Qidirish

09:27 / 2025-12-12 34 0 Jamiyat

O‘zbekistonda 11 oyda 465 kishi pora berish jinoyati uchun ozodlikdan mahrum etildi

Oliy sud ma’lumotiga ko‘ra, joriy yilning yanvar—noyabr oylarida pora berish bilan bog‘liq jinoyatlar bo‘yicha 1 800 dan ortiq shaxs sudlangan, ularning salmoqli qismisi — 465 nafari qamoq jazosiga hukm qilingan.

world-news

Oliy sud matbuot xizmati xabariga ko‘ra, 2025 yilning 11 oyi davomida Jinoyat kodeksining 211-moddasi (pora berish) bo‘yicha jami 1 801 nafar shaxs sudlangan. Sud hukmlariga asosan, ularning 465 nafari ozodlikdan mahrum etilgan, 1 336 nafariga esa jarima, axloq tuzatish ishlari, ozodlikni cheklash yoki shartli jazo kabi ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan.

2024 yilda ushbu modda bilan 1 991 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan bo‘lib, ularning 651 nafari qamalgan, 1 340 nafariga esa yengilroq jazo choralari qo‘llanilgan.

Qonunlarga muvofiq, mansabdor shaxsga muayyan harakatni bajarish yoki bajarmaslik uchun moddiy qimmatlik berish pora berish sifatida baholanadi. Bu jinoyat uchun BHMning 50–100 baravari miqdorida jarima, 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan.

Pora takroran, xavfli residivist tomonidan yoki ko‘p miqdorda amalga oshirilsa — 5 yildan 10 yilgacha,
juda ko‘p miqdorda yoki uyushgan guruh manfaatlarini ko‘zlab sodir etilsa — 10 yildan 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llaniladi.

Shu bilan birga, agar shaxsdan pora talab qilingan bo‘lib, u bu haqda 30 kun ichida ixtiyoriy ravishda xabar bersa va tergovga ko‘maklashsa, javobgarlikdan ozod etilishi mumkin.

Izohlar 0

Fikr bildirish