Qidirish

23:08 / 2022-12-24 745 0 Jamiyat

Toshkentda “Mo‘jizalar davri” 21-yillik xayriya yarmarkasi o‘tkazildi

Xayriya yarmarkasida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi o‘rtasida ko‘ngillilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

world-news

Joriy yilning 23-dekabr kuni Toshkentda “Mo‘jizalar davri” 21-yillik xayriya yarmarkasi o‘tkazildi. Tadbirda Turizm va madaniy meros vaziri o‘rinbosari Nusratilla Zikrillayev, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Milliy gvardiya qoʻmondoni oʻrinbosari Sarvar Mamayusupov, Oʻzbekiston koʻngillilar uyushmasi boshqaruvi aʼzosi Lazizxon Nigmanov, mahalliy va xorijlik ekspertlar, shuningdek, 100 dan ortiq ko‘ngillilar va nogironligi bor bolalar manfaatiga qaratilgan kompleks dasturlarni amalga oshiruvchi 20 dan ortiq tashkilotlar, xususan, ixtisoslashtirilgan maktab-internatlar, mehribonlik uylari va jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari ishtirok etdi.

Tadbirda Turizm va madaniy meros vaziri o'rinbosari Nusratilla Zikrillayev so'zga chiqib, Bosh vazir o‘rinbosari – Turizm va madaniy meros vaziri  Aziz Abduhakimovning tabrigini o'qib eshittirdi.

“Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev boshchiligida inson qadrini yanada ulug‘lash borasida qator islohotlar amalga oshirib kelinmoqda. Buni 2022-yilning “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili” shiori ostida o‘tgani tasdiqlaydi. Qolaversa, Prezidentimizning 20-dekabr kuni Oliy Majlisga va xalqimizga Murojaatnomasida 2023-yil “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb e’lon qilindi. Bu yurtimizda insonni qadrlash doimiy ustuvor vazifa ekanligini anglatadi, — deyiladi tabrikda. 

— “Mo‘jizalar davri” platformasi ham ana shu tamoyillarga amal qilgan holda, bugungi kunda O‘zbekiston Ko‘ngillilar uyushmasi hamda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot dasturi, Davlatlararo gumanitar hamkorlik jamg'armasi kabi xalqaro tashkilotlar, shuningdek, biznes sohasi vakillarini ezgu maqsad yo‘lida birlashtirmoqda. Bizning ham ijobiy o‘zgarishlarning bir qismiga aylanishimiz, ezgu loyihalarni amalga oshirishga ko‘maklashishimiz juda muhimdir”.

Ta’kidlash joizki, yarmarkada 400 nafar bola tomonidan 2000 dan ortiq ijod namunalari: rasmlar, otkritkalar, yumshoq o‘yinchoqlar, zardo‘zlik, batik, munchoq, kashtachilik, zargarlik buyumlari va boshqa ko‘plab narsalar ishtirokchilar e’tiboriga havola qilindi. Shuningdek, chegarasiz turizm, ekologik mas’uliyatni oshirish, ekotizimlarni saqlash va tabiatga hurmat borasidagi bilimlarni ommalashtirishga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, tadbir davomida nogironligi bor yoshlarning faolligini oshirishga qaratilgan uchrashuvlar, mahorat darslari, katta muvaffaqiyatlarga erishgan nogironligi bor shaxslar, Paralimpiya o‘yinlari sovrindorlari va Hamdo‘stlik mamlakatlari mehmonlari ishtirokida video intervyular o‘tkazildi.

Qayd etish joizki, xayriya yarmarkasida Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Madaniyat vazirligi o‘rtasida ko‘ngillilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan memorandum imzolandi.

Ko‘rgazmaning asosiy maqsadi ijtimoiy ko‘makka muhtoj va nogironligi bor bolalarning o‘zini har tomonlama namoyon qilishiga, kasbiy iqtidorini shakllantirishiga, kelajakda yetuk kadrga aylanishiga va to‘laqonli hayot qurishiga barcha sharoitlarni yaratib berish kerakligini ko‘rsatishdan iborat.

Bundan tashqari, ishbilarmonlar, xayriya va xalqaro tashkilotlar vakillari, poytaxt aholisi va mehmonlarning e’tiborini nogironligi bor, yetim va og‘ir sharoitda yashaydigan bolalarga qaratish, bolalarning ijodiy tashabbuslarini har tomonlama rag‘batlantirish ham maqsad qilingan.

Ko'rgazmadan tushgan mablag'lar bolalarning ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirish maqsadida mas’ul ishtirokchi tashkilotlarga ajratiladi. Ma’lumot uchun, “Mo‘jizalar davri” Markaziy Osiyodagi yagona platforma bo‘lib, u nogironligi bor yoshlarni kasbga yo‘naltirish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasini ilgari suradi. Xayriya yarmarkasi 2003-yildan buyon har yili ko‘ngillilar tashabbuskor guruhi tomonidan o‘tkazib kelinmoqda. 2020-yilda O‘zbekiston ko'ngillilar uyushmasi tashkil etilishi bilan yana davom ettirildi. Bugungi kunga qadar “Mo‘jizalar davri” loyihasi 4500 dan ortiq ko‘ngillilarni birlashtirgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish