Qidirish

12:53 / 2024-11-09 51 0 Jamiyat

Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm va Toshkent shahrida Tojikistondan keltirilgan narkotik moddalar musodara qilindi

Davlat xavfsizlik xizmati va Ichki ishlar vazirligi xodimlari hamkorligida Toshkent shahrining Uchtepa tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1996-yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan shaxsning vaqtinchalik yashash manzilidan 1 kg. 995 gr. “geroin” moddasi, 143 gr. “Mefedron” hamda 3 litr suyuq “Mefedron” sintetik narkotik, qadoqlash vositalari, elektron tarozi va boshqa uskunalar olindi.

world-news

Shuningdek, mazkur shaxs tomonidan mijozlarga sotish maqsadida Toshkent viloyatining Yuqorichirchiq tumani hududidagi xufiya joylarga yashirib ketilgan 6 ta zakladkalardan jami 1 kg. 296 gr. “Mefedron” ham olindi. 

Maʼlum boʻlishicha, ushbu giyohvandlik vositalari qozogʻistonlik va tojikistonlik narkosavdogarlar tomonidan kontrabanda yoʻli bilan mamlakatimizga yetkazib berilgan.

Boshqa holatda esa “Samarqand-Toshkent” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Neksiya” rusumli avtomashina Sirdaryo viloyatining “Sirdaryo” YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan Toshkent viloyatining Zangiota tumanida yashovchi, 1979-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan shaxsga tegishli 1 kg. 641 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, u narkotik moddani Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1979-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan shugʻullanganligi uchun sudlangan fuqarodan 10 ming AQSH dollariga sotib olganligi aniqlanib, u ham qoʻlga olindi.

Sirdaryo viloyatining Boyovut tumanida kuzatilgan holatda, Toshkent viloyatining Bekobod tumanida istiqomat qiluvchi, 1960-y.t. shaxs Tojikistondan keltirilgan 901 gr. “opiy” moddasini 8 ming AQSH dollariga sotayotgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Taʼkidlash lozimki, mazkur shaxs muqaddam giyohvandlik vositalari savdosi bilan bogʻliq jinoyati uchun uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etilib, jazo oʻtagan boʻlsada, oʻz xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarmagan.

DXX Qashqadaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida yashovchi, 1989-y.t. shaxs boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtotransport vositasi Koʻkdala tumanidagi “Umakay” YPX maskanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada, avtomashinaning orqa oʻrindigʻi ostiga Tojikistondan kontrabanda yoʻli bilan olib kelingan 265 gr. “opiy” va 1 kg. “gashish” giyohvandlik vositalari yashirib qoʻyilganligi aniqlandi.

Bu yoʻnalishda DXX Xorazm viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari ham bojxona va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda tezkor tadbirlar oʻtkazib, Tojikistondan olib kelingan giyohvandlik vositalarining viloyat hududida sotilishiga chek qoʻyishdi.

Jumladan, Samarqand viloyatining Urgut tumanida yashovchi, 1964-y.t., muqaddam giyohvandlik vositalari sotganligi uchun 2 marotaba sudlangan shaxs Urganch shahrida ushlanib, uning qoʻl sumkasida boʻlgan 989 gr. “opiy” moddasi tegishli tartibda hujjatlashtirib olindi.

Boshqa holatda esa “Surxondaryo-Xorazm” yoʻnalishida harakatlanayotgan “Kobalt” rusumli avtotransport vositasi Tuproqqalʼa tumanida toʻxtatilib, koʻzdan kechirildi.

Natijada avtomashinada yoʻlovchi sifatida ketayotgan Denov tumanida yashovchi, 1957-y.t. fuqaro hamda uning 1990-y.t. kelinidan 993 gr. “gashish” moddasi olindi.

Hozirda mazkur shaxslarning barchasiga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Izohlar 0

Fikr bildirish