Qidirish

15:08 / 2024-11-27 269 0 Jamiyat

Raqamli dalillarni sudga taqdim etish tartibi tasdiqlandi

Prezident tomonidan «Ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun imzolandi

world-news

Hujjat bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga, Fuqarolik-protsessual kodeksiga, Iqtisodiy protsessual kodeksga, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga va Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga raqamli dalillar tushunchasi, raqamli dalillarni to‘plash, taqdim etish, mustahkamlash, ko‘zdan kechirish, tekshirish va baholash, ularni saqlash, qaytarish hamda yo‘q qilish tartibini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

«Notariat to‘g‘risida»gi, «Hakamlik sudlari to‘g‘risida»gi va «Sud ekspertizasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarida raqamli dalillarni guvohlantirish va ularni tekshirish tartibi nazarda tutilmoqda. Ushbu qonun fuqarolar va tashkilotlarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi, deyiladi hujjat matnida.

Xususan, jinoyat ishi doirasida guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar elektron ma’lumotlarni ushbu ma’lumotlarning ko‘chirma nusxasini elektron jismdan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan boshqa elektron jismga olish orqali taqdim etishga haqli.

Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshirayotgan organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi, prokuror yoki sud taqdim etilgan elektron ma’lumotlarni mutaxassis ishtirokida qabul qilib oladi hamda elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan birlamchi elektron jismlarni ko‘zdan kechiradi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lmagan elektron ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron jismlar egalariga darhol qaytarib beriladi.

Ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar mavjud bo‘lgan elektron ma’lumotlar, shu jumladan, elektron tarzdagi fayllar, audio, videoyozuvlar, internet tarmog‘ida saqlanayotgan ma’lumotlar, shuningdek, boshqa elektron ma’lumotlar raqamli dalillardir.

Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga, basharti uning yaxlitligi va aynan o‘xshashligi saqlansa, yo‘l qo‘yiladi. Raqamli dalildan ko‘chirma nusxa olishga yo‘l qo‘yilishi o‘zidan mazkur ko‘chirma nusxa olingan raqamli dalilning asli mavjudligi bilan ta’minlanadi.

Guvoh, jabrlanuvchi, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va boshqa shaxslar raqamli dalillarning ko‘chirma nusxalarini qog‘ozda chop etilgan shaklda taqdim etish huquqiga ega. Bunda raqamli dalilning qog‘ozdagi shakli yozma dalil deb hisoblanishi mumkin emas.

Tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, tergov va sud jarayonida tuzilgan protsessual bayonnomalarga ilova qilingan, elektron ma’lumotlar tarzida shakllantirilgan audio, videoyozuvlar ham raqamli dalillar hisoblanadi.

Izohlar 0

Fikr bildirish