Qidirish

15:13 / 2023-02-12 289 0 Dunyo

Hindiston Suriyaga 23 tonnadan ortiq gumanitar yordam yetkazib berdi

Suriyaga yordam Hindiston rasmiylarining “Doʻst” deb nomlangan operatsiyasi doirasida koʻrsatilmoqda.

world-news

Hindiston yakshanba kuni zilziladan jabr koʻrgan Suriyaga 23 tonnadan ortiq gumanitar yordam yetkazib berdi. Bu haqda Hindiston tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Arindam Bagchi maʼlum qildi.

Doʻst” operatsiyasining yettinchi reysi Suriyaga 23 tonnadan ortiq insonparvarlik yordami, jumladan, generatorlar, quyosh lampalari, zaruriy yordam dori-darmonlari, tabiiy ofatdan xalos boʻlish vositalari bilan yetib keldi”, — deb yozdi Bagchi Twitterʻdagi sahifasida.

Yukni Damashq aeroportida mahalliy maʼmuriyat va atrof-muhitni muhofaza qilish vaziri oʻrinbosari Mutaz Duaji kutib oldi.

Shundan soʻng, diplomatning soʻzlariga koʻra, Hindiston harbiy-havo kuchlarining samolyoti tabiiy ofat zonasida ishlayotgan hindistonlik qutqaruvchilar uchun zarur tibbiy asbob-uskunalar, dori-darmonlar va boshqa materiallarni yetkazib berish uchun Turkiyaga uchgan.

Avvalroq Hindiston tashqi ishlar vaziri oʻrinbosari Sanjay Verma Suriyaga yordam koʻrsatilishini izohlar ekan, “geostrategik muammolarni chetga surib qoʻyish” va Hindiston G20 raisligining “Bir yer, bir oila, bir kelajak” shioriga amal qilishga chaqirgan edi.

Uning soʻzlariga koʻra, hozirda inqirozning sanksiyalar qamrab ololmaydigan gumanitar jihatlariga eʼtibor qaratish zarur. Nyu-Dehli falokatdan bir necha soat ichida Suriya va Turkiyaga yordam berish uchun “Doʻst” operatsiyasini boshladi.

U yerda jami 250 dan ortiq hind mutaxassislari bor. Turkiyaga 135 tonnadan ortiq gumanitar yuk yetkazildi. Hindiston avvalroq Suriyaga olti tonna favqulodda yordam boʻlgan samolyot joʻnatgan edi.

Izohlar 0

Fikr bildirish