Qidirish

11:33 / 2024-09-16 430 0 Jamiyat

Mehmonxona qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratiladi

Nizom 2024-yil 1-oktyabrdan 2026-yil 31-dekabrgacha amal qiladi

world-news

O‘zbekiston Respublikasi hukumati qarori bilan «Modulli mehmonxonani qurish va jihozlash uchun subsidiya ajratish tartibi to‘g‘risida»gi vaqtinchalik nizom tasdiqlandi. Bu haqda «Huquqiy axborot» kanali xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, subsidiya 2024 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 1 noyabrgacha muvofiqlik sertifikati berilgan yangi tashkil etilgan hamda kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxona uchun uning toifasidan qat’i nazar ajratiladi.

Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 million so‘mdan belgilanadi. Tadbirkor subsidiya olish uchun ariza taqdim etish vaqtida bir qator talablarga javob berishi lozim.

Xususan, tadbirkorning soliq va yig‘imlar bo‘yicha qarzdorligi bo‘lmasligi, mehmonxona qayta tashkil etish yoki tugatish jarayonida bo‘lmasligi, mehmonxonaning faoliyati qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda vaqtincha to‘xtatilgan bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, sud qarori asosida to‘lovga qobiliyatsiz deb e’lon qilinmagan va modulli mehmonxonaga berilgan muvofiqlik sertifikati hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjat mavjudligi ham tekshiriladi.

Subsidiya olish uchun tadbirkor davlat xizmatlari markaziga yoki YAIDXP (my.gov.uz) orqali Turizm qo‘mitasiga belgilangan shaklda ariza bilan murojaat qiladi. Qo‘mita ariza kelib tushgan kundan 15 ish kunida uning Nizomda belgilangan talablarga muvofiqligini joyiga chiqqan holda o‘rganib chiqadi.

Ma’lum bo‘lishicha, Qo‘mita arizani o‘rganib chiqib, 1 ish kunida subsidiya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi hamda qarorning elektron nusxasini qaror qabul qilingan kundan e’tiboran 1 ish kunida ariza beruvchiga yuborishi ko‘zda tutilgan.

Qayd etish kerakki, Nizom 2024 yil 1 oktyabrdan 2026 yil 31 dekabrgacha amal qiladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish