Qidirish

21:16 / 2024-09-18 153 0 Jamiyat

Oʻzbekistondagi Islom Sivilizatsiyasi Markazi delegatsiyasi Turkiyada

Oʻzbek va turk xalqlarini azaliy doʻstlik, birodarlik va qardoshlik rishtalari oʻzaro bogʻlab turadi. Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston va Turkiyani koʻp qirrali hamkorligi yildan yilga yanada kengayib, yangi bosqichga koʻtarilyapti. Soʻz isboti sifatida aytish mumkinki, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi Turkiya Respublikasida boʻlib turibdi.

world-news

Tashrifdan maqsad esa xalqaro madaniy hamkorlikni yanada mustahkamlash va tajriba almashish boʻlib, 15-sentyabr kuni madaniyat va muzey muassasalari uchun innovatsion yechimlarni ishlab chiqish boʻyicha ixtisoslashgan “Outdoors Factory” kompaniyasi hamroxligida Istanbuldagi bir qator zamonaviy muzeylarga sayohat tashkil etilgan. Bundan koʻzlangan asosiy maqsad esa muzeylarda zamonaviy texnologiyalarni joriy etishdagi eng yaxshi amaliyotlarni va ularning madaniy merosni saqlashga taʼsirini oʻrganishdan iborat.

Hozirgi zamonaviy texnologiyalar yordamida madaniy meros va qadriyatlarni keng jamoatchilik, jumladan, yosh avlod uchun qiziqarli tarzda targʻib qilishga ham alohida eʼtibor qaratilgan. Bu haqda markat matbuot xizmati xabar bermoqda.

Taʼkidlanishicha, delegatsiya aʼzolari Vizantiya davrining qadimiy yerosti inshootlaridan biri boʻlgan Sherefiye yerosti sardobasi (Şerefiye Sarnıcı) bilan tanishgan. Bu inshoot imperator Feodosiy II (401–450-y.) davrida Konstantinopolda suv saqlash uchun qurilgan.

Hozirgi kunda bu yerda suv taʼminoti tarixi haqida vizual hikoya qiluvchi 3D mepping texnologiyasi asosidagi oʻziga xos obyekt mavjud. Shuningdek, delegatsiya hashamatli Ayya Sofiya ibodatxonasi, Koʻk masjid, Toʻpqopi saroyi, qadimgi Efes shahri va Galikarnas maqbarasi kabi mashhur tarixiy yodgorliklarning kichik modellarini namoyish qiluvchi Ochiq osmon ostidagi miniatyuralar muzeyida ham boʻlishdi. Muzey tashrif buyuruvchilarga bu muhim inshootlarning modellarini bir joyda koʻrish va tarixga qisqacha sayr qilish imkonini taqdim etadi.

“Deneyap Technology Atölesi” interaktiv muzeyi bolalar va yoshlar uchun taʼlim dasturining bir qismi boʻlib, yangi texnologiyalar, dasturlash va sunʼiy intellekt yordamida fan va madaniyatni oʻrganishga imkon beradi.

Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi vakillari muzey ekspozitsiyalarida zamonaviy texnologiyalarni joriy etishning madaniy merosni saqlash va uning yangi shakllarini yaratishdagi ahamiyatini alohida taʼkidlagan.

Muzey rahbarlari va Outdoors Factory rahbari Sinan Turamon bilan oʻtkazilgan muhokamalarda Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida interaktiv dasturlarni rivojlantirish va tashrif buyuruvchilarni kengroq jalb qilish uchun texnologiyalardan foydalanish masalalari koʻrib chiqilgan.

«Hozirgi zamon madaniy merosni saqlash va ommalashtirish uchun yangi yondashuvlarni talab qiladi. Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy vazifasi – boy mazmun bilan toʻldirilgan va zamonaviy texnologiyalar bilan uygʻunlashtirilgan kontentlar yaratishdir. Zamonaviy muzeylar faqatgina artefaktlarni saqlash joylari emas, balki tashrif buyuruvchilar bilan interaktiv muloqot qilish uchun faol maydondir.

Hurmatli Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilayotgan bu madaniy-gumanitar megaloyihaga bu kabi texnologiyalarni joriy qilish islom madaniy merosini yangi avlod va keng ommaga qiziqarli tarzda taqdim etishda yangi yoʻllarni ochadi. Bu yondashuv koʻp asrlik anʼanalarni zamonaviy texnologiyalar orqali saqlash va rivojlantirish yoʻlida muhim qadam boʻladi», – degan markaz rahbari Firdavs Abduxoliqov.

Delegatsiyaning Turkiyaga tashrifi Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Istanbul muzeylari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, madaniyat va innovatsiyalar sohasida tajriba almashish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.

“Delegatsiyaning Istanbulga tashrifi doirasida IRSIKAda media tadbir, shuningdek, qator muzeylarga tashrif, memorandumlar imzolash va Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi konsepsiyasini yangi mazmun bilan boyitishga koʻmaklashadigan kelishuvlarni tuzish rejalashtirilgan”, – dedi markaz rahbari.

Izohlar 0

Fikr bildirish