Qidirish

03:26 / 2022-11-20 444 0 Jamiyat

Abu Dabida kichik Oʻzbekiston ochildi

“Shayx Zoid” madaniy meros anʼanaviy festivali toʻrtinchi marta tashkil etilmoqda

world-news

Abu Dabi amirligining Al Vatba hududida 18-noyabr kuni boshlangan “Shayx Zoid” festivali doirasida “Oʻzbekiston” pavilyonining ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Mazkur pavilyon Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, unda davlat ramzi hisoblangan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbir o‘tkazildi. Tadbirda Qatardagi futbol bo‘yicha jahon chempionatida O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilish uchun Samarqanddan yo‘lga chiqqan va ayni damda Birlashgan Arab Amirliklarida bo‘lib turgan delegatsiyamiz ham ishtirok etdi.

Ta’kidlash joizki, “Shayx Zoid” madaniy meros an’anaviy festivali toʻrtinchi marta tashkil etilmoqda, 2022-yil 18-noyabrdan 2023-yil 18-martga qadar davom etadi. Tadbir doirasida “Xush kelibsiz!” nomi ostida dronlar va lazer chiroqlari hamda Amirlik favvoralari shoulari, mushakbozlik, harbiy meros musiqasi, meros musobaqalari va qiziqarli sport tadbirlari boʻlib oʻtmoqda.

Festival uchun tashkil etilgan shaharchada 20 dan ortiq ishtirokchi mamlakat pavilyonlari, yangi qoʻshilgan San’at shaharchasi, “Selfie street” maydoni, Sahro muzeyi, bolalar maydonchalari, gullar shaharchasi va oziq-ovqat mahsulotlari pavilyonlari tashkil etildi. 

"Oʻzbekiston” pavilyoni Oʻzbekiston Investitsiya va tashqi savdo vazirligining Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan tashkil etilib, Amirliklar tomoni bilan hamkorlikda hamda Turizm va madaniy meros vazirligi ko’magida musiqiy jamoalar, hunarmandlar hamda oshpazlar ishtiroki ta’minlangan holda mamlakatimizning turizm salohiyati keng targʻib qilinadi. Xususan, 2023-yilda "Yangi O‘zbekiston darvozasi"ga aylanadigan Samarqand shahrining turistik imkoniyatlari haqida ham keng ko‘lamda ma'lumotlar berib boriladi. 

Festival davomida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat bayrogʻi qabul qilinganining 31 yilligi munosabati bilan mamlakatimizning BAAdagi diplomatik vakolatxonalarining vatandoshlarga yoʻllangan tabriklari, oʻzbek milliy kuylari, san’atkorlar chiqishlari, hunarmandlarning mahorat darslari tashkil etildi va Davlat bayrogʻimiz hamda Oʻzbekistonning turizm salohiyatiga bagʻishlangan videorolik shaharchaning markaziy maydonidagi ekranlarda namoyish etildi. Oʻzbekiston paviloni tomonidan Davlat bayrogʻi kuni munosabati bilan tadbir ishtirokchilari uchun bayram dasturxoni tashkil etildi.

Qatardagi futbol boʻyicha Jahon chempionatida Oʻzbekiston turizm salohiyatini targʻib qilish uchun avtotransportda yoʻlga chiqqan taniqli blogerlar jamoasi (A.Saparbayeva – littos/3,3 mln. kuzatuvchi, I.Ikromov – autotuning_uz/1,3 mln. kuzatuvchi, O.Joʻrayev – iwash_tashkent/530 ming kuzatuvchi) Davlat bayrogʻini nishonlash tadbiriga taklif etilib, tadbir jarayonlari ijtimoiy tarmoqlarda yoritildi, markaziy televideniyelarda yoritish uchun materiallar jamlandi.

Tadbir soʻngida BAAdagi vatandoshlar, san’atkorlar guruhi va blogerlar jamoasi bilan birgalikda festival asosiy maydoni boʻylab Oʻzbekiston bayrogʻi ostida parad uyushtirildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish