Qidirish

04:59 / 2022-11-29 359 0 Jamiyat

Turkiyadagi xalqaro ko‘rgazmada O‘zbekistonning turizm salohiyati targ‘ib qilindi

Jahon halol bozori savdo aylanmasi 7 trillion AQSH dollardan yaqin besh yilda 10 trillion dollarga yetadi.

world-news

Joriy yilning 24–27-noyabr kunlari Turkiyaning Istanbul shahrida “OIC HALAL EXPO 2022” ko‘rgazmasi va “WORLD HALAL SUMMIT” xalqaro konferensiyasi o‘tkazildi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Turizm va madaniy meros vazirligi hamda Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida “Oʻzbekiston Milliy pavilyoni” tashkil etildi. 

Pavilyonda yurtimizning turizm salohiyatini yoritib boruvchi hamda halol mahsulotlar ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi korxonalardan iborat delegatsiya ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, ko‘rgazma davomida Amerika, Germaniya, Saudiya Arabistoni, Iroq, BAA, Malayziya, Indoneziya, Turkmaniston, Tojikiston davlatlaridan kelgan mehmonlar “Oʻzbekiston Milliy pavilyoni”ga tashrif buyurib, yurtimizda yetishtirilgan qishloq xoʻjalik mahsulotlariga katta qiziqish bildirishdi. Qolaversa, xalqaro oziq-ovqat savdosi platformalari, kompaniyalari hamkorlik uchun takliflar berishdi.

Shu bilan birga, ko‘rgazma doirasida “Xalqaro oshpazlar musobaqasi” ham boʻlib oʻtdi.

Musobaqada hamyurtlarimiz sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritishdi. Xususan, Abu Hurayra Toʻychixoʻjayev “Zamonaviy oshxona – goʻshtli taom va baliqli taom” nominatsiyasi boʻyicha 2 ta kumush medal, Elerbek Mirboboyev “Zamonaviy oshxona – goʻshtli taom” nominatsiyasi boʻyicha 1 ta kumush medal, Shoxruzxon Ibragimov “Baliqli taomlar” nominatsiyasi boʻyicha 1 ta bronza medalga sazovor boʻlishdi.

Koʻrgazma davomida “Oʻzbekiston Milliy taomlari” stendi shirinliklarimiz, mevalar bilan bezatilib, mehmonlarga osh va somsalar tarqatildi. Qayd etish joizki, mevalarimiz xorijliklar tomonidan alohida e’tirof etildi. 

Bundan tashqari, ko‘rgazmani kelasi yillarda Oʻzbekistonda oʻtkazish boʻyicha muzokaralar olib borildi.

Ma'lumot uchun, Turkiyadagi tadbirlar tashkiliy qoʻmitaning rasmiy axborot manbalari: Twitter – @HelalExpo, Youtube – @worldhalalsummit1713, Facebook – @halalsummit, shuningdek Turkiyaning TRT, “Euro Star”, TV NET kabi bir qator xorijiy OAVlarda keng yoritildi.

“ОIC HALAL EXPO 2022” doirasidagi tadbirlar 1997-yildan buyon dunyoning turli mamlakatlarida tashkil etilib kelinayotgan islom mamlakatlari iqtisodiyot tarmoqlari boʻyicha eng yirik tadbiri. 2022-yilda jahon musulmon aholisi 2 mlrdga yetdi va 2025-yilga kelib butun dunyo aholisining 27 foizi musulmonlardan iborat boʻlishi kutilmoqda. Ekspertlar fikricha, jahon halol bozori savdo aylanmasi 7 trillion AQSH dollardan yaqin besh yilda 10 trillion dollarga yetadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish