So`ngi yangiliklar
Fermerlarga bosim ortmoqdami?
Oʻyinchoq toʻpponcha bilan bankni oʻmarmoqchi boʻlgan erkakning shaxsiga aniqlik kiritildi
“Ferrari” oʻzining ilk elektromobilini ishlab chiqarmoqchi
Rus tili imtihonlari Rossiya byudjetiga 30 million dollar daromad keltirdi
Laziz Kudratov Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi doimiy missiyasi direktori Kanokpan Lao-Araya bilan uchrashdi
AQSH va Ukraina yer osti boyliklari boʻyicha kelishuvga erishdi
Navoiyliklar nimadan norozi?
Samarqandlik ota-bolaga IIB xodimlari nega kuch ishlatdi?
Davlat va jamiyat rivojlanishida dunyoviy bilimlar zarur
Har bir xalq, davlat va jamiyat rivojlanishi uchun albatta dunyoviy bilimlar zarur, busiz jamiyat va davlat rivojlanishini tasavvur qilib boʻlmaydi. Qolaversa, dunyoviy ilmlar doimiy rivojlanib boradi.

Dunyoviylik kecha yoki bugun paydo boʻlmagan, u qadimdan mavjud boʻlgan. Faqat unga turli davrlarda turlicha qarashlar boʻlgan. Tarixga qaraydigan boʻlsak, dunyoviy olimlar bilan diniy ulamolar oʻrtasida kelishmovchiliklar, ziddiyatlar yuzaga kelib turgan.
Masalan, N.Kopernik “yer va boshqa sayyoralar quyosh atrofida aylanadi” deb hisoblagan. Italiyalik astronom va faylasuf Galileo Galiley xudoga qattiq ishongan boʻlsada, XVI asrda N.Kopernikning fikrini maʼqullab, “yer oʻz oʻqi atrofida aylanadi” degan fikrini bildirgani uchun Rimga chaqirtirilib inkvizitsiya sudida sud qilingan va qiynoqqa solingan.
Sudda undan oʻz fikridan qaytish soʻralgan va u fikridan qaytgan. Rim katolik cherkovining taʼqiblari sababli hatto uning Rimga kirishi cheklab qoʻyiladi.
Keyinchalik ularning fikri toʻgʻriligi isbotlanib, “yer quyosh atrofida aylanishi” dunyoviy bilimlar asosida fanda oʻz isbotini topdi.
Xoʻsh endi Siz ham dunyoviylik va dunyoviy qonunchilik nima uchun zarurligi haqida fikr yuritib koʻring. Dunyoviylik borligi uchungina fan, taʼlim, tibbiyot, madaniyat, sanʼat va boshqa sohalar rivojlanib bormoqda, insoniyat tomonidan muhim ixtirolar qilinmoqda, ushbu ixtirolar insoniyat taraqqiyotiga xizmat qilmoqda.
Dunyoviylikni tan olmayotgan yoki dunyoviylik ilmlari asosida rivojlanish yoʻliga oʻtmagan davlatlar esa rivojlanishdan ortda qolmoqda, ushbu mamlakatlarda inson huquqlari buzilmoqda.
Shu sababli, Oʻzbekistonda ham konstitutsiyada va qonunlarning ustunligini soʻzsiz tan olgan holda dunyoviy davlatchilik bilan bogʻliq normalarni hayotga izchil va toʻliq joriy etish, fan va texnologiyalar yutuqlaridan foydalanib, uni yanada rivojlantirib borishimiz lozim deb hisoblayman.
Insonlarning diniy erkinliklarini va boshqa tabiiy huquqlarini amalga oshirish va kafolatlash faqat dunyoviy davlatda taʼminlanishi mumkin.
Shuning uchun ham Oʻzbekistonda dunyoviy davlat tamoyillarini hamma bir xil tushunishi uchun yagona yondashuvlar va qoidalar majmuini qabul qilish, yaʼni rasmiy hujjatlarda uning aniq va barcha uchun birday tushunarli boʻlgan ifodasini belgilash kerak.
Sababi, hozirgi kunda ham ayrim fuqarolarimiz tomonidan dunyoviy davlatchilikning mazmun-mohiyatini buzib talqin qilinishi jamoatchilikda dunyoviylik haqida notoʻgʻri fikrlar shakllantirishga olib kelmoqda.
Dunyoviy davlatda umumjamiyat manfaatlari markaziy ahamiyatga ega boʻladi. Yaʼni, jamiyat manfaatlari individual manfaatlardan ustun boʻladi. Ushbu tushunchaning oʻzi ham dunyoviylikning jamiyatda tutgan oʻrni qanchalik muhimligini koʻrsatib turibdi.
