So`ngi yangiliklar
Rayhonning “Yaxshimasmi” qo‘shig‘ida she’rdan muallif ruxsatisiz foydalanilgani aniqlandi
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Millat qalbidagi nur
Xalqimizda “qiz farzand otasiga mehribon boʻladi”, degan naql bor. Otasiga mehribon qiz – bu oilaning barakasi, mehr-muhabbat ifodasidir.

Istalgan xonadon borki, unda qizining “Dadajon, charchamadingizmi?”, “Dada, sizga choy damlab beraymi?”, “Dadajon, sizni yaxshi koʻraman!” kabi yoqimli soʻzlari yangraydi. Bu otaning qalbini iliqlikka toʻldiradi, charchogʻini unuttiradi.
Har bir ota farzandlarini birdek yaxshi koʻrsa-da, qizlari u uchun alohida mavqega ega. Ularning kelajagi uchun qaygʻurib, baxti uchun harakat qiladi. Chunki qiz – oilaning farishtasi. Qiz ham otasini qadrlaydi, uning mehnatini tushunadi, doimo duoda boʻlib, sogʻligʻini tilaydi.
Universitetga oʻqishga kirgan yillarni eslayman: fakultetimizning 1-kursida yuzga yaqin talaba bor edi. Yarmidan ortigʻi qizlar. Tumanimizdan oʻgʻil bolalar ikki kishi oʻqishga kirgan boʻlsak, qizlardan besh nafari tahsil olardi. Oʻshanda oʻylab qarasam, oilalarda qizlarning taʼlimiga oʻgʻil bolalarnikidan-da, koʻproq eʼtibor berilar ekan. “Qiz oʻqigani yaxshi, borgan joyida qiynalmaydi”, deyishardi qishloqning soddadil ota-onalari.
Oddiy oiladan aka va singil bir vaqtda oʻqishga kirgani esimda. U vaqtda oliygohlar soni sanoqli, oʻqishga kirish mashaqqat – tanlov yuqori, kirish ballari baland. Aka ham, singil ham kontraktga tushib qoldi. Ikki talabani oʻqitishga oilaning iqtisodi koʻtarmaydi. Aka: “singlim oʻqisin” deb oʻz oʻqishidan voz kechdi, singlisini oliy maʼlumotli qildi. Oʻzbegim — shunday oliyjanob.
Oilalarimizdagi otaning qiziga, ayoliga, akaning singlisi, opasi va onasiga muhabbati raqamlarda ham aks etadi: oliygohlarda taʼlim olayotgan milliondan ortiq talabalarning yarmidan koʻpini qizlar tashkil etadi. Magistraturada oʻqiyotganlar orasida qizlarimizning ulushi undan ham koʻp – 60 foiz.
Qiz va ayollarimizga eʼtibor davlat siyosatida ham oʻz aksini topgan. Hozirda ehtiyojmand oilalarga mansub minglab xotin-qizlar oliygohlarga qoʻshimcha davlat granti boʻyicha oʻqishga qabul qilinmoqda. Yuz minglab qizlarimiz uchun imtiyozli taʼlim kreditlari ajratilgan. Davlat oliygohlarining magistratura boʻlimida oʻqiyotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt pullari byudjetdan toʻlanmoqda.
Qizlarimiz, opa-singillarimiz, ayollarimizning intellektual salohiyati nihoyatda baland, bugun ular har qanday sohada yuksak marralarni zabt etmoqda. Ular — shifokor, oʻqituvchi, muhandis, tadbirkor, sanʼatkor, deputat... Qaysi kasb, qaysi sohada mehnat qilishmasin, davlat va jamiyat taraqqiyotiga ulkan hissa qoʻshishmoqda.
Hayotda har bir inson sinovlarga duch keladi. Oʻzbek ayoli esa sinovlar oldida sinmaydi, ularni sabr bilan yengib oʻta oladi. Avloddan-avlodga oʻtgan qadriyatlarimizni asrab-avaylashadi, oilasi va farzandlari uchun ham butun borligʻini bagʻishlashadi. Ularning mehri va matonati tufayli oilalar – mustahkam, farzandlar – tarbiyali, jamiyat – farovon.
Oʻzbek ayoli nafaqat goʻzallik va latofat, balki izzat-ikrom timsoli hamdir. Millatimiz esa oʻz qizlari va ayollariga shunday mehribon xalqdir.
L.Tursunov, jurnalist



