Qidirish

18:00 / 2024-10-25 244 0 Jamiyat

“Ijod ustunroq boʻlishi kerakmi yo tarixiy fakt?” – Madaniy meros haftaligida olimlar va rassomlar tarixiy shaxslar qiyofasi qanday chizilishi boʻyicha bahslashib ketdi

Oʻzbekiston madaniy merosi haftaligi doirasidagi tadbirlarning birida tarixshunos olimlar va rassomlar oʻrtasida qiziq mavzuda munozara roʻy berdi.

world-news

Munozara Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi binosida 14 nafar ulugʻ allomalarimizning mahobatli suratlarini oʻrnatish masalasi muhokama qilinayotgan payt roʻy bergan.

Dastlab, olimlar tomonidan bir qancha masalalar oʻrtaga tashlangan. Ular shu paytgacha ishlatib kelingan koʻplab rasmlarda koʻz ilgʻamas, lekin sezilarli xatolar borligini taʼkidlagan. Bunday xatolarga yoʻl qoʻyilmasligi uchun hamkorlikda ishlash kerakligi qayd etilgan. Oʻz navbatida, rassomlar tarixiy shaxslar qiyofasini yaratishda antropolog olimlar bilan ishlash zarurligini bildirgan.

Ular tarixchilar bilan ishlaganda, koʻplab qiyinchiliklarga duch kelingani, hamma oʻz variantlarini bildirgani bois bir xil qarashlar yoʻqligini qoʻshimcha qilgan. Rassomlar dastlab har bir alloma koʻrinishi borasida aniq toʻxtamlarga kelib olishni aytganida muhokama munozaraga aylanib ketgan. Turkiyalik rassom Mustafa Demirji oʻzbekistonlik tarixiy shaxslarning yuz tuzilishi bir-biriga juda oʻxshash tarzda chizilishi va bu xato ekanini taʼkidlagan.

Oʻzbekiston Fanlar Akademiyasi vitse-prezidenti Bahrom Abduhalilov mavzu murakkabligi va jahon tajribasida ham bu borada aniq kelishuv yoʻqligini aytdi:

“Bugungi masala nihoyatda muhim. Allomalarimiz boʻyicha har xil portretlardan foydalanamiz. Qaysidir tashkilotlarga borsak, Alisher Navoiyning portreti boshqacha, boshqa adibniki boshqacha. Lekin qoʻyilayotgan vazifa nihoyatda murakkab. Man oʻylaymanki olimlarning fikri boshqa rassomlarniki boshqa boʻlishi tabiiy. Bu mavzu boʻyicha dunyo tajribasini olib, bir fikrga kelingan holatni oʻzi yoʻq. Murakkabligi mana shu yerda.

U davrga yaqinroq sharq miniatyuralari, lekin ularga ham toʻliq ishonib boʻlmaydi. Chunki Sharq miniatyura sanʼatida shaxslarni mongoloid koʻrinishida chizish uslubi shakllangan. Oʻrta asr manbalariga tayanadigan boʻlsak, Abu Rayhon Beruniyning boʻyi, shakli boʻyicha turli fikrlar boʻlgan. Lekin tashqi koʻrinish haqidagi maʼlumotlar deyarli yoʻq. Shu masalada toʻliq qoʻllab-quvvatlayman, olimlar va rassomlar hamkorlik qilishi kerak”

Shundan soʻng tarixiy shaxslarning yuz tuzilishi nafaqat hayotiy boʻlishi, balki uning qoldirgan ilmiy merosi, izlanmalari va tarixiy ahamiyatiga munosib ravishda badiiyat ham kasb etishi taʼkidlandi. Agar suratlarga ijodiy yondashilmasa, ularning tomoshabopligi yoʻqolishi mumkinligi aytildi.

Oʻzbekiston Badiiy akademiyasi raisi, Oʻzbekiston xalq rassomi Akmal Nur esa rassomlarga ijod erkinligi zarurligini bildirdi:

“Biz hammaga maʼqul keladigan, ilm fan uchun erishgan yutuqlari, dinimizdagi yutuqlari... hammasini mujassamlashtiradigan ideal obraz yaratishimiz kerak. Shuning uchun faqat hayotga yopishib olmasdan, mukammal obraz kerak. Badiiy yondashish kerak, shu sabab hamkorlikda ishlanganda rassomning oʻziga ham qoʻyib berish kerak. Erkinlik kerak. Rassomning professional darajasi yetarli, bizga beriladigan maʼlumot yetarli emas. Bizdagi asosiy muammo portretning yuzi, ishontira olishimiz kerak, aniq maʼlumot kerak. Bu kabi ilmiy munozaralarni boʻlgani yaxshi. Hali hechkim rassomlar va olimlarni bir joyga yigʻib, bu borada fikr soʻragani yoʻq edi. Endi esa qandaydir yechimlarga kelish imkoni paydo boʻldi”

Rassomlar allomalar suratini ishlashda faqat badiiy obrazdan foydalanilishini maʼlum qildi. Chunki tarixshunoslar ularning asarlaridan kelib chiqib, oʻrganishlar oʻtkazishi mumkin. Ammo rassomlar uchun bunday asarlardan foyda yoʻq. Ularda muallifning qanday koʻrinishda boʻlgani keltirilmagan. Shu bois antropologlar bilan ishlash, qolaversa sunʼiy intellektdan ham foydalanib koʻrish taklifi berildi. Ammo bu oʻrinda ham bir qancha kelishmovchiliklar yuzaga keldi. Bir tomon allomalarning haqiqatga yaqin koʻrinishini yaratish kerak desa, boshqalar ijodiy tomondan yondashish kerakligini qayd etdi.

“Davlat rahbari tashabbuslari bilan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy va madaniy megaplatformaga aylantirilyapti. Shuning uchun ham tarixiy shaxslarning qiyofasini kelishib olish dolzarb masala. Bir narsani tushunishimiz lozim, rassomlar tarixiy shaxslar portretini istagancha chizib ketavermasligi kerak.

Turli manbalarda tarixiy siymolarning yuzi turlicha tasvirlanadi. Aniq bir qiyofa tanlanishi shart. Faqat bu ijodiy tomondan yondashiladimi yoki tarixiy tomondanmi? Aynan shuni hal qilish lozim. Bizga shu kabi ilmiy va falsafiy munozalar kerak. Ijod ustunroq boʻlishi kerakmi yo tarixiy fakt? Balki ikkovini ham mujassamlashtirish mumkindir”, — deya fikr bildirdi uchrashuv yakunida Islom sivilizatsiyasi markazi rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Uchrashuvda ayni paytga qadar markaz uchun 5 ta mahobatli rangtasvir asari mikromozaika uslubida tayyorlanib, markaz binosi foyesi ravoqlariga montaj qilingani maʼlum qilindi. Shuningdek, Zahiriddin Muhammad Bobur, Alisher Navoiy va Kamoliddin Behzodga bagʻishlangan rangtasvir asarlari mikromozaika uslubida tayyorlanmoqda.

Umuman olganda, Madaniy meros haftaligi shu kabi qizgʻin ilmiy va madaniy munozaralar, qiziq yangiliklarga boy oʻtayotgani bilan yodda qolmoqda.

Izohlar 0

Fikr bildirish