Qidirish

19:36 / 2024-08-25 264 0 Jamiyat

Yangi oʻquv yilida 5ta oliy taʼlim muassasalari oʻz faoliyatini boshlaydi

Shuningdek, Respublika miqyosida ayni paytda 35 820 oʻrinli 68ta talabalar turar joylarini qurish ishlari olib borilmoqda.

world-news

Oliy taʼlim sohasida sogʻlom raqobat muhitini shakllantirish, oliy taʼlim bilan qamrab olish darajasini oshirish maqsadida amalga oshirilgan ishlar natijasida hozirgi kunda respublikada oliy taʼlim muassasalari soni 211tani tashkil etadi. Ular – 112ta davlat, 30ta xorijiy va 69ta nodavlat oliy taʼlim muassasalari hisoblanadi. Yoshlarning oliy taʼlim bilan qamrovi 43 foizga yetkazildi.

2023/2024 oʻquv yilida respublika oliy taʼlim muassasalarini jami 197 319 nafar, shundan bakalavriatni 192 376 nafar, magistraturani 4943 nafar talaba tamomlagan.

2024/2025 oʻquv yilida respublika davlat oliy taʼlim muassasalarida jami 1 mln 167 ming nafardan ortiq, jumladan, ikkinchi va undan yuqori kursda 652 ming nafar, birinchi kursda 215 ming nafardan ortiq talaba tahsil olishi kutilmoqda.

2024-yilning 1-yarim yilida 39 476 nafar professor-oʻqituvchi, jumladan 17 389 nafar (3 357 nafar fan doktori (DSc), 14 032 nafar fan nomzodi (PhD)) ilmiy darajaga ega professor-oʻqituvchilar faoliyat yuritadi, ilmiy salohiyat 44 foizni tashkil etadi.

2024/2025 oʻquv yilida taʼlim yoʻnalishlari va mutaxassisliklari oʻquv rejalariga muvofiq oliygohlar tomonidan 2024/2025 oʻquv yilida oʻquv mashgʻulotlarini olib boradigan professor-oʻqituvchilar yillik oʻquv yuklamalari hajmi 10 foizga kamaytirgan holda hisoblandi.

2024/2025 oʻquv yilida respublikada 5ta yangi tashkil etilgan quyidagi oliy taʼlim muassasalari oʻz faoliyatini boshlaydi:

– Termiz davlat muhandislik va agrotexnologiyalar universiteti (davlat OTM);

– Toshkent tibbiyot akademiyasi Chirchiq filiali (davlat OTM);

– M. Auezov nomidagi Janubiy Qozogʻiston universitetining Chirchiq shahridagi filiali (xorijiy OTM filiali);

– Toshkent shahrida Amerika texnologiyalar universitetini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida (nodavlat OTT);

– Tashkent Metropolitan university (nodavlat OTT).

TOP-300 oliygohlar taʼlim dasturlari asosida oliy taʼlim yoʻnalishlari 40 foizgacha maqbullashtirildi va buning natijasida 306ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi 183taga, 645ta magistratura mutaxassisliklari 546taga qisqartirldi.

Maqbullashtirilgan 183ta bakalavriat taʼlim yoʻnalishi va 546ta magistratura mutaxassisliklari boʻyicha malaka talablari ishlab chiqilib tasdiqlandi hamda barcha oliygohlarga yetkazib berildi. Talabalarda amaliy kompetensiyalar va koʻnikmalarni kuchaytirish maqsadida kamida 15 haftalik uzluksiz malakaviy amaliyotlar oʻtkazilishi belgilandi.

Respublikadagi 37ta yetakchi oliy taʼlim muassasalarida 203ta ilmiy laboratoriya faoliyat yuritib kelmoqda

Energetika muhandisligi, qurilish muhandisligi, biotexnologiya, pedagogika, matematika, texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish, kimyo kabi taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha 12 nomdagi darsliklar 3 900 nusxada nashrdan chiqarildi.

Shuningdek, oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan koʻzi ojiz va zaif koʻruvchi talabalar uchun pedagogika, psixologiya, tilshunoslik va oʻzbek tili ixtisosliklari boʻyicha jami 15 nomdagi oʻquv adabiyotlar 2 690 nusxada Brayl yozuvida nashrdan chiqarildi.

2024/2025 oʻquv yiliga kasb-hunar maktablariga kasb oʻrganish istagida boʻlgan umumtalim maktablarining 136 376 nafar (14 324 nafar dual) 9-sinf bitiruvchilari hujjatlari qabul qilindi.

2024/2025 oʻquv yiliga kollej va texnikumlarga 106 256 ming qabul parametrlari shakllantirildi. Shuningdek, 2024-yilning 18-avgustdan 27-avgustgacha professional taʼlim muassasalarini tanlov bosqichi boʻlib oʻtmoqda.

Joriy yilning 5-10-avgust kunlari vazirlik markaziy apparati xodimlaridan iborat ishchi guruh 590ta professional taʼlim muassasalarining yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik holatini oʻrganilib, ularga metodik yordam koʻrsatildi.

