Qidirish

15:39 / 2024-09-04 593 0 Jamiyat

Raqobat qo‘mitasi Akfa universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi

Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi talabalarni bir yil davomida litsenziyasi yo‘q ta’lim yo‘nalishida o‘qitib kelgan Akfa universitetiga nisbatan ish qo‘zg‘atdi.

world-news

Qo‘mitaga ushbu universitetning Commercial Law (Tijorat huquqi) yo‘nalishida bir yil o‘qigan va keyingi yildan ushbu yo‘nalishda o‘qish to‘xtatib qo‘yilgani, to‘langan pullar qaytarib berilmayotgani to‘g‘risida 10 ga yaqin murojaat kelib tushgan.

Mazkur murojaatlar bo‘yicha o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, 2022 yil 10 yanvarda turli OAVda Akfa universitetiga 2022/2023-o‘quv yili uchun qabul boshlangani to‘g‘risida reklama axborotlari joylashtirilgan hamda reklamalarda abituriyentlardan hujjatlarni qabul qilish, shuningdek Tijorat huquqi ta’lim yo‘nalishi uchun ham davom etayotgani bayon qilingan.

Universitetga nodavlat oliy ta’lim xizmatlarini ko‘rsatish uchun berilgan litsenziyada ruxsat etilgan ta’lim yo‘nalishlarida Tijorat huquqi mavjud emasligiga qaramasdan, mazkur yo‘nalishda o‘qitish uchun 2022/2023-o‘quv yilida talabalar o‘qishga qabul qilingan va 4 yillik (8 ta semestr) o‘qish uchun ommaviy oferta shartnomasi tuzilgan.

Talabalar 12,5 million so‘mdan 25 million so‘mgacha kontrakt to‘lovini to‘lagan (qo‘mitaga kelib tushgan 7 ta murojaatlar bo‘yicha qayta hisob-kitob qilinmagan jami mablag‘ miqdori 167 million 500 ming so‘m).

O‘qish ma’lum bir muddat davom etgan. 2023 yil avgust oyida talabalarga Tijorat huquqi yo‘nalishida o‘qitish uchun litsenziya berilmagani sababli keyingi 2023/2024-o‘quv yilini vaqtinchalik gibrid shaklida davom ettirish yoki Xalqaro biznes ta’lim yo‘nalishida o‘qish taklif qilingan. Aksariyat talabalar bu taklifni rad etgan va ayrimlari boshqa ta’lim yo‘nalishida o‘qishga rozi bo‘lgan. Biroq universitet tomonidan bugungi kunga qadar ko‘rsatilmagan xizmat uchun olingan kontrakt pullari fuqarolarga qaytarib berilmagan.

Mazkur holatlar bo‘yicha Central Asian University MCHJ tomonidan “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunning 4-,7-,12-, 19-, 21-moddalari talablari buzilgan.

Qo‘mita qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik, ko‘rsatilmagan xizmat uchun 7 nafar talabaga jami 167 million 500 ming so‘m mablag‘ni qayta hisob-kitob qilish, shuningdek, boshqa fuqarolarning murojaati asosida ular bilan tegishli qayta hisob-kitoblarni amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatma berdi.

Izohlar 0

Fikr bildirish