Yana bir muhim joyi dunyoviy davlatda diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan boʻladi, qonun doirasida faoliyat yuritayotgan diniy tashkilotlar faoliyatiga aralashilmaydi, barcha diniy tashkilotlar va konfessiyalar faoliyati uchun teng sharoitlar yaratiladi. Ushbu mexanizmlar Konstitutsiya va qonunlarida oʻz aksini topgan.
Milliy qonunchiligimizdagi dunyoviylik tamoyillari umumeʼtirof etilgan xalqaro hujjatlar normalariga toʻliq mos keladi.
Xususan, BMTning “Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisida”gi xalqaro paktida “Har bir inson fikr, vijdon va din erkinligi huquqiga ega”ligi eʼtirof etilgan boʻlib, unda ham din va eʼtiqod erkinligiga belgilangan hamda unga nisbatan belgilanish mumkin boʻlgan cheklovlarga aniqlik kiritilgan.
Jumladan, “Din yoki eʼtiqod erkinligiga faqat qonun bilan belgilangan va jamoat xavfsizligini, tartibini, salomatligi va axloqini, shuningdek boshqa shaxslarning asosiy huquqlari va erkinliklarini muhofaza etish uchun zarur boʻlgan cheklashlar belgilanishi mumkin”ligi mustahkamlangan.
YUNESKO tomonidan 1995-yilda eʼlon qilingan Bagʻrikenglik tamoyillari deklaratsiyasida “har kim oʻz eʼtiqodiga amal qilishda erkindir va har kim bu huquqqa boshqalar ham ega ekanini tan olmogʻi lozim”ligi bayon etilgan.
Dunyoviy davlatda huquqiy tizim, huquq normalari va ularni qoʻllash biror-bir diniy aqidaga asoslanmaydi, ular faqat insonparvarlik, adolat, inson huquqlari va tenglik gʻoyalariga tayanadi.
Dunyoviy davlatchilikni rivojlantirishning muhim shartlaridan biri davlat xizmatchilari, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining diniy betarafligini taʼminlashdan iboratdir. Aksariyat davlatlarda davlat xizmati bilan bogʻliq qonun hujjatlarida davlat xizmatchilarining diniy betarafligi bilan bogʻliq talablar oʻrin olgan.
Masalan, Ozarbayjonning “Davlat xizmati toʻgʻrisida”gi qonuniga asosan, davlat xizmatchisi maqomidan diniy targʻibot uchun foydalanish va davlat organlari obyektlarida diniy rasm-rusmlarni oʻtkazish taʼqiqlangan.
AQSHning 1997-yil tasdiqlangan “Federal xizmatchilar uchun diniy xatti-harakatlar va diniy qarashlarni ifodalash toʻgʻrisidagi qoidalar”da “Rahbar har qanday shaklda oʻz qoʻl ostidagi xodimi diniy faoliyat bilan shugʻullanishiga undashga haqli emas”ligi belgilangan.
Fransiyada davlat xizmatchisi diniy jihatdan qatʼiy betaraf boʻlishi va oʻz diniy qarashlarini biror-bir shaklda namoyish qilishi mumkin emasligi belgilangan. Bunday talab nafaqat mansabdor shaxslar, balki ommaviy xizmat sohalari xodimlari, masalan, maktab oʻqituvchisi, pochta xizmatchisi yoki jamoat transporti haydovchisiga ham taalluqli boʻlib, ular ish vaqtida oʻzining qaysi dinga mansubligini koʻrsatuvchi elementlarni oshkora namoyish qilishi mumkin emas.
Rossiya Federatsiyasining “Davlat fuqarolik xizmati toʻgʻrisida”gi qonunida davlat fuqarolik xizmatchisi diniy betaraflikni saqlashi, oʻz mansab vakolatlaridan diniy birlashmalar manfaati uchun foydalanmasligi, shuningdek diniy tashkilotlarga nisbatan oʻz munosabatini ommaviy shaklda ifoda etmaslik singari talablar belgilangan.
Yuqoridagi misollardan ham koʻrinib turibdiki, davlat xizmatida ijtimoiy munosabatlarning dunyoviy qadriyatlarga asoslanganligini taʼminlash alohida ahamiyatga ega.
Dunyoviy davlatda barcha fuqarolarning, shu jumladan xotin-qizlarning teng huquqligi va barcha uchun teng imkoniyatlar yaratiladi. Bugungi kunda gender tenglikka erishish, xotin-qizlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning jamiyat va davlat hayotidagi rolini kuchaytirish uchun shart-sharoit yaratish yangi Oʻzbekistonni rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi va bu borada yurtimizda ham samarali ishlar amalga oshirildi.
