Qidirish

09:29 / 2024-09-11 104 0 Jamiyat

O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Vetnamda targ‘ib qilinadi

world-news

Joriy yil 9 sentyabr kuni Toshkent shahrida joylashgan “InterContinental Tashkent” mehmonxonasida Vetnam Respublikasining turizm sektori vakillari ishtirokida biznes-forum bo‘lib o‘tdi. Mazkur forum ikki davlat o‘rtasida sayyohlar almashinuvini ko‘paytirish, O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini Vetnamda targ‘ib qilish va O‘zbekiston-Vetnam turizm sanoati vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini mustahkamlashga bag‘ishlandi. 

Biznes-forum O‘zbekistonning “Prestige Travel” kompaniyasi tashabbusi bilan Turizm qo‘mitasi hamkorligida tashkil etildi. Unda O‘zbekiston va Vetnamning davlat va xususiy sektor vakillari, jumladan, hukumat vakillari, biznes rahbarlari va investorlar, shuningdek, ikki davlatning yetakchi mehmonxona brendlari va turizm kompaniyalari rahbarlari ishtirok etishdi.

Tadbirda joriy yilning 27 oktabr sanasidan boshlab Toshkent va Vetnamning Fukok orollari o‘rtasida “Uzbekistan airways” aviakompaniyasi orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar faoliyati yo‘lga qo‘yilayotganligi ma’lum qilindi.

Muntazam ravishda haftada ikki marotaba amalga oshiriladigan reyslar orqali Vetnamdan mamlakatimizga sayyohlar oqimining oshirilishi, shuningdek, uchinchi davlat fuqarolarining mamalakatimiz orqali Fukok orollariga yetib olishlari uchun qulay imkoniyatlar yaratiladi.

“2023 yilda Vetnam Respublikasidan O‘zbekistonga 2 mingga yaqin turistlar kirib kelgan, joriy yilda esa bu ko‘rsatkich bir necha karra ortishi kutilmoqda. Bunda O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasida turizm sohasida yo‘lga qo‘yilayotgan ikki tomonlama munosabatlarimiz ham alohida o‘rin tutadi. Vetnam davlatida yurtingizning tarixiy maskanlari, boy madaniy merosi va go‘zal tabiati bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qayd etishim lozim. Bu esa ikki tomonlama sayyohlar almashinuvida manfaatlidir”, deb aytib o‘tdi Vetnam rasmiysi Aleksandra Nguyen.

“Vetnamdan O‘zbekistonga kirib keluvchi sayyohlar sonini keskin ko‘paytirish va ularning sifatli sayohatlarini tashkil etish, shuningdek, mamlakatimiz aholisi uchun hamyonbop tur-paketlar ishlab chiqish maqsadida yangi loyihalar ustida ish olib borayapmiz. O‘tgan yili “Prestige Travel” tomonidan 10 ming nafarga yaqin o‘zbekistonliklarning Vetnamga sayohatlari tashkil etilgan edi. Shu qatorida minglab vetnamliklarni turist sifatida mamlakatimizga olib kirdik. Yana bir bor ta’kidlayman: amalga oshirilayotgan ishlar mamlakatlar aholisining sifatli hordiq chiqarishlari uchun muhimdir. Bizning kompaniya bu borada yetarli tajribalar asosida faoliyat ko‘rsatadi. Sababi biz O‘zbekistondan ilk bor Misrga, Chernogoriyaga, Vetnamga hamda qator Yevropa davlatlariga birinchi marta to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar qo‘yib, sayohat uchun yo‘l ochganmiz”, – deb ta’kidladi “Prestige Travel” kompaniyasi asoschisi Oybek Ahmedov.

Forum davomida O‘zbekiston va Vetnam tomonlari vakillari o‘rtasida B2B formatidagi uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi, unda ishtirokchilar turizm sohasining bugungi holatini muhokama qildilar, O‘zbekiston va Vetnam o‘rtasidagi hamkorlikning yangi imkoniyatlarini o‘rgandilar. Forum O‘zbekiston va Vetnam sayyohlik kompaniyalari o‘rtasida bir qator shartnoma va anglashuv memorandumlarini imzolash marosimi bilan yakunlandi.

O‘zbekiston-Vetnam sayyohlik biznes-forumi ikki davlat vakillari o‘rtasidagi ishbilarmonlik aloqalarini rivojlantirishda muhim qadam bo‘ldi. Forum ishtirokchilarga hamkorlik va investitsiyalar uchun yangi imkoniyatlarni o‘rganish uchun platforma taqdim etdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston turizm industriyasining yuksalishi va rivojlanishiga, mamlakatimizning jahon turizm bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.

 

“Mamlakatimiz turizmini rivojlantirishda bizdagi salohiyatni xorijda yanada kengroq targ‘ib qilish, xalqaro aviaqatnovlar sonini ko‘paytirish va noodatiy tarzda xorijiy sayyohlar e’tiborini jalb qilish muhim hisoblanadi. Shu boisdan bugungidek ikki tomonlama ochiq muloqotlar qator yangiliklarga qo‘l urishimiz uchun asosdir. Biz Vetnam davlatida yurtimizning turizm imkoniyatlari bilan yaqindan tanishish maqsadida bo‘lganlar soni ortib borayotganligini qadrlaymiz”, deya fikr bildirdi Oybek Ahmedov.

Bu yil O‘zbekistonga tashrif buyuruvchi xorijlik sayyohlar soni 10 milliondan ortishi kutilmoqda. O‘zbekistonning turistik salohiyatini dunyoga tanitish va sharqiy Osiyo davlatlaridan kirib keluvchi sayyohlar sonini oshirishda mamlakatimizda turizmni jadal rivojlantirish hamda sohaning o‘sish sur’atlari uchun sharoitlar yaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mamlakatimizda 6 mingga yaqin joylashtirish vositalari faoliyat ko‘rsatmoqda, respublika bo‘yicha sayyohlarni qabul qiluvchi o‘rinlar soni 160 mingdan ortdi.

Ushbu tadbirni tashkil etishda tashabbus ko‘rsatgan “Prestige Travel” kompaniyasiga 2018-yilda asos solingan bo‘lib, kompaniya tomonidan shu vaqtga qadar O‘zbekiston uchun yangi yo‘nalishlarda aviareyslar qo‘yilishida muhim tashabbuslar ko‘rsatib kelmoqda.

Jumladan, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan 2018-yili Toshkentdan Misrning Sharm-al-Shayx shahrigaga ilk marta to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar amalga oshirila boshlandi. Shuningdek, 2021 yil may oyida Misrning eng yirik turistik markazlaridan biri Hurgada shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, shu yilning o‘zida Vetnamning Phu Quok oroliga ham yangi yo‘nalish ochildi. Bundan tashqari, 2022 yilning yozida Vetnamdagi kurort shaharlardan biri hisoblanmish Nha Trang shahriga to‘g‘ridan to‘g‘ri reyslar qo‘yildi.

2023 yilda esa, “Prestige Travel” kompaniyasi tomonidan iyunidan boshlab, Chernogoriya va Vetnamning Nyachang shaharlari o‘rtasida doimiy to‘g‘ridan to‘g‘ri aviareyslar qatnovi yo‘lga qo‘yilgan edi.

Izohlar 0

Fikr bildirish