So`ngi yangiliklar
“Oʻqituvchilarga imtiyozli avtokredit orqali avtomobillarni sotishga tayyormiz” – “Oʻzavtosanoat”
Aydar–Arnasoy koʻllar tizimi – kimning tizginida?
SSP raisi oʻrinbosari Nodira Shotursunova Namanganda faol va tashabbuskor ayol tadbirkorlar bilan uchrashdi
Storitelling va mutolaaning inson rivojidagi oʻrni...
Parlamentda Nukus voqealari bo‘yicha tuzilgan komissiya axboroti tinglandi
Navoiyga Mongoliyadan 1000 boshga yaqin Bayat zotiga mansub qo‘ylar olib kelindi
Faollar aytayotgan “iqtidor” egasi oddiy “Virtual valyutachi” boʻlgan...
Rustam Minnixanov boshchiligidagi Tatariston delegatsiyasi Navoiy viloyatiga tashrif buyurdi
“Sentob” turizm qishlog‘iga olib boruvchi yo‘llar ta’mirlanmoqda
Qishloqning tabiati, madaniy meros obyektlari, toza havosi, milliy taomlari va qishloq hayoti mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini tortgan.
Navoiy viloyati Nurota tumanida joylashgan “Sentob” turizm qishlog‘iga olib boruvchi barcha yo‘llarni ta’mirlash va asfaltlash ishlari boshlab yuborildi.
Navoiy viloyati hokimi o‘rinbosari Sa’dulla Mirzayev turizm qishlog‘ida bo’lib, u yerda amalga oshilayotgan ishlar va sayyohlar uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Ma’lumot uchun, Navoiy viloyati, Nurota tumanida joylashgan “Sentob” qishlog‘i viloyat markazidan 180 km, tuman markazidan 120 km uzoqlikda baland tog‘lar orasida joylashgan. Qishloqning tabiati, madaniy meros obyektlari, toza havosi, milliy taomlari va qishloq hayoti mahalliy va xorijiy sayyohlar e’tiborini tortgan.
Ta’kidlash kerakki, “Sentob” qishlog‘ini “turizm qishlog‘i”ga aylantirish maqsadida 20 ta oilaviy mehmon uyi, 3 ta hostel hamda 15 turdagi turizm xizmatlari tashkil etildi. Shu bilan birga, 200 ga yaqin ishsiz aholi doimiy ish o‘rniga ega bo‘ldi.
Bugungi kunda qishloqda 30 dan ortiq tadbirkorlik subyekti mavjud. “Sentob” qishlog‘idan Аngliya, Fransiya, Аvstriya, Rossiya va boshqa davlatlardan kelayotgan xorijiy sayyohlarning qadami uzilmaydi. Masalan, 2022-yilning 9 oyi davomida 300 ming nafar mahalliy, 2 ming nafar xorijiy sayyohlar tashrif buyurdi.
Shuningdek, turizm infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qishloqqa olib boruvchi 5 km ichki yo‘l taʼmirlandi, tungi yoritish chiroqlari, 2 ta piyodalar ko‘prigi, 2 ta selfi hudud, 3 ta sanitariya-gigiyena shoxobchasi, “Sentob” qishlog‘ining ramziy kirish stellosi, 1 ta turistik axborot markazi qurib bitkazilib, foydalanishga shay holatga keltirildi.
Qolaversa, “Sentob”dagi oilaviy mehmon uylari va hostellarga belgilangan standartlar asosida oilaviy mehmon uyi nomi tushirilgan taxtalardan yo‘l ko‘rsatish belgilari o‘rnatildi. Qishloqning turistik salohiyatini targ‘ib qiluvchi 5 ming nusxadan ortiq buklet, flayer, videoroliklar ishlab chiqildi va targ‘ib qilinmoqda.
“Sentob” mahallasining gastronomik va ekoturizm imkoniyatlari aniqlanib, mazkur yo‘nalishda turizm xizmatlarini tashkil etish bo‘yicha aholi orasida targ‘ibot ishlari amalga oshirildi hamda milliy taomlar tayyorlovchi gastroxonadonlar ro‘yxati shakllantirildi.
O‘z navbatida xonadonlarda mavjud salohiyatlardan foydalangan holda 15 turdagi turizm xizmati tashkil etildi. Jumladan, 2 ta quroqchilik, 2 ta gilam to‘qish, 3 ta echki sutidan tayyorlangan qurut va sut mahsulotlari savdosi va ularning tayyorlanish jarayoni, 3 ta xolva savdosi va holva tayyorlash bo‘yicha mahorat darsi, milliy taomlar tayyorlovchi 23 ta gastroxonadon, 2 ta uy muzeyi, 20 ta ekskursiya xizmati, otda sayr, 6 ta basseyn xizmati, 3 ta milliy kuy-qo‘shiq kuylash, 1 ta kashtachilik, agroturizm xizmatlari (sigir va echki sog‘ish), non yopish bo‘yicha mahorat darsi, turizm axborot markazi, suvenir mahsulotlari savdosi xizmatlari yo‘lga qo‘yildi.
“Sentob” MFY hududida sotuvini tashkil etish mumkin bo‘lgan suvenirlar ro‘yxati tayyorlanib, 5 turdagi suvenir tayyor holga keltirildi. “Sentob” qishlog‘ida mavjud 12 ta madaniy meros obyektlari va diqqatga sazovor joylar, 15 ta tabiat manzarasi (tog‘, suv, buloq) hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi. 16 ta turizmga ixtisoslashgan obyekt turizm marshrutiga kiritildi. Xususan, Eski qo‘rg‘on qoldiqlari, qadimgi qalʼa, qadimiy g‘orlar, Xo‘ja Muhammad Porso maqbarasi, Xo‘ja Muhammad Savrato maqbarasi, Shirin Аto maqbarasi, suv sathidan 1650 metr balandlikdagi Fozilmon ko‘li (xalq tilida oyna ko‘l deb ham yuritiladi), Chashmai Аko bulog‘i, buddizm ibodatxonasi, Sentobtepa madaniy meros obyekti, arab grafikasi hamda qadimiy qoyatosh suratlari tushirilgan petrogliflar, Sentob sharsharasi hududlarida obodonlashtirish ishlari amalga oshirildi.
Mahalliy va xorijiy sayyohlarga qo‘shimcha qulaylik yaratish maqsadida esa “Sentob” qishlog‘ining tarixiyligini saqlagan holda qo‘shimcha xizmatlar tashkil etilganligi to‘g‘risida axborot ko‘rsatkich belgilari o‘rnatildi.
Mahalliy va xorijiy sayyohlarga qulaylik yaratish maqsadida “Sentob” qishlog‘ining 3 kunlik turpaketi ishlab chiqildi. Aholini tadbirkorlik jarayoniga keng jalb qilish maqsadida 8 nafar aholi biznes kurslarida o‘qitildi. Xizmat ko‘rsatish yo‘nalishida 3 nafar mahalliy aholiga 94 mln. so‘m miqdorida kredit mablag‘lari ajratildi.
Amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar natijasida “Sentob” qishlog‘i Butunjahon turizm tashkiloti (UNWTO) tomonidan navbatdagi “Best tourism villages” (Eng yaxshi turizm qishlog‘i) loyihasiga nomzod sifatida kiritildi.