Bugungi kunda respublika oliy taʼlim muassasalari tasarrufidagi akademik litseylar soni jami 73ta boʻlib, shundan 24ta litsey Toshkent shahrida, 49tasi hududlarda joylashgan.

Joriy yilning 10-iyunidan 10-iyuliga qadar my.edu.uz elektron platformasi orqali 44 462ta ariza qabul qilindi.

2024/2025 oʻquv yili uchun akademik litseylarga 25-26-iyul kunlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan respublikadagi 67ta katta sigʻimli binolarda 2 smenada tashkil etilgan kirish test sinovlari natijasiga koʻra 70ta akademik litseyga 15 456 nafar oʻquvchi qabul qilindi.

Toshkent davlat yuridik universiteti qoshidagi 3ta akademik litseyga 2024/2025 oʻquv yili uchun qabul parametrlari 468ta etib belgilandi. Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan oʻtkazilgan kirish test sinovlari natijalariga koʻra 3 ta akademik litseyga 468 nafar oʻquvchilar qabul qilindi.

Taʼlim bosqichlari uzluksizligini taʼminlash maqsadida oliy taʼlim muassasalarining turdosh taʼlim yoʻnalishlarida takroran oʻqitiladigan fanlar akademik litseylar oʻquv dasturidagi tegishli fanlar bilan unifikatsiya qilindi.

Respublika oliy taʼlim muassasalari tasarrufidagi 73ta akademik litseylarda barcha fanlardan oʻqituvchilar tarkibi shakllantirilgan.

2024/2025 oʻquv yili uchun akademik litseylarda dars soatlar fondi va yillik yuklamalar hisoblab chiqildi.

Akademik litseylar oʻquvchilari oʻquv rejadagi barcha umumtaʼlim fanlari boʻyicha Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining hududiy boshqarmalari orqali 10-11-sinflar uchun yaratilgan darsliklar bilan bepul taʼminlanish yoʻlga qoʻyilgan.

Taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha chuqurlashtirilgan 18ta fanlardan 38 nomda zamonaviy darsliklar yaratilgan.

2024/2025 oʻquv yili uchun bakalavriat taʼlim yoʻnalishlaridan kelib chiqib, toʻlov-kontrakt miqdorlari 7 400,0 ming soʻmdan – 11 250,0 ming soʻmgacha boʻlgan oraliqda belgilangan.

Natijada, amaldagi kontrakt toʻlovlari bitta talabani bir yillik oʻqitish xarajatlarining oʻrta hisobda 65,5 foizini qoplamoqda.

Yetishmagan mablagʻlar oliy taʼlim muassasalarining tabaqalashtirilgan toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishdan tushgan mablagʻlar hisobidan qoplanishi kutilmoqda.

Texnika, madaniyat va sanʼat hamda qishloq xoʻjaligi yoʻnalishidagi aksariyat oliy taʼlim muassasalarida toʻlov-kontrakt asosida oʻqitish uchun yetishmayotgan mablagʻlarning bir qismi Davlat byudjeti hisobidan qoplab berilmoqda.

Bugungi kunda, respublikadagi 113ta davlat oliy taʼlim muassasalarida jami 1 283ta bino va inshootlar mavjud boʻlib, jumladan, 405,3 ming oʻrinli 564ta oʻquv binolari boʻlib, ularning navbatlilik koeffitsiyenti oʻrtacha 1,7 koʻrsatkichni tashkil etadi.

2024/2025 oʻquv yili boshlanishiga oliy taʼlim muassasalarining 70dan ortiq obyektlar mukammal va joriy taʼmirlash ishlari yakunlandi. Shu bilan birga, yangi oʻquv yili boshlangunga qadar 3 200 oʻrinli 3ta yangi oʻquv binolari va 3 000 oʻrinli 4ta talabalar turar joylari foydalanishga topshirildi.

2023-yilda 18 016 oʻrinli 40ta, jumladan, oliy taʼlim muassasasi mablagʻlari hisobidan 6 641 oʻrinli 16ta hamda davlat-xususiy sheriklik asosida 11 375 oʻrinli 24ta talabalar turar joylari yaratildi.

Shunday qilib, bugungi kunda 112ta oliygohda jami 338ta talabalar turar joylari mavjud boʻlib, ularning sigʻimi 127 792 oʻrinni tashkil etmoqda. Bu yotoqxonaga ehtiyoji bor talabalarning 54 foizini qamrash imkonini beradi.

Bugungi kunda Respublika miqyosida 46 252 oʻrinli 86ta talabalar turar joylarini barpo etish boʻyicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Ulardan 31 882 oʻrinli 59ta davlat-xususiy sheriklik asosida, 14 370 oʻrinli 27tasi oliygohlarning toʻliq oʻz mablagʻlari doirasida barpo etilmoqda. Ayni paytda 35 820 oʻrinli 68ta talabalar turar joylarini qurish ishlari olib borilmoqda.

Joriy yil yakuniga qadar Davlat dasturida belgilangan talabalar turar joylari qurib foydalanishga topshiriladi.

Izohlar 0

Fikr bildirish