Qidirish

19:52 / 2024-11-22 347 0 Jamiyat

“Milliy qahramon” va “Inson qadri uchun” mavzularida 32 ta turkum spektakllar yaratish taklif etilmoqda

Prezident Shavkat Mirziyoyev 22-noyabr kuni madaniyat va sanʼat sohasini rivojlantirish, xususan, teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish va ular faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

world-news

Bu haqda oʻtgan yil 22-dekabrda boʻlgan Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat kengashi yigʻilishida aytilgan edi. Mutasaddilar shu borada ishlab chiqilgan chora-tadbirlar toʻgʻrisida axborot berdi.

Unga koʻra, 2025-2030-yillarda teatrlarda “Milliy qahramon” va “Inson qadri uchun” mavzularida 32 ta turkum spektakllar yaratish taklif etilmoqda.

Sahna asarlarini yaratishda ijodiy hamkorlikni qoʻllab-quvvatlash, dramaturgiya va rejissyorlikni yanada rivojlantirish boʻyicha takliflar bildirildi. Xususan, teatr dramaturglari uchun Mahmudxoʻja Behbudiy, yosh rejissyorlar uchun Bahodir Yoʻldoshev nomidagi mukofotlarni taʼsis etish, “Nigoh” ijodiy loyihasini yoʻlga qoʻyish, milliy akademik musiqa sanʼati boʻyicha kompozitorlar tanlovini oʻtkazish taklif etildi.

Madaniyat va sanʼatning taʼlim bilan uzviy hamkorligini mustahkamlash, talabalarning teatrlarda amaliy mashgʻulotlarini kegaytirish, teatr sohasiga oid ilmiy-tadqiqot ishiga buyurtmalar berish masalalariga alohida toʻxtalib oʻtildi.

Teatr aktyor va rejissyorlari, teatrshunos va sanʼatshunoslarning mahorat maktablari tashkil etiladi. Teatr tanqidchilari va dramaturglar klubi tashkil etilib, ularning faoliyati qoʻllab-quvvatlanadi. Har yili nodavlat teatrlarga ham davlat buyurtmasi beriladi.

Umumiy va oliy taʼlim muassasalarida havaskor teatr jamoalari tuzilib, ular oʻrtasida tanlovlar oʻtkaziladi. Yoshlarni teatrlarga doimiy tashriflarini nazarda tutuvchi “Teatr – ibratxonadir” dasturi amalga oshiriladi.

Kelgusi yildan Oʻzbekiston teatr jamoalarining milliy reytingi tuziladi. Hududlardagi teatr binolari mukammal taʼmirlanib, zamonaviy texnologiyalar asosida modernizatsiya qilinadi. Muqimiy nomidagi Oʻzbekiston davlat musiqali teatriga “akademik” maqomi beriladi.

Bundan tashqari, taqdimotda soha vakillarini ragʻbatlantirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. 2025-yildan boshlab, madaniyat va sanʼat, axborot-kutubxona va muzeylar sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar ish haqi miqdorlari oshirilishi belgilandi.

Moddiy manfaatdorlik xodimning ish samaradorligi (KPI) koʻrsatkichlariga bogʻlanadi. Unda aholiga madaniy xizmat koʻrsatish, ayniqsa, olis hududlarga gastrollar uyushtirish, yangi asarlar yaratish, iqtidorli yosh ijodkorlarni izlab topish kabi mezonlar inobatga olinadi.

Shuningdek, 2025-yildan boshlab Oʻzbekiston Milliy simfonik orkestri xodimlarining ish haqlari oshirilib, munosib moddiy ragʻbatlantiriladi. Orkestr jamoasi tomonidan davlat buyurtmasi asosida har yili yangi musiqiy asarlar yaratiladi, mahoratli dirijyor, orkestr ijrochilarining mahorat maktablari faoliyati yoʻlga qoʻyiladi. Orkestri jamoasining yurtimiz hududlari va xorijiy gastrol safarlari tashkil etiladi, yirik korxona va tashkilotlar xodimlari uchun konsert namoyishlari tashkil etiladiShu bilan bir qatorda, davlatimiz rahbari tomonidan madaniyat va sanʼat taʼlimini yangi bosqichga koʻtarish masalalari boʻyicha ham alohida topshiriqlar berildi. Xususan, iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash, saralash va oʻqitish boʻyicha yaxlit tizim yaratish, shuningdek, umumiy oʻrta, maktabdan tashqari, kasbiy, oliy taʼlim tashkilotlari hamda madaniyat va sanʼat tizimidagi taʼlim muassasalarida oʻquv rejalari va dasturlarining oʻzaro muvofiqligini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.

Izohlar 0

Fikr bildirish