Qidirish

20:41 / 2024-11-12 669 0 Jamiyat

Suvni asrang, tejang va yuqori daromadga ega boʻling – Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi Rayosatining murojaati…

Hurmatli fermer va dehqonlar, suvni tejang va qadrlang! Bugungi kunda hayotimizning barcha jabhalarida suvni tejash, undan maqsadli, samarali va oqilona foydalanish, isrof boʻlishiga barham berish orqali biz kelgusi avlodlarimiz oldidagi eng oliy burchimizni ham bajargan boʻlamiz.

world-news

Maʼlumki, joriy yilning 7-noyabr kuni Prezident boshchiligida “Qishloq xoʻjaligida suv va energiya resurslaridan oqilona foydalanish va yoʻqotishlarni kamaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi oʻtkazilgan yigʻilishda 2025-yil suv xoʻjaligida “Nasoslar samaradorligini oshirish yili” deb eʼlon qilingan.

Taʼkidlash joizki, 2017-yilda 2 million gektar yerni sugʻorish uchun 8,3 milliard kilovatt elektr energiyasi sarflangan boʻlsa, joriy yilda 2,5 million gektar yerni sugʻorishga 1 ming 600 dan ziyod nasos stansiyalari uchun 6,8 milliard kilovatt elektr energiyasi sarflangan.

Kelgusi yilda esa, davlat xususiy sheriklik asosida tejamkor nasos va quyosh panellarini oʻrnatib, 20 foiz elektrni tejamkorlikka erishish mumkin.

Shiddat bilan rivojlanayotgan hozirgi davrda suv xoʻjaligi sohasida keskin oʻzgarish qilishning birdan-bir yoʻli – raqamlashtirish ekani ayonlashib bormoqda. Shu bois suv xoʻjaligini raqamlashtirish markazi tashkil etilib, suv isteʼmoli va uni hisobini yuritishning yagona axborot tizimi ishga tushiriladi. Bu esa “onlayn” nazorat va “aqlli suv” qurilmasidan olinadigan maʼlumotlarni jamlab, tahlil qilishda qoʻl keladi.

Oʻzbekistonda suvdan oqilona foydalanish borasida yillar davomida olib borilayotgan izchil islohotlar oʻz samarasini bermoqda. Misol uchun, oʻtgan yili 2 million gektarda suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingani natijasida 2 milliard metr kub suv tejalgan.

Qoraqalpogʻistonda joriy etilgan fermerlarga lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlar bilan tekislangan har bir gektar ekin maydoniga sarflangan yonilgʻi-moylash materiallari xarajatlarining 100 foizini qoplash maqsadida, 1 million soʻmdan subsidiya berish tizimi Xorazm viloyatiga ham joriy etiladi.

Paxta va gʻalla maydonlariga oʻrnatilgan suv tejovchi uskunalar uchun bir yillik imtiyozli davr bilan 5-yil muddatga har bir gektarga 25 million soʻmgacha imtiyozli kredit ajratilishi koʻzda tutilgan.

Tomchilatib sugʻorish tizimi oʻrnatilganda har gektar sabzavot, kartoshka, uzum, ozuqabop, moyli, dukkakli ekinlar va dorivor oʻsimliklar uchun gektariga 8 million soʻmdan, mevali ekinlarga 6 million soʻm va poliz ekinlariga 1,3 million soʻm subsidiya beriladi.

Suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etgan fermer xoʻjaliklariga subsidiya ajratiladi va shu ekin yerlari besh yil muddatga yer soligʻidan ozod qilingan va suv hisoblagich oʻrnatilganda suv soligʻidan 30 foiz imtiyoz beriladi.

Kelgusi yilda ham ushbu maqsadlar uchun 700 milliard soʻm subsidiya, 2,5 trillion soʻm kredit ajratiladi. Bu imkoniyatlar fermer va dehqonlarimizni yanada ruhlantiradi, kuchiga kuch, gʻayratiga gʻayrat qoʻshadi.

