Qidirish

20:56 / 2022-12-27 478 0 Jamiyat

Buxoroda “Wyndham Bukhara” mehmonxonasi ochildi

Cobiq “Bukhara Palace” mehmonxonasi ilk marta 1996-yilda ochilgan boʻlib, bugungi kunda “Wide Tent System” kompaniyasi tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib, yangi “Wyndham Bukhara” nomi ostida  oʻz faoliyatini boshlamoqda.

world-news

26-dekabr kuni Buxoro viloyati Buxoro shahrida “Wyndham Bukhara” mehmonxonasining ochilish marosimi bo‘lib oʻtdi

Tadbirda Turizm va madaniy meros vaziri oʻrinbosari Nusratilla Zikrillayev, Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov va boshqa mutasaddilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda Nusratilla Zikrillayev soʻzga chiqib, Bosh vazir oʻrinbosari – Turizm va  madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimovning tabrigini oʻqib eshittirdi.

“Taʼkidlash lozimki, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida joriy yil noyabr oyi holatiga koʻra, Oʻzbekistonda 113 570 oʻrinli 4879 ta joylashtirish vositasi faoliyat koʻrsatmoqda.

Joriy yilning yanvar-dekabr oylari davomida Buxoro viloyati hududida 78 ta 2311 oʻrinlik joylashtirish vositalari tashkil etilishi natijasida bugungi kunda hududda 179 ta 8 187 oʻrinlik mehmonxona, 17 ta 2 024 oʻringa ega xostel, 213 ta 1 932 oʻringa ega hamda 4 ta 85 oʻringa ega boshqa toifadagi joylashtirish vositalari faoliyat yuritib kelmoqda.

“Wyndham Bukhara” mehmonxonasi ham Buxoro viloyatiga tashrif buyurgan sayyohlarga jahon standartlari asosida xizmat koʻrsatish bilan birga Buxoroda turizmni yanada rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshishiga ishonamiz”, - deydi u.

Tadbirda nutq soʻzlagan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ayni paytgacha Buxoro viloyatida katta-kichik hajmdagi 480 ta mehmonxona negizida 12 314 nafar mehmonni qabul qilish quvvati yaratilganini taʼkidladi.

“Misol uchun, 2022-yilda jami 2208 nafar mehmon qabul qilish imkoniga ega boʻlgan 83 ta yangi katta-kichik mehmonxona va joylashtirish vositalari qurib bitkazilib, oʻz faoliyatini boshladi. Bu sohada jami ikki yilda 1300 nafarga yaqin muqim ish oʻrinlari yaratildi. – Bugun faoliyatini boshlayotgan “Wyndham Bukhara” mehmonxonasida ham 200 ga yaqin yigit-qizlarni ish bilan taʼminlandi”, – dedi hokim. 

Maʼlumot oʻrnida, sobiq “Bukhara Palace” mehmonxonasi ilk marta 1996-yilda ochilgan boʻlib, bugungi kunda “Wide Tent System” kompaniyasi tomonidan qayta rekonstruksiya qilinib, yangi “Wyndham Bukhara” nomi ostida  oʻz faoliyatini boshlamoqda. “Wyndham Bukhara” mehmonxonasida sayyohlar uchun qoʻshimcha 212 ta xona va 450 oʻrin, shu jumladan, 4 ta prezident tipidagi xonalar yaratilgan.

Shuningdek, mehmonxonada yirik konferensiya zallari, restoran, bar, basseyn, fitnes zallari, turk va fin hammomi, avtoturargoh kabi qoʻshimcha xizmatlar koʻrsatiladi.

Mehmonxona rekonstruksiyasi Turkiyaning “KOS Construction” kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan.

Eʼtirof etish kerak, O'zbekistonda turizmni jadal rivojlantirishga qaratilgan oqilona islohotlar natijasida Buxoroga kelayotgan sayyohlar va ziyoratchilar soni yildan-yilga keskin koʻpayib bormoqda.

Xususan, 2022-yilda viloyatga tashrif buyurgan sayyohlar soni 2,7 mln. nafar, xorijiy turistlar soni 552.6 ming nafardan ortib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 11 baravarga koʻpaydi.

Ayni damda Buxoroda turizmning 15 turi mavjud. Bular ziyorat, gastronomik, biznes, ekoturizm, etnoturizm, enoturizm, sport, ishbilarmonlik, taʼlim, tibbiy, tranzit, safari, agroturizm, tarixiy turizm, MICE turizmlardir.

Maʼlumot uchun, 2023-yilda xorijiy sayyohlar sonini 7 millionga, mahalliy sayyohlar sonini esa 12 million nafarga yetkazish rejalashtirilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish