Qidirish

13:30 / 2024-09-12 314 0 Jamiyat

Markaziy bank O‘zbekistonda asosiy stavkani o‘zgarishsiz, yillik 13,5 foiz darajada qoldirdi

Umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi.

world-news

O‘zbekiston Markaziy banki 12 sentyabr kuni asosiy stavkani yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qildi. 

Qayd etilishicha, iqtisodiyotdagi yuqori talab hamda ayrim turdagi oziq-ovqat tovarlari va energiya resurslari narxida kuzatilgan o‘sish sur’atlari pul-kredit sharoitlari qat’iyligini joriy darajada saqlab qolishni taqozo etmoqda. Yuqori iqtisodiy faollik va aholi daromadlarining barqaror o‘sib borayotgani yalpi talabni oshiruvchi asosiy omillardan bo‘lmoqda.

Inflyatsiyani yil yakunida prognoz ko‘rsatkichlariga qadar va o‘rta muddatli davrda 5 foizlik target darajasigacha pasaytirish maqsadida Markaziy bank boshqaruvi asosiy stavkani 13,5 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Umumiy inflyatsiya so‘nggi 3 oyda sezilarli o‘zgarishsiz saqlanib, avgustda yillik 10,5 foizga teng bo‘ldi. Joriy yilda meva-sabzavotlar narxi pasayishi inflyatsiyaga qariyb 1 foiz bandlik pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatdi. O‘z o‘rnida, yil boshidan pasayuvchi tendensiyaga ega bo‘lgan bazaviy inflyatsiya iyun oyidan so‘ng yillik hisobda pasayishdan to‘xtadi.

Yanvar-iyul oylarida iqtisodiyotda yuqori ishlab chiqarish faolligi kuzatilib, yalpi talab va taklif o‘rtasidagi tafovut qisqarib bormoqda. Xususan, sanoat ishlab chiqarish, qurilish ishlari va xizmatlar sohasida real o‘sish sur’atlari o‘tgan yilning mos davriga nisbatan yuqori shakllandi. Iqtisodiy faollikdagi ijobiy tendensiyalar savdo va pullik xizmatlar, eksport tushumlari va pul o‘tkazmalari hajmining o‘tgan yilning mos davriga nisbatan oshishida ham kuzatildi.

Bank tizimi umumiy likvidligining oshishi hamda asosiy stavkaning iyul oyidagi pasaytirilishi ta’sirida pul bozorida foiz stavkalarining ma’lum darajada pasayishi kuzatildi. Bu, o‘z navbatida, davlat qimmatli qog‘ozlari bozoriga ham ta’sir ko‘rsatib, ular bo‘yicha daromadlilik darajasini pasayishida aks etdi.

Kelgusida ham iqtisodiyotdagi yuqori investitsion va iste’mol faolligi yalpi talabni qo‘llab-quvvatlashda davom etadi. Davlat budjeti xarajatlari va to‘g‘ridan to‘g‘ri investitsiyalarning faollashuvi investitsion talabni ta’minlasa, xorijdan pul o‘tkazmalari hajmining yuqoriligi aholining real daromadlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iste’mol talabi dinamikasida namoyon bo‘lishi kutilmoqda. Shuningdek, sentyabr oktyabr oylarida pensiyalar va budjet tashkilotlarida ish haqilari oshirilishi ham kelgusi choraklarda iste’mol talabini rag‘batlantirishga xizmat qiladi.

Almashuv kursi dinamikasi va oziq-ovqat mahsulotlari narxining barqaror shakllanayotgani aholi va tadbirkorlar inflyatsion kutilmalariga ijobiy ta’sir ko‘rsatib, iyul oyida kutilmalar 11-12 foizgacha pasaygan bo‘lsa, avgust oyida pensiya va davlat sektorida ish haqilarining kutilayotgan oshishi va yoqilg‘i resurslarining qimmatlashishi ta’sirida 12-13 foizni tashkil qildi.

Tashqi savdo balansining yaxshilanishi va pul o‘tkazmalari hajmining sezilarli oshishi ta’sirida joriy operatsiyalar hisobvarag‘i taqchilligining ham qisqarib borishi kutilmoqda. Bu esa, almashuv kursiga ehtimoliy fundamental bosimlarning kamayishiga va joriy barqaror dinamikaning davom etishiga xizmat qiladi.

Inflyatsiyani yil yakuniga qadar belgilangan prognoz darajasigacha pasaytirish asosiy stavkani o‘zgarishsiz saqlab qolishni taqozo etmoqda.

Pul-kredit sharoitlarining joriy nisbatan qat’iy darajasining saqlab qolinishi ta’sirida iqtisodiyotda shakllanadigan yuqori jamg‘arish faolligi va milliy valyutadagi depozitlar jozibadorligi yalpi talabning muvozanatlashuviga va inflyatsiyaning pasayuvchi dinamikasini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

O‘rta muddatli istiqbolda Markaziy bank inflyatsiyaning 5 foizlik targetiga erishishga qaratilgan nisbatan qat’iy pul-kredit sharoitlarini ta’minlashda davom etadi. Bunda, iqtisodiyotdagi talab va taklif mutanosibligi hamda inflyatsion omillarning shakllanishidan kelib chiqib qarorlar qabul qilinadi.

O‘zbekiston Markaziy banki 25 iyul kuni asosiy stavkani yillik 0,5 foiz bandga pasaytirib, yillik 13,5 foiz darajasida belgilash to‘g‘risida qaror qabul qilgandi.

Izohlar 0

Fikr bildirish