bildirgan.
Hududlar bunday imkoniyatlardan unumli foydalanishi, mustaqil mablag‘lar ham jalb etishi kerak. Shu bilan birga, investitsiyalarning nafaqat hajmini, balki sifatini ham oshirish zarur. Ya’ni, jalb qilingan har bir dollar sanoatni rivojlantirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilishi lozim.
Yig‘ilishda xalqaro moliyaviy institutlar va xorijiy davlatlardan mablag‘ jalb etish hajmlari va yo‘nalishlarini yana bir bor ko‘rib chiqish vazifasi qo‘yildi. 2025 yil uchun loyihalarni tarmoq va hududlar kesimida, shu jumladan, davlat-xususiy sheriklik va xususiy sarmoyalar yo‘nalishida aniq belgilab olish muhimligi ta’kidlandi.



