Qidirish

22:55 / 2023-01-10 449 0 Jamiyat

“Tushunamiz, sizning farzandingiz maktabga qimmat “inomarka”da boradi!” – bloger Nozim Safari bolalarni ayozli kunlarda oʻqishga chorlayotgan hokimlarga murojaat qildi

Fargʻona viloyatidan tashqari deyarli barcha hududlardagi maktablarda 11-yanvardan oʻqishlar boshlanishi maʼlum qilindi.

world-news

Bloger Nozim Safari qishki taʼtil muddatini uzaytirish vakolati berilgan hokimlarga murojaat qildi.

“Janob hokimlar, tushunamiz, sizning farzandingiz “inomarka”da eng qimmat maktabga boradi. U yerda issiq va qordan tozalangandir. Lekin oddiy aholining juda koʻpchiligida unday emas. Maktabiga yarim soat piyoda yuradigan insonlar bor, issiq kiyimi bormi, yoʻqmi, maktabga eltuvchi yoʻl tozalanganmi, maktab issiqmi, xabaringiz bormi oʻzi?

Sal chiqib ommaga maʼlumot bering. Tilga kiring. Tongda yerlar muzlab, maktabga ketayotib bola yiqilib, jarohatlansa siz javob berasizmi?  Sal aqlni ishlating, salgina. Bilasiz, taʼtil uzaytirilgan, ertadan boshlab nima qilasiz? Oʻqituvchilarni ham, oʻquvchilarni ham qiynayapsiz”, deb yozgan bloger.

Shuningdek, u qadriyatsiz, oʻlchovsiz, qarorlarga behurmat hokimlar haqida fikr bildirgan.

“Hokimliklar bugungi kun yakuniga yetishiga 1,5 soat qolganda maktablar ertadan boshlanishi eʼlon qilyapti. Yuqorida eslab oʻtganimiz — “anomal sovuqda yigʻilish oʻtkazmaydigan” hokimga qarashli tumanlar ayniqsa.

Bolalar uxlab boʻlgan, hoynahoy hozir bolasini uygʻotib, “ertaga maktabga borasan”, deyayotgandir. Baʼzi viloyatlarda shu ham eʼlon qilinmadi. Suv quygandek jim-jit.

Hokimlarda na qadriyat, na oʻlchov, na qarorga hurmat bor. Bolalar qiynaladi ertaga. “Oʻqish qachon?”, deganda 12 xil javob berilmasligi kerak. Tizimning holatini koʻrsatib qoʻymoqda bu. Zudlik bilan zarur chora kerak”, degan Safari.

Eslatib oʻtamiz, Fargʻona viloyatidan tashqari deyarli barcha hududlardagi maktablarda 11-yanvardan oʻqishlar boshlanishi maʼlum qilindi.

Yana boshqa bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev hozircha sukut saqlagan “Toshkent shahri, Sirdaryo, Jizzax, Navoiy, Namangan va Toshkent viloyati hokimliklariga ertaga maktab va bogʻchalar ochiladimi yoki taʼtil davom etadimi” deb savol bergan.

“Ushbu hokimliklar haligacha bir qarorga kela olmadimi yoki maʼlumotni jamoatchilikka aytmoqchi emasmi? Balki ertaga darslar boshlanishini ertadan keyin aytmoqchidirsizlar? Yoki ertaga ertalab soat 8:00 da “Yarim soatdan keyin dars boshlanadi, hamma kelsin” deb eʼlon berasizlarmi?”, deya yozadi Xudoyberdiyev.

Izohlar 0

Fikr bildirish