Qidirish

15:59 / 2024-05-01 1353 0 Jamiyat

Qaysi turdagi mahsulotlarga fitosanitariya talablari yengillashtiriladi?

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi yalpi majlisida «Fitosanitariya talablari yengillashtirilishi munosabati bilan «Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida»gi Qonunining 29-moddasiga oʻzgartirish kiritish haqida»gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni loyihasi koʻrib chiqildi.

world-news

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi qonun loyihasi jamoatchilik orasida notoʻgʻri talqin qilinayotgani yuzasidan quyidagilarni maʼlum qildi.

Mazkur qonun loyihasi Prezidentning 2023-yil 4-sentyabrdagi «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan 2023-yildagi ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-292-son qarori bilan tasdiqlangan Yoʻl xaritasining 39-bandi ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqildi.

Amaldagi tartibga asosan xorijiy mamlakatlardan barcha karantin ostidagi mahsulotlarni olib kirishda karantin ruxsatnomasi, eksport qiluvchi mamlakatning fitosanitariya xizmati tomonidan beriladigan fitosanitariya sertifikati asl nusxasi mavjud boʻlgan taqdirda yoʻl qoʻyiladi.

Biroq ayrim holatlarda fitosanitar xavfi past boʻlgan mahsulotlar uchun eksport qiluvchi mamlakatning fitosanitar sertifikati berilmaslik amaliyoti mavjud. Oʻzbekistonning qonunchilik normalariga koʻra, fitosanitariya sertifikatining asl nusxasi boʻlmagan bunday mahsulotlar belgilangan tartibda fitosanitariya sertifikati taqdim etilgunga qadar davlat chegarasida vaqtinchalik saqlanadi. Bu esa mahsulotlar turib qolishiga, tadbirkor esa ortiqcha sarf-xarajat qilishiga sabab boʻlmoqda.

Shu sababli «Oʻsimliklar karantini toʻgʻrisida» Qonunining 29-moddasiga oʻzgartirish kiritish orqali faqat xorijiy mamlakatlarda fitosanitariya sertifikati talab etilmaydigan, hamda fitosanitar xavfi past boʻlgan karantin ostidagi mahsulotlarga respublika hududiga olib kirishga fitosanitariya sertifikatini talab etish amaliyotini bekor qilish tizimini joriy qilish taklifi ilgari surildi.

Maʼlumot uchun, 230 turdagi mahsulot fitosanitar xavfi past boʻlgan karantin mahsuloti hisoblanadi. Quritilgan sabzavotlar, qovurilgan yoki qovurilmagan, kofein bilan yoki kofeinsiz qahva, choy, maydalangan yoki yanchilgan vanil, badyan, arpabodiyon, koriandr, zanjabil, zaʼfaron, turmerik (kurkuma), togʻ jambil yoki chabres, dafna yaprogʻi, karri va boshqa ziravorlar shular jumlasidan.

Qayd etish lozimki, fitosanitariya talablari yengillashtirilishi boʻyicha qonun loyihasi 2023-yil 24-oktabrda jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan boʻlib (ID-87771), foydalanuvchilar tomonidan eʼtirozlar boʻlmagan.

Qonun loyihasini qabul qilinishi:

➖ faqatgina fitosanitar xavfi past boʻlgan karantin ostidagi mahsulotlarni fitosanitariya sertifikatisiz import qilish imkonini beradi;

➖ mahsulotlarni respublika hududiga olib kirishda tadbirkorlik subyektlarining vaqti tejaladi va yuzaga kelishi mumkin ortiqcha sarf-xarajatlarning oldi olinadi;

➖ ichki bozorlarda asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narx-navo barqarorligini taʼminlash, aholi isteʼmol talabi yuqori boʻlgan import hisobidan qoplanadigan mahsulotlarni olib kirishda fitosanitariya sohasida tadbirkorlik subyektlari oldida turgan muammolar bartaraf etiladi;

➖ amaldagi oʻsimliklar karantini qoidalari hamda fitosanitariya talablari yengillashtiriladi, tadbirkorlik sohasida qulayliklar yaratiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish