Qidirish

03:05 / 2022-11-16 462 0 Jamiyat

“Аir Аrabia” aviakompaniyasi O‘zbekistonning tarixiy shaharlariga aviaqatnovlarni yo’lga qo’yishi mumkin

“Аir Аrabia” aviakompaniyasi, asosan, А-320 rusumidagi samolyotlar bilan ta’minlangan boʻlib, Sharja shahridan Toshkent shahriga haftasiga 3 marta qatnovlarni amalga oshiradi.

world-news

2022-yil 15-noyabrda Birlashgan Arab Amirliklarining O‘zbekistondagi elchixonasida BAAning “Аir Аrabia” aviakompaniyasi tijorat menejeri Akram Al Ismoil boshchiligidagi delegatsiya qabul qilindi.

Ma’lumot uchun: bosh shtab-kvartirasi Sharja shahrida joylashgan, 2009-yil sentabr oyida tuzilgan mazkur aviakompaniya qoʻshimcha tashkil etilgan qoʻshma korxonalar hisobiga hozirda Sharja, Abu Dabi, Al Ayn, Aleksandriya, Kasablanka, Karachi, Yerevan, Amman kabi shaharlardan Yaqin Sharq, Janubi-Sharqiy Osiyo, Yevropa va MDH mamlakatlaridagi 89 shaharga parvoz qiluvchi loukoster aviatashuvchi hisoblanadi. 

Uchrashuvda aviaqatnovni maqsadli auditoriya orasida targʻib qilish, Oʻzbekistonning boshqa shaharlariga parvozlarni amalga oshirish imkoniyatlari, oziq-ovqat mahsulotlarini aviaqatnov orqali BAAga eksport qilish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Aviakompaniya vakillari yuklarni tashish bilan bogʻliq batafsil ma’lumotlar qoʻshimcha ravishda taqdim qilinishini, 2023-yil davomida aviakompaniyaning Abu Dabidagi tayanch aeroporti ixtiyoridagi samolyotlar soni 8 tadan 15 taga koʻpayishi kutilayotganini va shunga muvofiq Samarqand yoki Buxoro shaharlariga parvozlar yoʻlga qoʻyilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qildi.

Muzokaralar jarayonida aviakompaniya 2019-yilda Oʻzbekistonning Toshkent va Samarqand shaharlariga mahalliy turagentlar ishtirokida tanishtiruv turlarini tashkil qilganini va ushbu tajribani hamkorlikda qayta tashkil etish istagini bildirdi. Buning uchun esa aviakompaniya Oʻzbekiston boʻylab sayohatlar tashkil etuvchi turizm korxonalarining targʻibot materiallariga ehtiyoj sezishi ta'kidlandi. Elchixona tomonidan esa bu kabi tanishtiruv turlarini BAA va Oʻzbekistonning ommaviy axborot vositalari vakillari, jumladan koʻplab kuzatuvchilariga ega ijtimoiy tarmoq yurituvchilari bilan ham tashkil etish taklif qilindi.

Shuningdek, uchrashuv davomida Yevropadan Oʻzbekistonga aviaqatnovlar soni kamligi uchun mazkur aviakompaniyaning “Etihad airways” aviakompaniyasi bilan kelishuviga muvofiq sayyohlik kompaniyalari ikki aviakompaniya reyslarida tranzit maqsadida foydalanishi mumkinligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, aviakompaniya vakillari 2022-yil 18-noyabrda ochilishi kutilayotgan Shayx Zoid meros festivalidagi “Oʻzbekiston” pavilyoniga taklif etildi hamda yangi aviaqatnovni mazkur pavilyon orqali keng targʻib qilishga kelishildi.

Qayd etish kerakki, “Аir Аrabia” aviakompaniyasi, asosan, А-320 rusumidagi samolyotlar bilan ta’minlangan boʻlib, Sharja shahridan Toshkent shahriga haftasiga 3 marta qatnovlarni amalga oshiradi.

Ikki davlat aviatsiya idoralari kelishuvlariga muvofiq “Аir Аrabia” aviakompaniyasi 2022-yil 7-dekabrdan boshlab haftasiga 2 marta Abu Dabi – Toshkent – Abu Dabi yoʻnalishida 999 BAA dirhamidan (3 mln. soʻm) boshlangan narxlarda parvozlarni yoʻlga qoʻyishga erishilgan, kelgusida ushbu qatnovlarni haftasiga 7 martagacha oshirish kutilmoqda. Mazkur narxlar yoʻlovchi yukisiz hisoblanganiga qaramasdan, aviakompaniya tomonidan agar chiptalar aviakompaniya sayti orqali xarid qilinganda 35 BAA dirhami (106 ming soʻm) evaziga Toshkentga 40 kg, Abu Dabiga 30 kg yuk tashish imkonini beradi.

Izohlar 0

Fikr bildirish