Bunga misol sifatida, “Erkaklar va ayollar uchun teng huquq va imkoniyatlar kafolatlari toʻgʻrisida”gi hamda “Ayollarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlar qabul qilinganini keltirish mumkin.
2023-yil 1-noyabrdan kuchga kirgan “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonunida milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustun yoki nuqsonli ekanini targʻib qilish, noqonuniy nikoh oʻqish marosimini bajarish, ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin boʻlib yashashni targʻib qilish, xotin-qizlar va erkaklarning teng huquqqa egaligini inkor etish singari holatlar uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari nazarda tutilgan.
Afsuski, qonunlar bilan tartibga solingan ushbu ijtimoiy munosabatlarga diniy qarashlarga asoslanib, ushbu oʻzgarishlarni salbiy deb koʻrsatish holatlari ham kuzatilmoqda. Davlat boshqaruvini diniy aqidalar bilan amalga oshirish mumkin degan fikrlar ham uchrab turibdi.
Dunyoviy davlatda davlat boshqaruvi va ijtimoiy munosabatlar diniy qoidalar bilan emas, balki Konstitutsiya va qonunchilik hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Shu bilan birga, dunyoviy davlatchilikni hamda jamiyatni rivojlanishi uchun taʼlim tizimi ham dunyoviy boʻlishi lozim. Bizning qonunchiligimizda taʼlim tizimida dunyoviylikni taʼminlash uchun barcha zarur huquqiy asoslar yaratilgan. Taʼlim tizimi dindan ajratilgan, taʼlim tizimining oʻquv dasturlariga diniy fanlar kiritilishiga yoʻl qoʻyilmasligi belgilangan.
Konstitutsiyamizda har kimning taʼlim olish huquqi eʼtirof etilib, umumiy oʻrta taʼlimning majburiyligi, taʼlim davlat nazoratida ekanligi belgilangan.
Afsuski, soʻnggi paytlarda oʻquvchilarning taʼlim olish huquqini diniy qarashlardan kelib chiqib cheklash, taʼlim olishga qarshilik koʻrsatishga urinish holatlari koʻpaymoqda.
Vaholanki, “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunda voyaga yetmagan taʼlim oluvchilarning ota-onasi va boshqa qonuniy vakillarining bolaning umumiy oʻrta, oʻrta maxsus taʼlim yoki boshlangʻich professional taʼlim olishini taʼminlash, taʼlim tashkilotining taʼlim-tarbiya jarayonini tartibga soluvchi ichki tartib-qoidalariga rioya etish singari majburiyatlari belgilangan.
Hatto ushbu majburiyatini bajarmaganligi uchun javobgarlik ham mavjud. Bunday mexanizmlar bolalarning taʼlim olish huquqini taʼminlashga, ushbu sohada yuzaga kelishi mumkin boʻlgan huquqbuzarliklarni oldini olishga xizmat qiladi.
Shu bilan bir qatorda, taʼlim muassasalarining oʻquv dasturlarida aniq va tabiiy fanlarni oʻqitishga, yoshlarni huquqiy va siyosiy savodxonligini oshirishga alohida eʼtibor qaratilishi kerak.
Xorijiy davlatlarda kuzatilayotganidek, oʻrta umumtaʼlim muassasalarida oʻquvchilarga dinlar tarixi, diniy qadriyatlar va dunyoviylik tamoyillari haqida taʼlim berishning samarali yoʻlini joriy etish mamlakatimiz uchun ham dolzarb boʻlib qolmoqda.
Xulosa qilib aytganda, Oʻzbekistonda dunyoviy davlat tamoyillarini hamma bir xil tushunishi uchun yagona yondashuvlar va qoidalar majmuini qabul qilish, rasmiy hujjatlarda belgilab berish bugungi kunning dolzarb masalasi hisoblanadi.
Zero, Konstitutsiyada belgilangan dunyoviylik tamoyillarini tegishli qonun hujjatlarida mustahkamlash va ularni hayotga toʻla tatbiq etish jamiyat barqarorligiga, uni mustahkamlashga, milliy totuvlik va diniy bagʻrikenglikning rivojlantirishga, fuqarolarning eʼtiqod erkinligini roʻyobga chiqishiga xizmat qiladi. Ayniqsa koʻp millatli davlatimizda turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi aholimizning tinch-totuvligini taʼminlashda, insonlarning bir-biriga oʻzaro hurmatda boʻlishiga va davlatimizning rivojlanishida davlatning dunyoviy boʻlishi muhim ahamiyat kasb etadi.
Anvar Eminov, Demokratik jarayonlarni tahlil qilish markazi eksperti



