Qidirish

21:45 / 2024-11-19 166 0 Jamiyat

Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali koʻchirilishi mumkin

Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Andijon shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur haykali koʻchirilishihaqidagi xabarlar keng tarqaldi. Bu esa baʼzi bir noroziliklarni keltirib chiqardi.

world-news

Iqtisodchi Otabek Bakirovning maʼlum qilishicha, qarorning 16-bandida shunday taklif aks etgan: 

“Zahiriddin Muhammad Bobur haykalini Andijon shahridagi «Registon” maydoniga koʻchirish, buning hisobiga boʻshaydigan 1,2 gektar yer uchastkasida 2 ta 20 va 16 qavatli turar joy majmuasi barpo etilishini hamda 90 mln AQSH dollari miqdorida investitsiya mablagʻlari kiritilishini taʼminlash».

Shuningdek, viloyat hokimligi taklifi bilan Alisher Navoiy nomidagi istirohat bogʻining 10,7 gektar qismida Andijon city ishbilarmonlik markazi, 19 ta 18 qavatli hamda 7 ta 28 qavatdan yuqori turar joy va xizmat koʻrsatish majmualari barpo etilishi koʻzda tutilgan.

Bakirov Bobur haykalining koʻchirilishini Toshkent shahridagi Amir Temur haykali koʻchirilishiga qiyosladi.

«Oʻzingizga tasavvur qilishingiz uchun bu xuddi poytaxt qoq markazidagi Amir Temur haykalini koʻchirib, xiyobonda dom qurish bilan baravar qadam boʻladi. Yana solishtirish oʻrinli boʻlsa, Andijondagi Alisher Navoiy bogʻi bu Toshkentning yuragi Milliy bogʻi singari. 

Andijon viloyati hokimligi holatga rasmiy munosabatida haykalning koʻchirilishi “Bobur” shohkoʻchasida joylashgan chorrahada qurilayotgan koʻprik bilan bogʻliqligini bildirdi.

Unga koʻra, ulugʻ bobokalonimiz va buyuk shoir xotirasini eʼzozlash maqsadida unga atab oʻrnatilgan mahobatli haykal, shoh Boburning oʻzi tugʻilib-oʻsgan “Eski shahar” hududidagi oʻzbek tarixini oʻzida aks ettirgan “Registon” maydoniga koʻchirilib, maydonni oʻziga xos qoʻshimchalar bilan boyitish va yangi, koʻrkam maydon barpo etishga kelishilgan. Hozirda bu rejani amalga oshirish uchun katta tayyorgarliklar koʻrilmoqda.

Avvalgi maydon oʻrnida esa aholimiz uchun “Savdo Mall” majmuasi, koʻngilochar markazlar, ofislar va aholimizga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan boshqa turdagi zamonaviy binolar barpo etish loyihasi taklif etilgan.

Bobur fondi raisi oʻrinbosari Rustamjon Mamasoliyevning aytishicha, 2005—2006-yillarda haykal joyini oʻzgartirish jarayonida agarda koʻprik quriladigan boʻlsa, boshqa joyga yoki chetroqqa joylashtirish zarurligi yuzasidan mutasaddilarga xat bilan aloqaga chiqqan. Biroq taklif maʼqullanmagan.

“Agar haykal joyi oʻzgarsa, bu ikkinchi oʻzgarish boʻladi. Bilsangiz, dastlab haykal viloyat hokimligi binosida joylashgan edi. 2005-yilgi voqealardan keyin hozirgi oʻrniga koʻchirilgan. Oʻsha paytda fondimiz raisi Zokirjon Mashrabov viloyat hokimligiga agar koʻprik quriladigan boʻlsa, maydon koʻrinmay qolishini, tunnelning tepasida yoki koʻprikning tagida qolib ketishini bildirib, orqadagi binolarni buzish hisobiga kengaytirish yoki sal chetroqqa joylashtirish taklifi bilan xat bergan edi. Ammo masʼullar tomonidan eʼtibor qilinmasdan shunday holatda qolib ketgan”, deydi Rustamjon Mamasoliyev.

Izohlar 0

Fikr bildirish