Qidirish

13:13 / 2024-11-21 88 0 Jamiyat

Samarqandda 4,1 milliard dollarlik loyihalar amalga oshiriladi va 20 ming ish oʻrni yaratiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-noyabr kuni Samarqand viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi turmushi farovonligini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan yigʻilish oʻtkazdi.

world-news

Samarqand mamlakatimiz markazida joylashgan, savdo, sanoat, turizm, transport va agrar tarmoqlar yaxshi rivojlangan hudud. Davlatimiz rahbarining 2023-yil avgustdagi tashrifi chogʻida belgilangan vazifalar birin-ketin bajarilmoqda.

Endi yangi-yangi marralar olish zarur. Shu maqsadda aholi va tadbirkorlar bilan uchrashuvlar oʻtkazilib, 4,1 milliard dollarlik 120 ta loyihani amalga oshirish imkoniyati aniqlangan. Xususan, kelgusi yilda Samarqand viloyatida hududiy dasturlar doirasida kamida 1 milliard 850 million dollar investitsiyalarni oʻzlashtirish, 20 ming ish oʻrni yaratish va qoʻshimcha 1,2 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarish hisob-kitob qilingan.

Masalan, Pastdargʻom tumani “Chimboyobod” hududida hokimlik zaxirasida turgan 234 gektar yerda maxsus sanoat zonasini tashkil qilish mumkin. Tadbirkorlar u yerga 500 million dollar investitsiya kiritib, farmatsevtika, kimyo, elektrotexnika, qurilish materiallari va oziq-ovqat loyihalarini boshlashga tayyorligini bildirgan.

Yoki Zarafshon daryosi atrofidagi 25 gektar toshloq yer “Urgut” erkin iqtisodiy zonasiga qoʻshilsa, 30 million dollarlik loyihalarga joy boʻladi. Dargʻom kanali boʻyida 35 kilometrli turistik yoʻlak, Narpay kanalida gastronomik koʻprik tashkil etish orqali birinchi bosqichda 500 milliard soʻmlik loyihalar amalga oshiriladi.

Viloyatdagi yaylov va lalmi yerlarni iqtisodiy aktivga aylantirish kerak. Masalan, Samarqand tumanida 350 gektar lalmi yerda turistik-rekreatsion hudud tashkil qilib, mingta tadbirkorni joylashtirish va 3,5 mingta ish oʻrni yaratish mumkin.

Bulungʻurning tuprogʻi, iqlimi meva-sabzavotchilikka qulay. Tumandagi 6 ming gektar samarasi kam gʻalla maydonlari meva-sabzavot yetishtirishga ixtisoslashtirilsa, gektaridan daromad 10 ming dollardan oshadi, 45 ming odam ishli boʻladi. Mahsulotlarning yarmi eksportga chiqarilib, qoʻshimcha 52 million dollar eksport tushumi taʼminlanadi.

Ishtixon, Urgut, Payariq va Qoʻshrabotdagi odamlar 35 ming gektarda uzum yetishtiradi. Lekin serdaromad navlarni ekish, kasallikka qarshi kurashish, yangicha agrotexnik tadbirlarga koʻnikma yetishmagani uchun hosildorlik past. Shu bois Ishtixonda Bogʻdorchilik va uzumchilik ilmiy institutini tajriba stansiyasini tashkil qilish taklifi bildirilgan. Unda “in-vitro” usulida koʻchatchilik yoʻlga qoʻyilib, uzumning “Gigant”, “Sirliboy”, “Avatar” kabi bozorbop navlari ekiladi. Natijada hosildorlik qoʻshimcha 25-30 sentnerga, eksport 20 million dollarga oshadi.

Shuningdek, Qoʻshrabot, Ishtixon, Nurobod, Pastdargʻom, Paxtachi va Urgutdagi konlar negizida foydali qazilmalarni qayta ishlash korxonalari ochish mumkin.

Yigʻilishda Samarqand viloyati hokimi shu kabi imkoniyatlarni ishga solish boʻyicha chora-tadbirlarni taqdimot qildi.

Davlatimiz rahbari bu takliflarni maʼqullab, Samarqand viloyatida investitsiya va tadbirkorlik muhitini yaxshilash boʻyicha qaror kiritish vazifasini qoʻydi. Loyihalarni master-reja asosida joylashtirish, koʻproq ish oʻrinlari va zamonaviy uy-joylar tashkil etib, aholi farovonligini oshirish yuzasidan topshiriqlar berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish