Qidirish

13:14 / 2024-02-14 1079 0 Hodisalar

CMS COP14. Oʻzbekiston va Tojikiston oʻrtasida transchegaraviy hamkorlikni yanada mustahkamlanadi

world-news

Samarqandda boʻlib oʻtayotgan CMC COP 14 xalqaro konferensiyasi doirasida Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Tojikiston Respublikasi Hukumati huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish qoʻmitasi raisi Bahodur Sheralizoda bilan uchrashdi.

Mazkur uchrashuvda vazir yuqori martabali mehmonga “Yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisida”gi Konvensiya ishtirokchilarining 14-konferensiyasiga tashrif buyurgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

Shuningdek, yurtimizda 2018-yildan buyon Orol dengizining qurigan tubida oʻrmon ekish dasturini amalga oshirilayotgani, bugungi kunga qadar qariyb 2 million gektar maydonda ishlar olib borilgani, 2021-yil kuzida “Yashil makon” umummilliy tashabbusi boshlangan boʻlib, uning doirasida har yili 200 million tupdan ortiq daraxt ekilib, yashil maydonlar maydonini 30 foizga yetkazish koʻzda tutilgani haqida maʼlumot berildi.

«Biz qoʻriqlanadigan tabiiy hududlar tarmoqlarini kengaytirish boʻyicha faol siyosat olib boryapmiz, ularning hududi soʻnggi yillarda butun respublika hududining 14 foizini tashkil etdi.

Ishonchimiz komilki, bu saʼy-harakatlar BMTning ekotizimlarni tiklash boʻyicha oʻn yilligining maqsad va vazifalariga mos keladi», — dedi Aziz Abduhakimov.

Shuningdek, uchrashuvda transchegaraviy hamkorlikni mustahkamlash masalasiga eʼtibor qaratildi.

Aziz Abduhakimov Oʻzbekistonda Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqi (IUCN) ofisining ochilishi transchegaraviy obyektlarni boshqarish boʻyicha uzoq muddatli chora-tadbirlar rejalarini ishlab chiqishda muhim oʻrin tutishini taʼkidladi.

«Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ochilish marosimidagi tabrigida taʼkidlanganidek, biz Markaziy Osiyoda mintaqaviy muloqotni yaxshilash va transchegaraviy hamkorlikni rivojlantirish tarafdorimiz. Mamlakatlarimizning transchegaraviy hududlarida Markaziy Osiyoda transchegaraviy muhofaza qilinadigan tabiiy hududni yaratishdan manfaatdormiz», — deb qoʻshimcha qildi u.

Qolaversa, Tojikistonning ham Qozogʻiston, Qirgʻiziston va Oʻzbekiston qatorida “Raptors” memorandumiga qoʻshilishi quvonarli ekanligini qayd etildi.

Maʼlumot uchun, “Raptors” (“Yirtqich qushlar”) Afrika va Yevroosiyoda koʻchmanchi qushlarni saqlash boʻyicha CMS memorandumi boʻlib, xalqaro muvofiqlashtirilgan harakatlarni ragʻbatlantirishga qaratilgan.

“Raptors” memorandumi yovvoyi hayvonlarning koʻchib yuruvchi turlarini saqlash toʻgʻrisidagi konvensiyaga (CMC) muvofiq ishlaydigan hujjatlardan biridir. Uchrashuv yakunida mintaqada qulay ekologik vaziyatni taʼminlashda yanada faol hamkorlik qilishga kelishib olindi.

Izohlar 0

Fikr bildirish