Suvni har kim oʻzi va kelajak avlod uchun tejashi zarur! Xabaringiz bor, mamlakatimizda qishloq xoʻjaligiga sarflanadigan 91 foizi suv resurslarining beshdan bir qismi yurtimizda, qolgani esa qoʻshni davlatlar hududida shakllanadi. Bu ham bizni hushyorlikka chorlashi kerak!

Shu bois, bahor va kuzdagi sel suvlarini yigʻadigan omborlar tashkil etish va ularda toʻplangan suv zaxiralaridan unumli foydalanish talab etilmoqda. Misol uchun, Qoʻshrabot tumanining “Xonnazor”, “Chorloq”, “Qoʻrgʻon”, “Shovona” va “Qiyqim” mahallalaridan oʻtgan soydan yiliga 36 million kub metr suvni yigʻish imkoniyatidan foydalanib, kichik suv ombori qurilsa, 2,5 ming gektar yerni oʻzlashtirish va intensiv sabzavotchilik uchun aholiga berib, 4 ming nafar fuqaroni ish bilan taʼminlash orqali 600 ta oilani kambagʻallikdan chiqarish mumkin.

Bunday sel suv omborlarini Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Toshkent viloyati va Fargʻonadagi yana 9 ta tumanda barpo qilib, 50 ming gektarda suv taʼminotini yaxshilash imkoniyati mavjud.

Aziz mirishkorlar! Global iqlim oʻzgarishlari, mintaqamizda yogʻingarchilik miqdorining yildan yilga kamayishi suv resurslariga ham taʼsirini koʻrsatmoqda. Qolaversa, soha mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra, 2040-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlarining ayrim hududlarida suv resurslariga boʻlgan ehtiyoj uch barobarga oshishi mumkin.

Suv resurslaridan oqilona foydalanishning yana bir vositasi irrigatsiya tarmoqlarini qurish, rekonstruksiya qilish, taʼmirlash, ishchi holatini saqlash, 18 ming km magistral va 94 ming km ichki kanallarni betonlashtirish orqali suv tejamkorligiga erishishdir.

Mamlakatimizda soʻngi yillarda suv tejovchi texnologiyalarni qoʻllayotganlarning soni yildan yilga ortmoqda. Ayniqsa, yerni lazerli uskunasida tekislash, tomchilatib, yomgʻirlatib, diskret usulida sugʻorish ommalashmoqda.

Tajribali dehqonlar yaxshi biladiki, tomchilatib sugʻorish dalaga emas, oʻsimlikka suv berish degani. Anʼanaviy sugʻorishda oʻgʻit suvga oqib, zovurlarda qamishni koʻpaytirayotgan boʻlsa, tomchilatib sugʻorishda oʻgʻit aynan ekinlarga bir xil yetkazib berilishi hisobiga hosildorlik oshmoqda.

Siz ham ilgʻorlar va tejamkorlar safiga qoʻshiling, “Suv zar – suvchi zargar” degan maqol bejizga aytilmagan. Qishloq xoʻjaligida zargarona mahorat bilan suvdan unumli foydalaning! Tejamkorlikning zamonaviy usullarini qoʻllab, suv behuda sarf boʻlishiga yoʻl qoʻymang, bu borada boshqalarga namuna boʻling!

“Otang mirob boʻlsa ham, arigʻingni chuqur qazgin”, degan naqlga amal qilib, ishni kuz-qish mavsumida oʻz hududingizda quyidagi ishlarni amalga oshirishingiz zarur:

birinchidan, yerni lazerli tekislash ishlarini bajarib, suv tejovchi texnologiyalardan (tomchilash, yomgʻirlash, diskret) keng foydalaning!

ikkinchidan, suv tejamkorligiga erishish maqsadida magistral va ichki kanallarni betonlashda faol ishtirok eting!

uchinchidan, eski nasoslarning oʻrniga yangi, energiya tejamkor nasoslarni oʻrnatishga shoshiling!

toʻrtinchidan, quyosh panellari oʻrnatib, elektr energiya uchun xarajatlarni kamaytirish orqali yuqori iqtisodiy samaradorlikka erishing!

beshinchidan, yerdan samarali foydalanib, yuqori hosildorlikka erishing va daromadingizni oshiring!

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi rayosati aʼzolari

Izohlar 0

Fikr bildirish